DXX Rossiya va Turkiyadan kelayotgan soxta dollarlarni qoʻlga oldi
Andijonlik shaxs qalbaki 500 ming dollarni haqiqiy 325 ming dollarga ayirboshlamoqchi boʻlgan.

DXX Rossiya va Turkiyadan keltirilgan qalbaki AQSh dollarlarini aniqladi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatida yashovchi shaxs 50 AQSh dollari kupyuralaridan iborat boʻlgan qalbaki 19250 AQSh dollarini haqiqiy 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqarodan kelgusida oʻtkazish maqsadida sotib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.
Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 2 nafar shaxs qalbaki 500 ming AQSh dollarini xaridor bilan haqiqiy 325 ming AQSh dollariga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 AQSh dollarini haqiqiy 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qoʻlga olingan.
Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida “Lasetti” avtomashinasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 8900 AQSh dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirgʻiz Respublikasi orqali Oʻzbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan boʻlgan.