Toshkentdagi surat 21 mln. soʻmga sotildi
Platina.uz muxbiri koʻrgazmadan fotoreportaj tayyorladi.

Bugun, 27 dekabr Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Sen kuchlisan” shiori ostida onkogemotologik va onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolajonlar tomonidan chizilgan suratlar namoyishi va hayriya marafoni oʻtkazildi. Unda suratlardan biri naq 21 million soʻmga sotildi.
Platina.uz muxbiri koʻrgazmada qatnashib, fotoreportaj tayyorladi.
“Sen kuchlisan” loyihasi kasallik bilan kurashayotgan bolalarga va ularning ota- onalariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻmak berish, shuningdek, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish orqali hayotga boʻlgan umidni ortirish maqsad qilib tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Bu safargi koʻrgazma beshinchisi boʻlib, avvalgilaridek bolajonlarning moʻyqalamiga mansub suratlarni ommaga taqdim etish va sotishdan tushgan pullarni bolalarga berish maqsad qilingan.
Tadbirda robotlar shousi va bolalar uchun konsert dasturi ham boʻlib oʻtdi. Tadbirning eng asosiy qismi boʻlgan kimoshdi savdosida tashkilotchilar suratlarga avvalgi kimoshdilardan koʻra koʻproq narxlar qayd qilinganini aytib oʻtdi.
Suratlar 200 ming soʻmdan boshlanib oʻrtacha 100-200$ tashkil etgan boʻlsa, eng asosiy surat “12 panja surati” 21 mln soʻmga belgilandi. Asosiy lot boʻlgan “Umid” nomli surat uchun 1 mln soʻmdan boshlangan kimoshdi savdosi 21 mln soʻmda toʻxtatildi va zaldagi Bobur Rahimov ismli yigit gʻolib deb eʼlon qilindi. Yana bir sirli xaridor ham hammani hayratda qoldirdi – u ham 21 mln soʻm xayriya qilishini bildirdi.