Platsebo – tibbiyotga va firibgarlarga birdek foydali

U shifokorlar qoʻlida xastalikka qarshi kurash, tovlamachilar qoʻlida esa pul topish va firibgarlik vositasidir.

Maqola
25-dekabr 2023 yil
Platsebo – tibbiyotga va firibgarlarga birdek foydali

Ishonch – gʻaroyib narsa. Odam oʻzini oʻzi ishontirishi ham mumkin. Har kuni oʻziga “men yaxshiman va omadliman” deb takrorlaydigan va bunga ishonadigan odamlarning haqiqatan ham ishlari yurisha boshlaydi. Zero, “odam oʻzini qanchalik baxtli deb hisoblasa, shunchalik baxtlidir” deya bekorga aytishmagan.

Ishonch – moʻʼjizaga qodir kuch

Albatta, ishonch va eʼtiqod moʻʼjizalarga qodir. Masalan, xudoga ishongan, undan najot soʻragan va soʻragan narsasini berishiga ishongan odam haqiqatan ham maqsadlariga erishishi kundalik hayotda deyarli har kuni oʻz isbotini topadi.

Bu xastalar va ularning shifo topishida ham koʻrinadi. Nafaqat ruhiy xastaliklar, hattoki tegishli moddiy davolash talab etiladigan fiziologik xastaliklarda ishonch shifo keltirgan holatlar qayd etilgan.

Masalan, astma bilan xastalangan bir kishi doʻsti bilan safari davomida bir mehmonxonada tunab qoladi. Kechqurun astmasi xuruj qilib, nafasi qisadi. Doʻsti xonaga toza havo kirsin, deb derazani ochmoqchi boʻladi. Chiroq yoqadigan tugmani topa olmay, nim qorongʻuda yaltirab turgan deraza tomon yuguradi. Uni ocha olmaydi. Xasta esa xirillashga tushadi. Vahimaga tushgan doʻsti jon achchigʻida qoʻliga ilashgan ogʻir shamdon bilan derazani sindiradi va doʻstining oldiga yuguradi. Xasta odam ham deraza ochilganidan xursand boʻlib, erkin nafas ola boshlaydi. Shu bilan tinchib, uxlab qolishadi.

Ertalab turib qarashsa, deraza butun, xona chekkasidagi tosh oyna sindirilgan ekan. Ishonch kuchi shunchalik ekanki, xatto maxsus dorisiz “qoʻyib yubormaydigan” astmani ham vaqtincha boʻlsa-da, davolay olar ekan.

Shu bois xastalarni koʻrgani borganda yolgʻondan boʻlsa-da, “bugun koʻrinishingiz yaxshi”, deymiz. “Uch kunda tuzalib qolasiz, kasalingiz arzimas” ekan, deya koʻnglini koʻtaramiz. Ishonchi kuchli odamlar hatto shu daldadan tuzala boshlaganini oʻzi bilmay qoladi.

Ayrim firibgar tabib va “folbin”larning odamlarni “davolagani” haqida eshitib hayron qolmaslik kerak. Mingta odamdan bittasi shu firibgarga ishonib, eʼtiqod kuchi bilan shifo topishi mumkin. Bu platsebo effekti bilan bogʻliq.

“Moʻʼjizali shifo. Rostan ham davo boʻladi. Daqiqalar ichida taʼsir qiladi. Kafolat beriladi” deb yozilgan soxta dori – platsebo.

Platsebo – shirin yolgʻon, lekin samara beradi

Tuzalishi qiyin, davosi yoʻq xastalarga baʼzan platsebo hapdorilarini berib turishadi. Platsebo – lotin tilda “unga yoqaman” degan maʼnoni bildiradi. Tibbiyot ancha yuksak darajalarga koʻtarilgan hozirgi davrda ham platsebo dorilaridan foydalanishadi. Platsebo foyda ham, zarar ham keltirmaydigan dorilardir. U tabletka yoki suyuqlik shaklida boʻlishi mumkin. Tabletkalari kraxmal yoki shakardan tayyorlanadi. Suyuqliklari esa qonda mavjud va zararsiz natriy xlorid suyuqligidan tayyorlangan boʻladi. Uni ichirish, tomir orqali yoki teri ostiga yuborish ham mumkin.

Hatto elektrga ulanmagan fizioterapeya qurilmalari yoki jarrohlik operatsiyasi imitatsiyasi ham platsebo effektini beradi. Bu holda bemorga narkoz berib hushsizlantiriladi. U oʻziga kelganida badanida yuzaki tilingan va tikilgan choklarni koʻrib, koʻnglida xotirjamlik hosil boʻladi. Bunga qattiq ishonib, tuzala boshlaydi baʼzan.

Shuning uchun ham gomeopatiya (“achchiqni achchiq bilan kesish”, “zaharning oz miqdoridan foydalanish” kabi usullar), akupunktura (badandagi muhim “nuqta”larga igna va kuydirish orqali taʼsir qilish) va ayurveda (giyohlar bilan badandagi zaharlarni ”haydash” va boqsha usullar) kabi soxta tibbiy yoʻnalishlarning ayrim hollarda xastalarga shifo olib kelishini zamonaviy tibbiyot platsebo effekti bilan bogʻlaydi.

Platsebo foyda berishining sabablari

Psixologlar platsebo effektining taʼsir qilish mexanizmini “sozlama” bilan bogʻlashadi.

“Sozlama” – bu shartli refleks kabi ongsiz javob, harakatga oldindan oʻrnatilgan tayyorgarlikdir.

Masalan, Pavlov tajribasini esga olsak, itga chiroq va qoʻngʻiroq chalib ovqat berib yurishadi. Bu bir necha marta takrorlangach, ovqat berishmasa ham qoʻngʻiroq chalish va chiroqni yoqib oʻchirish itlarda soʻlak ajralishiga sabab boʻlgan. Yaʼni shartsiz refleks shakllanadi.

Yoki oq xalat kiygan shifokor bilan shunchaki suhbatlashsangiz, ancha yengil tortasiz. Kasalingiz teng yarmiga arigandek tuyuladi. Shifokorga borsam, davo topaman degan sozlama, boshqacha aytganda, shartli refleks miyamizga oʻrnashib qolgan boʻladi.

Baʼzan esa taʼsiri deyarli yoʻq, lekin “bir amallab” sinovlardan oʻtib, sotuvga chiqarilgan haqiqiy dorilar ham aynan platsebo effekti bois ayrimlarga shifo beradi va framatsevtika biznesi sohiblarini yanada boyitadi.

Fiziologik nuqtai-nazardan esa, platsebo miyada periferik asab tizimi, qon tomir va endokrin tizimlar orqali maʼlum bir yoʻnalishda tananing javobini aniqlaydigan haddan tashqari qoʻzgʻalish fokusining mavjudligidan kelib chiqadi.

Platsebo – faqat aldov vositasi emas!

Platsebolar yangi dori vositalarini sinab koʻrish va ularning samaradorligini baholashda ham keng qoʻllaniladi.

Masalan, bir guruh bemorlar haqiqiy, yangi yaratilgan dorini qabul qiladi, boshqa guruh esa tashqi koʻrinishi haqiqiy doridan farq qilmaydigan, faqat shakar va kraxmaldan iborat platsebo dorisini qabul qiladi. Bemorlar kimga platsebo va kimga haqiqiy dori berilayotganini bilishmaydi. Tadqiqot tashkilotchilari tekshirilayotgan dori taʼsirini baholash uchun tahlil oʻtkazishadi. Chunki hammaga dori berib sinov oʻtkazilsa, ayrim xastaliklar dori emas, boshqa sabablarga koʻra tuzala boshlasa, bu tadqiqotchilarni chalgʻitishi mumkin.

Yuqorida zikr etilganidek, gomeopatiya – katta suyultirish natijasida olingan "maxsus" dorilarni qoʻllashga asoslangan muqobil tibbiyot turi ham platsebo effektiga asoslanadi. Rasmiy akademik tibbiyot har doim gomeopatiyani rad etadi. Ammo shifokorlar orasida har doim oʻz amaliyotida gomeopatiyadan foydalangan bir nechta "innovatorlar" topilib turadi. Bundan tashqari, ularning baʼzilari gomeopatiya shunchaki platsebo degan fikrga qoʻshiladi va undan yaxshi maqsadlarda foydalanish kerak, deb hisoblaydi.

Qizigʻi shundaki, oʻzlarini gomeopat deb ataydigan baʼzi shifokorlar gomeopatiya – platsebo ekaniga ishonishdan bosh tortadi. Ular gomeopatik dorilar tarkibida shifobaxsh taʼsirga ega haqiqiy faol modda (ayniqsa, asbob-uskunalar tomonidan aniqlanmaydigan kichik konsentratsiyalarda) borligiga odamlar ishonishadi va boshqalarni ham ishontirishga harakat qilishadi. Va bundan-da qizigʻi – gomeopatik “dori” uning samarasiga chin dildan ishongan, “ixlos” qilgan bemorlarga yaxshi taʼsir qiladi. Ishonmaganlarga esa foyda bermaydi.

Xuddi shifokor bilan gaplashganga oʻxshab, barcha dorilarning platsebo taʼsiri mavjud. Hatto tibbiy analizlarni topshirish va tekshiruvlardan oʻtishning oʻzi ham platsebo effektini yaratadi. Masalan, ayrim odamlar analiz topshirib, tekshiruvlardan oʻtadi va diagnozini aniqlab olgandan keyin, xotirjam boʻlib uylariga qaytishadi. Biroq davolanishga shoshilmaydi. Chunki analiz topshirishning oʻzidayoq uning organizmida kasalliklarga qarshi yangi kuch va ishonch yaratadi. Yoki kasalim jiddiy emas ekan, deya xotirjam boʻladi. Biroq har qanday holatda ham xastalikni davlashni ortga surmaslik kerak. Oʻz vaqtida davolanishning samarasi qandayligini koʻpchilik biladi, lekin rioya qilmaydi.

Olimlar hatto platsebo taʼsirining kuchini hisoblab chiqishdi: u dorining oʻrtacha umumiy terapevtik taʼsirining 30% gacha yetishi mumkin ekan!

Ayri hollarda bemorning xastaligi yengil va oʻzi tuzalib ketishi mumkinligini, oʻtkir dorilar qabul qilish shart emasligini aniqlasa (masalan yengil charchoq, kuchsiz ogʻriq yoki tushukunlikda), unga platsebo dorisini buyuradi. Platsebo bemorning davolanishim kerak degan ehtiyojini qondiradi. Chunki tibbiy preparatlarning foydasidan tashqari, nojoʻya taʼsirlari ham boʻladi, albatta. Yengil holatlarda esa platsebo kayfiyatni va ishonchni koʻtaradigan ayni muddao boʻladi.

Platsebo effektining turlari

Ijobiy platsebo effekti. Dori taʼsirini, shifobaxsh xususiyatlarini oshiradi. Platseboning eng keng tarqalgan turi.

Salbiy platsebo effekti. Dorining terapevtik taʼsirini neytrallashtiradi va hatto bemor vaziyatini yomonlashtirishi ham mumkin.

Neytral platsebo effekti. Bu holda platsebo effekti boʻlmaydi. Bu juda kamdan-kam hollarda kuzatiladi.

Umuman olganda, platsebo effektini psixoterapevtik taʼsir usullariga bogʻlash kerak.

Psixoterapiyaning ishontirish (yoki ishonchini qaytarish), diqqatni boshqa narsa bilan chalgʻitish, gipnoz, ong osti bilan ishlash kabi mexanizmlari bilan bir qatorda, platsebo effekti ham davolovchi taʼsir koʻrsatishi mumkin. Tibbiy tajribaga ega deyarli har bir shifokor oʻz amaliyotida deyarli har kuni intuitiv tarzda platsebo effektidan foydalanadi.

Platsebo effekti qachon kuchli boʻladi?

Biror-bir dorining qabul qilinishini misol keltirib, platsebo effektining barcha jihatlarini koʻrib chiqish mumkin:

Dorini kim buyurgan? Dorini yozib bergan va tavsiya qilgan shifokorning obroʻsi va vakolati platsebo kuchiga bevosita taʼsir etadi. Bemor ishonmaydigan, yoqtirmaydigan yoki qoʻrqadigan shifokor yozgan dori salbiy platsebo effektini keltirib chiqarishi mumkin.

Dori-darmon narxi. Koʻpincha juda ogʻir xastalikda judayam arzon dorilarni qabul qilish salbiy platsebo effektini berishi mumkin.

Dori vositasini topish oson yoki qiyinligi. Uzoqdan olib kelingan va qiyinchilik bilan topilgan dori juda katta ijobiy platsebo effektiga ega.

Dorining qadoq qutisi va va tashqi koʻrinishi ham platsebo effektining samaradorligi va yoʻnalishiga bevosita ijobiy yoki salbiy taʼsir qiladi.

Boshqa odamlarda bu dori haqida qanday maʼlumotlar bor? Tanishlarning tavsiyalari va ishontirishlari, mish-mishlar, muvaffaqiyatli va ishonarli reklama hamda targʻibot, yaqinlar orasida maʼlum foydalanish tajribasi – bularning barchasi platsebo effektining samarasiga taʼsir qiladi.

Dorini qabul qiladigan odamning psixologik xususiyatlari. Xavotir va tushkunlik, shubhaga moyillik, infantilizm va kategorik fikrlash kabi xususiyatlar keskin platsebo effekti yuzaga chiqishiga yordam beradi.

Dorilar va ularni qabul qilishdan tashqari, platsebo effekti muloqotda ham ish beradi. Masalan, professorga oʻxshab kiyinsangiz, professor deb oʻylashadi va shunga yarasha muomala qilishadi. “Qiroldek kutib olishlari va hurmat qilishlarini istasang, oʻzingni qiroldek tut” deb bekorga aytishmagan.

Platsebo effekti, shuningdek, savdo va biznesda reklama hamda xizmatlarni targʻib etishda, siyosatda gʻoya va shaxslar targʻibotida va hayotimizning boshqa sohalarida keng tarqalgan.

Platsebodan voz kechish kerakmi?

Aslo yoʻq! Platsebo effekti nafaqat dori-darmonlarni sinab koʻrishda, balki boshqa imkoni qolmagan xastalarga yordam berib kelayotgan effektga ega va u zamonaviy akademik tibbiyot tomonidan tan olingan. Platsebo – shifokorlar qoʻlida xastalikka qarshi kurash vositasi boʻladi. Tovlamachilar qoʻlida esa shunchaki pul topish va firibgarlik vositasidir. Platsebodan foyda bor boʻlsa borki, zarar yoʻq. Faqat aldanib qolmasangiz kifoya.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+