Iqlim oʻzgarishi bir yilda 250 mingdan oshiq kishini halok qiladi
Uch milliarddan ortiq odam allaqachon iqlim oʻzgarishi kuchli taʼsir qiladigan hududlarda yashaydi.

Iqlim oʻzgarishi sogʻliq uchun mavjud tahdidlarni kuchaytirmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, yaqin oʻn yilliklarda iqlim oʻzgarishi tufayli har yili 250 ming kishi halok boʻladi.
JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus COP 28 tadbirida yigʻilgan delegatlarga atrof-muhit salomatligi, dengiz sathining koʻtarilishi va muzliklarning erishi kabi salbiy omillar inson salomatligiga bevosita taʼsir qilayotganini taʼkidladi.
Birinchi marta BMTning Iqlim boʻyicha konferensiyasida bir nechta asosiy mavzularga, jumladan, iqlim oʻzgarishi va sogʻliqni saqlash boʻyicha hukumat va xususiy sektor hamkorligiga qaratildi.
"Iqlim inqirozi salomatlik inqirozi boʻlsa ham, avvalgi 27 konferensiyada sogʻliqni saqlash masalalari muhokama qilinmagan", deydi Tedros Gebreyesus. U sammitda yetakchilar tomonidan maʼqullangan, insonlarni iqlim oʻzgarishidan himoyalashni nazarda tutuvchi yangi deklaratsiyani olqishladi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, uch milliarddan ortiq odam allaqachon iqlim oʻzgarishi yuqori darajada taʼsir qiladigan hududlarda yashaydi. 2030 va 2050 yillar oraligʻida iqlim oʻzgarishi har yili toʻyib ovqatlanmaslik, bezgak, diareya va issiq urishidan oʻn minglab qoʻshimcha oʻlimga sabab boʻlishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, toza ichimlik suvi tanqisligi 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklardan oʻlim holatlarining asosiy sabablaridan biriga aylangan.
Havo ifloslanishi tufayli kelib chiqadigan xastaliklar har yili 7 million nafar kishini hayotdan erta olib ketmoqda.
JSST rahbari sogʻliqni saqlash uchun koʻproq mablagʻ ajratishga chaqirdi va bu sohada mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik muhimligini taʼkidladi.