Sirdaryo hokimi prokuratura va radarlar uchun pul ajratdi
Jumladan, viloyat prokuraturasi qoʻshimcha mebel va konditsionerlar bilan taʼminlanadi.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev prokuratura binosi va radarlar uchun mablagʻ ajratish boʻyicha uch farmoyishni imzoladi.
Jumladan, Guliston shahrida xavfsiz muhitni yaratish, jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida SOS tezkor chaqiruv qurilmalarini oʻrnatish xarajatlariga 190 million soʻm ajratiladi. Mablagʻ viloyat mahalliy byudjetining III choragida orttirilgan pullardan beriladi.
Yana bir farmoyish bilan viloyat prokuraturasini qoʻshimcha mebel va konditsionerlar bilan taʼminlashga pul beriladi. Mablagʻ miqdori 110 mln. soʻmni tashkil etadi.
Uchinchi farmoyish yoʻllarda qoidalar buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarni xarid qilish uchun 1 milliard soʻm ajratishni nazarda tutadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Sirdaryoda Sardoba suvombori sabab pul ajratilgandi.