Turkiyaning "qaynoq" Yangi yil yoʻnalishlari
Har bir sayyoh tashrif buyurishi kerak boʻlgan uch yoʻnalish haqida gaplashamiz.

Har bir sayyohning tashrif buyurishi kerak boʻlgan joylar roʻyxatidagi ilk uch yoʻnalish boʻlgan Istanbul, Kapadokiya va Antaliyada yangi yilga «marhabo» deyishga qanday qaraysiz? Yangi yil rejalarini tuzib boʻlmaganlar yoki 2024 yilning ilk moʻʼjizaviy lahzalarini dunyoning eng betakror joylarida boshdan kechirishni xohlovchilar uchun Turkiyaning muhtasham manzillariga yaqindan nazar solamiz.
Istanbul ‑ yangicha xissiyotlar!
Istanbul oʻzining tarixiy diqqatga sazovor joylari, koʻp madaniyatli tuzilishini aks ettiruvchi meʼmorchiligi, jonli madaniyat va sanʼat muhiti, turli lazzatli taomlari va keng koʻlamli xarid qilish imkoniyatlari bilan dunyodagi mutlaqo tashrif buyurish kerak boʻlgan shaharlaridan biri sanaladi. Shahar Travel + Leisure (T+L) jurnalining “2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 50 ta joy” roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, kelgusi yil uchun tavsiya etilgan sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi. Istanbul oʻz mehmonlariga ming yillik tarixga ega boʻlgan Tarixiy yarim oroldan maftunkor Bosfor boʻgʻozigacha, mazali turk va jahon taomlaridan tortib, turar joy sifatining yuqori standartlarigacha koʻplab shahar tajribalarini taqdim etadi. Dekabr oyida ham bu shaharda quyoshli kunlardan bahramand boʻlishingiz mumkin. Shaharning gavjum va jonli koʻchalarida, rang-barang peshtaxtalar va qahvaxonalardan chiqayotgan yoqimli hidlar orasida adashib qolishingiz hech gap emas.
Kapadokiya: Ertaklar mamlakatidagi gʻor mehmonxonalari
Turkiyaning va dunyoning moʻʼjizaviy manzillaridan biri boʻlgan Kapadokiya yangi yilni gʻayrioddiy shaharda nishonlashni istaganlar uchun eng yaxshi tanlovdir. Peri moʻrilarining betakror shakllari, oʻnlab metrga choʻzilgan antiqa yer osti shaharlari, qoyalarga oʻyilgan uylari, cherkov va monastirlari, havo sharlarida sayohat qilishning gʻayrioddiy tajribasi va siz qolishingiz mumkin boʻlgan muhtasham gʻor mehmonxonalari... Turkiyaning mashhur qishki yoʻnalishlaridan biri boʻlgan Kapadokiya hashamatli turar joylaridan tortib, turk oshxonasining eng mazali namunalariga qadar barcha xizmatlarni taklif etadi.
Kapadokiyaning zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan hashamatli gʻor mehmonxonalarida kunni tetiklashtiruvchi massaj bilan boshlashingiz mumkin. Oʻz yaqinlaringiz bilan maroqli vaqt oʻtkazishingiz va havo sharida yuqoridan turib yerdagi tabiiy moʻʼjizalarni kuzatishingiz mumkin.
Antaliya: Yangi yil Oʻrta Yer dengizi quyoshi ostida
Turk Riviyerasining yuragi boʻlgan Antaliya quyoshli va yumshoq Oʻrta Yer dengizi qishi tufayli dekabr oyida ham issiq havodan bahramand boʻlishingiz mumkin boʻlgan shahardir. Bu nafaqat yozgi, balki yil davomida tashrif buyurish mumkin boʻlgan serquyosh manzildir. Oilaviy va yakkaxon dam olish uchun mukammal tanlov boʻlgan shahar Yangi yilni iliq va quyoshli muhitda oʻtkazishni xohlaydiganlarning sevimli joyi boʻlib qolmoqda. Uzun sohillar, qadimiy shaharlar, koʻhna tarixini aks ettiruvchi muzeylar va Oʻrta Yer dengizi lazzatlari bilan toʻla boʻlgan Antaliya, goʻzal manzaralar orasida “yaxshi hayot” zavqini tuyishingiz mumkin boʻlgan noyob manzildir. Barcha qulayliklarga ega boʻlgan mehmonxonalarda siz, maxsus bayram kechasi uchun uyushtirilgan qiziqarli tadbirlarida qatnashishingiz va ertasi kuni Oʻrta Yer dengizi quyoshi ostidagi bu ertaknamo shaharni kashf qilishingiz mumkin.