Oltin narxi rekord miqdorda qimmatladi
Oʻzbekiston oʻn oyda chetga 6,87 milliard dollarlik oltin sotgan.

Jahon boʻylab oltin narxi bir unsiya uchun 2100 dollardan oshib, rekord oʻrnatdi.
AFP agentligi malumotlariga koʻra, savdolar ochilishida qimmatbaho metallning narxi 2135,39 dollarga yetgan va 2020 yilda oʻrnatilgan avvalgi rekorddan oshib ketgan.
Oltin narxining keskin oshishi Isroil va HAMAS harakati oʻrtasidagi urush fonida kuzatildi. Savdogarlar orasida oltin quymalariga qiziqish kuchaygan. AFP oltinni inflyatsiyaning sekinlashishini yana bir omil sifatida tilga oladi, bu esa Federal rezerv stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi taxminlarga sabab boʻlmoqda.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston Markaziy banki 4 dekabr, dushanba kunidan boshlab oltin narxini belgiladi.
Ayni paytda 5 grammli oltin quymasi 4 million 240 ming soʻmdan sotilmoqda. Bu qimmatli metalning bir grammi 847 920 soʻm yoki oʻtgan juma kungidan 1,2 foizga qimmatroq deganidir.
Oʻzbekiston jahonda yetakchi oltin eksport qiluvchi davlatlardan biri sanaladi. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilning yanvar-oktabr oylarida Oʻzbekiston xorijga 6,87 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Bu koʻrsatkich, 2022 yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravarga koʻpaygan.