Mirzo Ulugʻbek tumanining "ogʻir" hududida qator ishlar amalga oshirildi
Qish mavsumida aholiga elektroenergiya va gaz taʼminotini barqaror yetkazish uchun 11 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi.

Prezident topshirigʻiga asosan joylarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli amaliy ishlarga kirishilgan.
Jumladan, ikki yarim oy avval Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda Toshkent shahrining 5 ta tumanida ijtimoiy holati “ogʻir” mahallalar tanlab olinib, obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgandi.
Natija oʻlaroq Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shunday mahallardan biri Toshkent viloyatining Qibray tumanidan poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumaniga qoʻshilgan “Ijodkor” mahallasida qurilish-taʼmirlash ishlari oʻz yakuniga yetkazildi.
Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan boshlandi. Unda Milliy Gvardiya Qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmali va harbiy chiqishlar, harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari namoyish etildi.
Shu kuni “Ijodkor” mahallasida qator yangi inshootlar ishga tushirildi. Qariyalar uchun dam olish maskani, bolalar va kattalar uchun vork-autlar, sport va futbol maydonchalari shular jumlasidan.
Umuman olganda, oʻtgan ikki yarim oy mobaynida mahalla infratuzilmasini yaxshilash va aholiga munosib turmush tarzini yaratish maqsadida hududda ichki yoʻllarning 3 km asfalt qilindi, 5 km shagʻalllashtirildi. Shuningdek, 4,3 km yoʻlga beton yotqizilib, piyodalar yoʻlagi barpo etildi.
Qish mavsumida aholiga elektroenergiya va gaz taʼminotini barqaror yetkazish uchun 11 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, 2 ta yangi transformator oʻrnatilib, 1 tasi taʼmirlandi, 43 ta simyogʻochlar temir beton ustunlarga almashtirildi va 30 ta koʻcha yoritish moslamalari oʻrnatildi. Bundan tashqari, 2 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlanib, 1 tasi yangi oʻrnatildi, 1 km uzunlikda yangi tabiiy gaz tarmogʻi tortildi, 4 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi.
Bir necha oy avval mahalla aholisi yomgʻirli va qorli kunlarni eslashsa, koʻngliga gʻulgʻula tushar edi. Nimaga deganda, uylarining tom qismi taʼmir talab ahvolga kelib qolgan edi. Endi esa bu muammolar ham ortda qoldi. 11 ta koʻp qavatli uylarning tom qismi kapital taʼmirlandi, 14 tasining fasad qismi, 13 tasining kirish yoʻlaklari va 31 ta podʼezd oynalari yangilariga almashtirildi.
Mahallada 24 ta uy-joyi taʼmirga muhtoj, oʻta ogʻir turmush sharoitida yashayotgan fuqarolarning turar joylari rekontrutsiya qilindi, kapital taʼmirlab berildi. 12 ta xonadonga esa kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga bayram tadbirlari davomida “Yashil makon” loyihasi doriasida mehmonlar va mahalla aholisi tomonidan uylarning yon-atrofiga mevali va manzarali koʻchatlar ham ekildi.
Ana shunday tadbirlar respublikaning barcha hududlarida davom etmoqda.