Markaziy bank yangicha firibgarlikdan ogohlantirdi
Bank fuqarolarga bir nechta muhim eslatmalar bilan chiqdi.

Oʻzbekiston Markaziy banki foydalanuvchilarni yangi firibgarlikdan ogohlantirdi.
Aytilishicha, hozirgi kunda firibgarlarning internet tarmogʻidan soxta telefon raqamlari orqali fuqarolarga qoʻngʻiroq qilish holatlari kuzatilmoqda. Bunda firibgarlar Markaziy bank xodimi sifatida oʻzini tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirishga urinmoqda.
Bundan tashqari, firibgarlar Telegram ijtimoiy tarmogʻida Markaziy bank nomidan ochilgan “Markaziy_Banki_uz” soxta kanalida fuqarolarga onlayn kreditlar taklif etib, ularning bank kartalariga oid maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali bank kartasidagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari kuzatilmoqda.
Markaziy bank bu kabi xabar va foydalanuvchiga oʻzining hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qiladi.
Markaziy bank fuqarolarga quyidagi maʼlumotlarni eslatib oʻtgan:
▪️Markaziy bank jismoniy shaxslarga kreditlar ajratmaydi va moliyaviy xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanmasligini yodda tuting.
▪️Fuqarolardan ushbu xabarlarga eʼtibor qaratmaslik va bank kartalari maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, hech qanday havolaga kirmaslik soʻraladi.
▪️Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish jarayonida regulyatorning tarmoqlardagi verifikatsiyalangan sahifalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Markaziy bank bitta tijorat bankiga cheklov qoʻygani va toʻrttasini ogohlantirgani, ayrimlariga jarima qoʻllagani maʼlum boʻlgandi.