“Uzbekistan Airways”ga yangi rais tayinlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi qaroriga koʻra, joriy yilning 10 mart kuni “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi etib Xudaykulov Shuxrat Shavkatovich tayinlandi.
Shuxrat Xudaykulov 1984 yil 26 iyul kuni Urganch shahrida tavallud topgan. Sankt-Peterburg davlat fuqaro aviatsiyasi universitetining “Aviatsiya tashuvlarini tashkil etish” mutaxassisligini tamomlagan. Shuxrat Xudaykulov 2006 yil “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK jamoasiga kelib qoʻshilgan va oʻz faoliyatini “Toshkent” xalqaro aeroportining aviatashuvlarini tashkil etish agenti sifatida boshlagan. 2006-2019 yillar oraligʻida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKda turli lavozimlarda, jumladan, aviakompaniyaning xorijdagi vakolatxonalari, milliy aviakompaniyaning sotuvlar departamenti direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2019 yildan “Uzbekistan Airways” AJda tijorat va turizm boʻyicha Boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.