platina.uz
Siyosat

Yil odami – Shavkat Mirziyoyev!

Platina.uz talqinida yil odami maqomiga Shavkat Mirziyoyev loyiq koʻrildi. Quyida buning sabablariga toʻxtalamiz.

Yil odami – Shavkat Mirziyoyev!

Platina.uz talqini boʻyicha 2023 yil odam sifatida prezident Shavkat Mirziyoyev loyiq koʻrildi. Buning bir necha sabablari bor. Quyida ularga toʻxtalib oʻtamiz.

3 marta afv

Shavkat Mirziyoyev shu yilning oʻzida uchta afv eʼlon qildi. Birinchisi Ramazon hayiti (541 nafar mahbus), ikkinchisi Mustaqillik bayrami (286 nafar mahbus) va uchinchisi Konstitutsiya kuni (334 nafar mahbus) munosabati bilan chiqarildi. Masalan, 2022 yilda 2 marta afv eʼlon qilingan.

Referendum va saylov

2023 yilda ikkita muhim siyosiy voqea yuz berdi. Biri referendum, ikkinchisi prezident saylovi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Konstitutsiya tubdan oʻzgartirildi, zamonga moslashtirildi, inson qadri birlamchi maqsadga aylantirildi.

Shuningdek, oʻz kelajagiga ishongan xalq navbatdan tashqari prezident saylovida Shavkat Mirziyoyevga katta farq bilan ovoz berdi. Prezident lavozimiga kirishar ekan, birinchi navbatda inson qadrini ulugʻlash, ekologiyani yaxshilash kabi gʻoyalarni ilgari surdi.

Yangi Toshkent

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahridan chetroqda Yangi Toshkent bunyod etiladi. Vaʼda qilishlaricha, bu poytaxt ekologik toza, yashil hududga aylanadi.

Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hisobidan poytaxt hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida Yangi Toshkent quriladi.

Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan taʼminlanadi. Birinchi bosqichda 60 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bogʻchasi, koʻp tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi. Davlat idoralari, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.

Loyihani amalga oshirishda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari asosida “aqlli” texnologiyalar qoʻllaniladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uygʻunlikda harakatlanadi. “Yashil va xavfsiz shahar” tamoyili asosida piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi.

Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yerosti turargohlari quriladi. Mashina qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunellar hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta koʻprik bunyod etiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan oʻtkaziladi.

Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generatsiya” stansiyasi quriladi. Yaʼni bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitilib, yozda esa sovitiladi.

Yangi Toshkent loyihasida suv tejovchi texnologiyalar hisobiga suv sarfi 2 baravar kamayadi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sugʻorish va texnik maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi.

Yangi shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, taʼlim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Energetika

Prezident tashabbusi bilan bu yil energetikaga katta va alohida eʼtibor qaratildi. Bir qator xorijiy davlatlar bilan issiqlik, shamol, gidro elektr stansiyalar qurish boʻyicha investitsiya loyihalari boshlangan.

Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt boʻlgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasini yakunladi. Shuningdek, Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, Xitoyning China Gezhouba Group kompaniyasi Buxoro va Qashqadaryoda umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishini tugatdi.

Jami qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar toʻliq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo boʻladi.

Xorijiy safarlar

Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda 18 ta davlatga tashrif bilan bordi. Jumladan, Qirgʻiziston, Rossiya, Ozarbayjonga 3 marta safar qilgan.

  • Yanvar - Qirgʻiziston, Singapur;
  • Fevral - Misr;
  • Mart - Ozarbayjon, Turkiya;
  • May - Germaniya, Rossiya, Xitoy;
  • Iyun - Qirgʻiziston, Turkiya, Italiya, Eron;
  • Iyul - Saudiya Arabistoni;
  • Avgust - Turkmaniston, Vengriya, Ozarbayjon;
  • Sentabr - Tojikiston, AQSh, Germaniya;
  • Oktabr - Qatar, Rossiya, Qirgʻiziston, Xitoy;
  • Noyabr - Qozogʻiston, Ozarbayjon, BAA;
  • Dekabr - Rossiya.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid