Chust tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri qamoqqa olindi
U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi a va 209-moddasi 2-qismi a bandi bilan ayblanyapti.
22 dekabr kuni chiqarilgan sud ajrimiga koʻra Chust tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri F.E. qamoqqa olindi. Platina.uz saytida sud ajrimidan koʻchirma bor.
Ish hujjatlariga koʻra, F.E. mansabdor shaxs boʻla turib, boʻlim nomidan korxona, muassasa va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish, taʼlim tizimida byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarni maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatidan qasddan foydalangan.
U Chortoq tumanida yashovchi fuqaro bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga zid ravishda, hech bir tanlovlarsiz, oʻzaro kelishib, 76 ta konditsionerni har birini 13 mln. soʻmdan bozor narxidan qimmat narxda tumandagi maktablarga oʻrnattirgan.
F.E. oʻzining jinoiy faoliyatlarini qonuniylashtirish maqsadida aslida olib kelinib, oʻrnatilgan konditsionerlarni oʻrnatish yuzasidan maxsus tashkil qilingan “Elektron doʻkon” platformasi orqali eʼlon bergan.
Oʻzaro kelishuvlarga koʻra, oʻtkazilgan tanlovda fuqaroga qarashli xoʻjalik yurituvchi subeʼkt tanlov gʻolibi boʻlishi lozim edi, ammo Smart savdo market MChJ rahbari F.J. va Sarsuvdar MChJ norasmiy rahbari M.E. tanlov gʻolibi deb topilganlar.
Tanlov natijasiga koʻra, Chust tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bilan Smart savdo market MChJ oʻrtasidagi shartnomaga asosan 20 dona Art-Sic1w18he konditsionerlarini har birini 11,5 mln. soʻmdan 230 mln. soʻmga, 13 dona Rac-18 konditsionerlarini har birini 11,5 mln. soʻmdan 149,5 mln. soʻmga, 4 dona Art-Sic1w18he konditsionerlarini har birini 11,5 mln. soʻmdan 46 mln. soʻmga, 9 dona Rac-18aux konditsionerlarini har birini 11,5 mln. soʻmdan 103,5 mln. soʻmga hamda Sarsuvdar MChJ oʻrtasidagi shartnomaga asosan 25 dona Rac-18aux konditsionerlarini har birini 11,4 mln. soʻmdan 286,2 mln. soʻmga va 5 dona Rac-18aux konditsionerlarini har birini 11,5 mln. soʻmdan 57,5 mln. soʻmga, jami 76 dona konditsionerlarni 872,7 mln. soʻmga sotib olgan.
Ikkala MChJ shu konditsionerlarni yetkazib berishlari kerak edi, biroq yetkazib berilmagan mahsulotlar yuzasidan F.E. soxta hisobraqam-fakturalarni qabul qilib olib, jamiyat hisob raqamlariga oʻtkazib bergan.
Respublika sud ekspertizasi Andijon viloyati sud tovarshunoslik ekspertizasi boʻyicha davlat sud ekspertining xulosasiga koʻra, 1 dona Rac-18 Aux konditsioneri 8,2 mln. soʻm, 1 dona Art-Sic1w18he konditsioneri 6,2 mln. soʻm, 1 dona Aux Quadro Aswh 18 konditsioneri 6,9 mln. soʻm, 1 dona Samsung Ar18 Bqhqasin konditsioneri 7,7 mln. soʻm va 1 dona Artel S18b Staaf 18heci konditsioneri 7,1 mln. soʻmligi qayd etilgan.
Shu tariqa Chust tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi sobiq boshligʻi F.E., Smart savdo market MChJ norasmiy rahbari O.M., Sarsuvdar MChJ norasmiy rahbari M.E. va boshqalar 2 turdagi 76 dona konditsionerlarni 323,6 mln. soʻmga qimmat narxda yoki boshqa rusumdagisini sotib olishib, byudjet mablagʻini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.