platina.uz

Toshkent viloyatining chekka hududi — “Suvti” mahallasida nimalar boʻldi?

Viloyatning 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy holati “ogʻir” mahallalar tanlab olingan.

Jamiyat
4-dekabr 2023 yil
Toshkent viloyatining chekka hududi — “Suvti” mahallasida nimalar boʻldi?

Prezidentning tegishli topshirigʻiga binoan joylarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etishga kirishilgan edi. Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda Toshkent viloyatining 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy holati “ogʻir” mahallalar tanlab olindi.

Belgilangan vazifalar ijrosi uchun respublika byudjetidan 4 milliard soʻm shuningdek, mahalliy byudjet hamda homiy tashkilotlar hisobidan ham yetarli darajada mablagʻ ajratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida Toshkent viloyati Piskent tumanining eng chekka hududi – “Suvti” mahallasida qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun” yugurish marafoni bilan boshlandi. Mahallaning kirish qismidan start olgan marafonda 300 nafardan ziyod yoshlar hamda mahalla ahliga harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari hamrohlik qildi.

Shu kuni mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Idora oldiga soyabon oʻrnatildi, boʻsh yer maydoniga koʻchatlar qadaldi, daraxtlar ostiga toʻqsonbosti ekinlari ekildi, hudud obodonlashtirildi. Loyiha qiymati 500 million soʻmdan ortiqni tashkil qiluvchi inshootda xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu –ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, idoralararo maʼlumot almashish osonlashtiradi.

Tadbir ishtirokchilarining keyingi manzili yangidan barpo qilingan “Suvti” qishloq vrachlik punkti boʻldi. Uzunligi 12 metr, eni 6 metrni tashkil qiluvchi inshoot yengil konstruksiyadan qurilgan boʻlib, unda aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, kasalliklar profilaktikasi va davolash – birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Eʼtiborli jihati shundaki, binoning bir qismida moʻʼjazgina kutubxona tashkil qilingan va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirilgan. Yoshlarning sevimli hududiga aylangan ziyo maskanida kitobxon oʻquvchilar mehmonlarga sheʼrlar oʻqidi, oʻzlarining iqtidorlarini namoyish qildi.

Bayram tadbiri “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallaning boʻsh yer maydoniga koʻchat ekish bilan davom etdi.

Qayd etish lozimki, mahallada “Obod xonadon” mezoni ostidagi tadbirlar doirasida ishchi guruhi 522 ta xonadonning har biriga kirib xatlovdan oʻtkazdi, oila xoʻjaliklarining turmush tarzi oʻrganildi. Ana shu hujjat asosida ehtiyojmand oilalarning uy-joylari taʼmirlandi, moddiy yordam koʻrsatildi. Barcha xonadonlarning sanitar-gigiyena holatini yaxshilash, tomorqalardan samarali foydalanish, uy-joy tutish, oila aʼzolarining yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.

Vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillaridan iborat mehmonlar obod xonadonlardagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, tandirda yopilgan non va koʻk chuchvaradan tanovul qildi, qishloq ahli bilan muloqot oʻtkazildi.

Olib borilgan targʻibot ishlari natijasida mahalladagi 250 dan ziyod oilalarning tomorqasiga toʻqsonbosti ekinlari joylashtirildi, tomorqa madaniyati yuksaltirildi, hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida issiqxona qurish uchun imtiyozli kreditlar berildi.

Mahallada “Obod koʻcha”mezonlarini joriy qilish boʻyicha oʻydim-chuqur yoʻllar taʼmirlandi, ichki koʻchalar tekislandi, tutash maydonlar, boʻsh yerlar, xonadonlar oldiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 10 ming tupdan ziyod koʻchatlar ekildi. Jami 5 ta ichki koʻchaning qariyb 2 kilometri shagʻallashtirildi, 220 metri beton qilindi, 3,3 kilometr piyodalar yoʻlagi qurildi. Shuningdek, elektr taʼminoti sifatini yaxshilash maqsadida 4 kilometr havo liniyasi yangilandi, 74 ta tungi yoritish moslamasi qoʻyildi. 368 ta eski simyogʻochlar temir beton ustunlariga almashtirildi. Bundan tashqari qariyib 10 kilometr gaz tarmogʻi tartibga keltrildi, boʻyaldi, 700 metr ichimlik suvi quvuri tortilib suv inshooti oʻrnatildi. Tinchlik va Mustaqillik koʻchalaridagi 2 ta koʻprik yangidan bunyod etildi.

Mahallada ishsizlikni qisqartirish maqsadida 44 nafar aholining bandligini taʼminlandi, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 220 million soʻm imtiyozli kredit berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+