Tadbirkordan 100 ming dollar talab qilgan mansabdor qoʻlga olindi
Prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoroda 100 ming dollar pora olmoqchi boʻlgan mansabdor qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 28 dekabr kuni Buxoro viloyati prokuraturasi, Departament, IIB va DXX viloyat boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Oʻzenergoinspeksiya” Buxoro viloyati boshqarmasi mansabdor shaxsi S.A. “I.G.A.S. ” MChJga qarashli AYoQShda oʻtkazilgan tekshirish yakuni boʻyicha mazkur shoxobcha faoliyatini tiklab berish, “B.A.Y.Q.” MChJga qarashli AYoQShga faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish, 2024 yilda nazorat organlari tomonidan tekshirish eʼlon qilinganda, unga oldindan xabar berish evaziga 100 000 AQSh dollari pora talab qilgan.
Soʻngra u Buxoro shahar tugʻruq kompleksi yonida kimyoviy ishlov berilgan 50 000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat boʻyicha S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, protsessual tartibida ushlangan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi boʻyicha Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, biroz avval Samarqand viloyatida oʻtkazilgan tadbirlarda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan bir necha mansabdor qoʻlga olingandi. Ular ichida kommunal va bank sohasi vakillari ham bor.