platina.uz
Jamiyat

Togʻlar orasidagi ogʻir hududda nimalar oʻzgardi? Surxondaryoga safar

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yoʻl tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin boʻlgan 36 kilometr oʻnqir-choʻnqir togʻ yoʻli tekislanib, shagʻal yotqizilgan.

Togʻlar orasidagi ogʻir hududda nimalar oʻzgardi? Surxondaryoga safar

Konstitutsiya qilinganining 31 yilligi nishonlanayotgan kun. Prezidentning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmuratov va viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Komil Abduvohidov bilan Boysunga yoʻl oldik. Togʻlar qoʻynidagi Duoba mahallasiga borish va “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari asosida tubdan yangilangan hudud aholisining quvonchiga sherik boʻlishga shoshayapmiz.

Baland choʻqqilarga tutashib ketgan bu qishloqlarda avval ham boʻlganman. Soʻnggi marta borganimizda “Shkoda” yengil mashinasida Boysungacha uch soat, tuman markazidan manzilga yetib olish uchun yana toʻrt soatdan ortiq yoʻl yurganmiz. Chunki, goh tepaga oʻrlab, goh nishabga harakatlanadigan togʻ yoʻllari oʻydim-chuqur. Faqat yuk avtomashinalari va “UAZ”, “Niva” singari yoʻl tanlamaslar harakatlanadigan qaltis yoʻl. Daryo va soylardagi omonatgina koʻpriklardan yurak hovuchlab oʻtganimizni yaxshi eslayman.

Yoʻl-yoʻlakay Abdulhakim Eshmurodov oʻtayotgan yilda “Obod xonadon–obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar haqida gurung beradi. Oltinsoy tumanidagi Obshir, Shoʻrchidagi Xoʻshchekka, Uzun tumanidagi Yangi yoʻl mahallalarining qiyofasi tubdan oʻzgarib, odamlarning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgani, Duobada bajarilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari, Muzrabot tumanidagi Bogʻi eram mahallasida bu ishlar davom etayotganini maroq bilan soʻzlaydi.

–Bu hududlarning har birini yangi koʻrinishga keltirish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq,- deydi Abdulhakim Eshmuradov.- Katta mablagʻ va hasharchilarning betinim mehnati evaziga shuncha ish boʻldi. Har bir mahallada yangi binolar qurish, yoʻllarni kengaytirib, tekislash va obodonlashtirish uchun ikki-uch oy tinimsiz mehnat qilindi.

Duoba tarafga tobora yaqinlashar ekanmiz, fikrimni bexosdan xayolimga kelgan yana bir masala chalgʻitib qoʻyadi. Prezidentimiz topshiriqlaridan soʻng ogʻir hudud sifatida tanlangan togʻli bu mahallada qisqa vaqtda shuncha koʻp yangilanish yuz bergan boʻlsa, uni qisqagina xabar bilan xalqqa qanday yetkazish mumkin? Axir, jamiyatimiz tubdan oʻzgarayotgan hozirgi paytda axborotga ehtiyoj ham oʻzgarib bormoqda. Yangilikni oʻquvchilarga faqat xolis emas, balki tezkor, qisqa yetkazish anʼanaga aylanmoqda. Koʻpincha katta-kichik rahbarlar yoki boshqa suhbatdoshlarim menga odamlar katta maqolalarni oʻqimay qoʻydi, shov-shuvli qisqa xabarlarga qiziqib qoldi, degan fikrlarni aytadi.

Yengil mashinamiz Padang kengliklaridan oʻtib, baland Boysun togʻidagi ikki tarafi quyuq archazor yoʻlda pastga harakatlana boshlaydi.

- Yoʻl qanday boʻlibdi,- deya kutilmaganda savol beradi A.Eshmuradov mayin jilmayib.- Bu yoʻllarda avval ham yurgandim, degandingiz. Oʻshanda ham shunaqa keng, tekismidi? Hov, koʻrayapsizmi, ilgari yoʻltanlamas yengil mashinalar qiynalib harakatlangan yoʻlda “Damas” bemalol oʻrlab kelmoqda.

Yangilangan tekis yoʻl, yoʻl boʻylarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari, daryo, soy va jilgʻalarda bajarilgan yirik hajmdagi ishlar toʻgʻrisida suhbatlashib, chamasi ikki soatda Duoba mahallasi markaziga yetib keldik.

Mahalla Duoba, Qayroq, Pastki Duoba va Gumatak qishloqlaridan iborat maftunkor goʻsha. 502 xonadonda 2 ming 500 dan ziyod aholi yashaydi. 17 fermer xoʻjaligi mavjud. Yettita koʻchasi bor. Odamlar asosan chorvachilik va olma yetishtirish bilan shugʻullanadi. Bu mahalladan tepada Nazari, Dehbolo, Oʻrmonchi kabi qishloqlar mavjud. Ikki togʻ orasidagi daryo boʻylab, ketaversangiz, Qashqadaryo taraflarga borib qolasiz.

Haydovchimiz mashinani yangi qurilgan qishloq-shifokorlik punkti oldida toʻxtatdi. Shaharnikidan qolishmaydigan, 50 qatnovga moʻljallangan tibbiyot muassasasi zamonaviy usulda jihozlangan. Isitish tarmogʻi barpo etilgan. Kunduzgi davolanish xonalari bor. Qariyb 2 milliard soʻm evaziga barpo etilgan tibbiyot maskani qad koʻtargan.

Yangi tibbiyot muassasasidan uncha uzoq boʻlmagan masofada 17- maktab uchun 2 milliard 100 million soʻm mablagʻ sarflanib, 180 oʻrinli oʻquv binosi, yoʻl boʻyida turli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qurilgan. Mahallaning eski binosi 500 million soʻmga tubdan qayta taʼmirlanib, bir yoʻla moʻʼjazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik oʻquv markazi ham tashkil etilgan. Sport maydonchasi, Pastki Duoba qishlogʻida 1 milliard soʻmga 80 oʻrinli maktab filiali barpo etilgan.

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yoʻl tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin boʻlgan 36 kilometr oʻnqir-choʻnqir togʻ yoʻli tekislanib, shagʻal yotqizilgan. 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yoʻllarga beton yotqizilgan. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmogʻi tortilgan. Qayroq va Gumatak qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi bunyod etilgan.

Hududlarni bir-biri bilan bogʻlashda koʻpriklarning alohida oʻrni bor. Endilikda Duoba va undan keyingi mahallalar aholisi bahorning seryogʻin, qishning izgʻirinli kunlarida ham hech ikkilanmay tuman markaziga qatnay oladi. Duoba daryosi ustidagi omonatgina koʻprik oʻrnida olti milliard soʻm mablagʻ evaziga qad rostlagan keng, mustahkam koʻprik togʻ qishloqlarini qishin-yozin mamlakatimizning istalgan nuqtasi bilan bogʻlab turadi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid