Qamoqxonalarda telefondan foydalanish qoidalari oʻzgardi
Vazir Poʻlat Bobojonov tegishli buyruqni imzoladi.

Oʻzbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida telefondan foydalanish qoidalari oʻzgaradi. Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov tegishli buyruqni imzolagan.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi ichki-tartib qoidalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha buyruqqa koʻra, mahkumlar ishdan boʻsh vaqtlarida telefondan cheksiz miqdorda soʻzlashishlari, internet tarmogʻiga ulanish imkoni boʻlmagan, foto va video olish imkoniyati boʻlmagan qurilmalardan foydalanishlari, posilka, yoʻqlov va banderollar olishi mumkin.
Shuningdek, ular pul va qimmatbaho buyumlarni saqlashlari va ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishlari mumkin boʻladi.
Mahkumlar manzil koloniya rahbariyati ruhsat bergan va hujjatlashtirilgan telefon apparatidan foydalanadi.
Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilganlar cheklanmagan miqdorda qisqa uchrashuvlar va yil mobaynida 24 marta uzoq muddatli uchrashuvlar oʻtkazish huquqiga ega boʻladi va uzoq muddatli uchrashuvlar sharoit boʻlmasa, muassasa joylashgan shahar (tuman)da oʻtkazilishi ham mumkin.
Mazkur buyruq eʼlon qilingan kundan kuchga kirishi belgilangan.
Hujjatning toʻliq matni va oʻzgarishlar ushbu ilovada keltirib oʻtilgan.