2024 yil uchun davlat byudjeti tasdiqlandi

Qonun keyingi yil 1 yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Iqtisod
26-dekabr 2023 yil
2024 yil uchun davlat byudjeti tasdiqlandi

“2024 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–886, 25.12.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan 2024 yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablagʻlarining belgilangan miqdorlari Qonunga oʻzgartish kiritilmasdan koʻpaytiriladi.

Oʻzbekiston byudjet tizimi byudjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari boʻyicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud boʻlmagan hollarda:

- respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;

- 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln soʻm miqdorida belgilandi.

2024 yil uchun Oʻzbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilandi. 

Qonunga koʻra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

- jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
- jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
- mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan, shuningdek YaTTlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;
- noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2024 yil 1 yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Platina.uz byudjet pullari sarflanishi yuzasidan aholi oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazgandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+