Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari elchi lavozimiga tayinlandi
Fozilov 1996 yildan buyon TIV tizimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Gʻayrat Fozilov Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda "Dunyo" agentligi xabar berdi.
Gʻayrat Fozilov 2015–2017 va 2021–2023 yillarda Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. TIV qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan.
Fozilov 1996 yildan buyon TIV tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Diplomatik xizmatini Yevropa davlatlari bilan hamkorlik boʻyicha boshqarma attashesi sifatida boshlagan. TIV markaziy apparatida, Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida, shuningdek, mamlakatimizning Fransiya, va Belgiyadagi elchixonalarida, NATO huzuridagi missiyada turli lavozimlarda ishlagan. 2018-2021 yillarda Yaponiyadagi elchi vazifasida faoliyat yuritgan.
Diplomat fransuz va ingliz tillarini biladi.
Gʻayrat Fozilov 2017–2023 yillarda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgdagi elchi, Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) vakolatxonalari rahbari lavozimlarida ishlagan Dilyor Hakimov oʻrniga tayinlandi.