Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlangani rasman maʼlum qilindi
Uning uyidan noqonuniy holda saqlab kelingan 10 dan ortiq turdagi qurollar topilgan.

"Salimboy" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlangani rasman maʼlum qilindi. Bu haqda poytaxt IIBB maʼlumot berdi.
"Poytaxtimiz hududida jinoyatlarni oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida IIV, Toshkent shahar IIBB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan kriminogen vaziyatni yaxshilash boʻyicha tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazilayotganligi haqida xabar bergan edik.
Mazkur tadbirlar jarayonida Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida oʻtkazilayotgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoiy faoliyat olib borgan bir nechta shaxslar gumonlanib ushlandi. Shular jumlasidan,1950 y.t. Abduvaliyev Salim Kirgizbayevich (248-modda 1-qismi, oʻqotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan" deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Platina.uz manbalari xabariga koʻra, S.Abduvaliyevning uyidan noqonuniy holda saqlab kelingan 10 dan ortiq turdagi qurollar topilgan.
Salim Abduvaliyev Oʻzbekistonning boylaridan biri boʻlish bilan birga maʼlum vaqt turli lavozimlarda ham ishlagan. Masalan, Milliy olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti boʻlgan.