Mirziyoyev sanoat boʻyicha muhim yigʻilish oʻtkazdi

116 ta korxonaga olib kelingan 85 million dollarlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turibdi.

Iqtisod
25-dekabr 2023 yil
Mirziyoyev sanoat boʻyicha muhim yigʻilish oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 dekabr kuni hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati. 

Sanoatdagi tarkibiy oʻzgarishlar va sharoitlar natijasida soʻnggi besh yilda ushbu uchta tarmoqda ishlab chiqarish 2,6 barobar oshgan, ularning sanoatdagi ulushi 7 foizga yetgan. Shuningdek, 231 turdagi yangi mahsulotlar oʻzlashtirilib, eksport 1,6 milliard dollarni tashkil etgan.

Joriy yilning oʻzida elektrotexnikada 163 million dollarlik 39 ta, kimyo sanoatida 70 million dollarlik 17 ta va farmatsevtikada 87 million dollarlik 57 ta korxona ishga tushdi.

Shu bilan birga, bu tarmoqlarda foydalanilmagan imkoniyatlar hali koʻp. Ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan toʻldirish elektrotexnikada 50 foizga, kimyo sanoatida 40 foizga, farmatsevtikada 18 foizga ham yetmaydi.

Hududlarda tashkil qilingan zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. 116 ta korxonaga olib kelingan 85 million dollarlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turibdi. 727 ta korxona toʻliq quvvatda ishlamayapti.

Yigʻilishda shu kabi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi.

– Hokimliklar sanoat tarmoqlari bilan uzviy bogʻliqlikda ishlab, hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi, loyihalarni koʻpaytirishi zarur. Shundagina joylarda iqtisodiy oʻsish, ish oʻrni, byudjetga tushum boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda mazkur 3 tarmoqda 12 milliard 700 million dollarlik 24 ta yirik loyiha boshlanishi qayd etildi. “Navoiyazot”da polivinilxlorid va Qoʻngʻirotda kalsiylangan soda quvvatlarini kengaytirish, Qorakoʻlda metanoldan olefin olish, Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarga kerak boʻladigan qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib berishga mahalliy korxonalarni jalb etish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, tarmoq va hududlar birgalikda ishlab, elektrotexnikada 2,1 milliard dollarlik 190 ta, kimyo sanoatida 3,8 milliard dollarlik 139 ta, farmatsevtikada 1,5 milliard dollarlik 110 ta oʻrta va kichik loyihalarni shakllantirgan. Yigʻilishda Prezident ularning quvvati, yaratilajak mahsulotlar turi va ish oʻrniga eʼtibor qaratib, loyihalarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Mutasaddilar loyihalar ijrosi, hududlar va tarmoqlarning oʻzaro bogʻlangan ish tizimi yuzasidan axborot berdi, deyiladi xabarda.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+