Istanbuldagi Galata minorasida tiklash ishlari olib borilmoqda
Taʼmirlashga qaramasdan minoraning 7 qavati tashrif buyuruvchilar uchun ochiq.

Dunyoning eng qadimiy minoralari qatorida sanalgan va Istanbulning ramzlaridan biri boʻlgan Galata minorasining konus qismida qayta tiklash ishlari olib borilmoqda.
2013 yilda YuNESKOning Jahon merosi vaqtinchalik roʻyxatiga kiritilgan va Istanbul siluetining muhim tuzilmalaridan biri boʻlgan minora ustida olib borilayotgan taʼmir ishlarining 2024 yil aprel oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Galata minorasi muzeyi direktori Murat Bozju, 8-terassa qavatining noyabr oyi boshida taʼmirlash ishlari sababli ziyoratchilar uchun yopilganini maʼlum qildi.
“Soʻnggi oyda minoraga kunlik 1800 kishi tashrif buyurdi”
Galata minorasining sodir boʻlishi mumkin boʻlgan Istanbul zilzilasiga chidamliligiga oid barcha tahlil ishlarining eng yaxshi sharoitlarda amalga oshirilganiga eʼtibor qaratgan Bozju quyidagi maʼlumotlarni berdi:
“Ushbu tahlil va sinovlarning dastlabki natijalari asta-sekin qoʻlimizga kela boshladi. 1960 yillarda Galata minorasida temir-beton tirgovich qurilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bu temir-beton armatura hali ham juda yaxshi holatda. Bu juda quvonarli yangilik. Bunga qoʻshimcha ravishda, ehtiyotkorlik sifatida, bu armatura eng samarali materiallar va texnikalar bilan mustahkamlanadi. Shunday qilib, minorada zilzilalarga qarshi zarur mustahkamlash ishlari oʻz nihoyasiga yetadi.
Konusdagi qayta taʼmirlash ishlariga qaramasdan minoraning 8-qavatidan tashqari qolgan 7 qavati tashrif buyuruvchilar uchun ochiq ekanligini taʼkidlagan Bozju, fuqarolarning Muzey kartasi bilan hech qanday toʻlovlarsiz minorani ziyorat qilishlari mumkinligini qoʻshimcha qildi.