Itlar orasidan oʻtayotgan karvon
Putin Jirinovskiy oʻrniga yana bir“akillovchi” voizini tarbiya qilmoqda. Bundan buyon oʻzi aytishga istihola qiladigan munozarali gaplarni shu “iti”ga ayttirib turadi.
OAVda shov-shuv boʻlgan maʼlumotlarga qaraganda, Zaxar Prilepin ismli rossiyalik propagandachi-amaldor Rossiyaga kelayotgan “kelgindi” gastarbayterlarning davlatini bosib olish kerak, degan fikrni aytgan. Buni boshqa rus amaldorlari ham qarsak va olqishlar bilan qabul qilishgan. U, shuningdek, Oʻzbekistonni bosib olib, oʻsha joyning oʻzida ularga rus tilini oʻrgatish kerakligini aytgan. “Ruslar Kiyevda gʻalaba qozonib, parad oʻtkazganidan soʻng, Oʻzbekistonni bemalol bosib olishimiz mumkin, bunga hech kim qarshilik qila olmaydi” deya taʼkidlagan Prilepin.
“Biz sovet ittifoqi davlati tarqalib ketgandan keyingi hujjatlarni koʻtarib, 2 million fuqarolaringiz bizning davlatda ishlayapti, demak, sizlarni bosib olishga haqlimiz, deya ayta olamiz”, degan ushbu rus amaldori.
Toʻgʻri, Prilepin, “bosib olmoq” emas, “qoʻshib olmoq” feʼlini ishlatgan. Biroq Rossiyaning Oʻrta Osiyoni bosib olish jarayoni SSSR davrida bizga “qoʻshib olish” deb oʻqitilgani inobatga olinsa, ruslar uchun “qoʻshib olish” ayni “bosib olish”ga teng mavqedagi feʼl ekani anglashiladi.
Taʼkidlash kerak, Prilepin qandaydir populist bloger yoki shunchaki koʻchadan kirib qolgan “kunda-shunda” millatchi emas, u Rossiyadagi yuqori mansabdor shaxs. Prilepin Rossiyadagi hukumatga sodiq “Spravedlivaya Rossiya” partiyasining hamraisi (Rossiya dumasining vitse-spikeri Sergey Mironov bilan birga), Rossiya yozuvchilar uyushmasi kotibi, sobiq deputat, Rosgvardiya podpolkovnigi, “Oplot” polkining komandiri, Putinning yaqin doʻsti (uning qoʻlidan Rossiyaning “Jasorat” ordenini olgan), Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini yoqlovchi Z-jurnalist-prorpagandist.
Nafsilambirini aytganda, xalqimizga nisbatan bunday haqoratomuz chiqishlar va xatti-harakatlar birinchi marta boʻlayotgani yoʻq. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng Putinning “Buyuk rus imperiyasini” qayta tiklash borasidagi xomxayollari yana gazak oldi. Bundan ruhlangan prezident tarafdorlari va shotirlari goh Qozogʻistonning shimoliga daʼvo qilishgan boʻlsa, goh “butun Oʻrta Osiyo aslida bizniki, yana qaytarib olishimiz kerak”, degan iddaolar bilan tez-tez koʻrinish bera boshladi.
Yoki yana bir misol, joriy yilning oktabr oyida Oʻzbekiston tomoni “qimtinibgina” Rossiya Federatsiyasi hukumatidan Rossiyadagi oʻzbek diasporasi mablagʻlari hisobidan oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining bolalari uchun xususiy bogʻcha va maktablar ochishni soʻragan edi. Bu taʼlim dargohlarida oʻqitish Rossiya qonunchiligiga koʻra olib borilishi alohida taʼkidlangan. Bu iltimos Oʻzbekistondan kelgan va Rossiyada mehnat qilayotgan ishchilar oʻz farzandlarini bolalar bogʻchasi va maktablarga rasmiylashtirishda maʼlum bir qiyinchiliklarga duchor boʻlayotgani bilan bogʻliqligi tushuntirilgan. Shuningdek, Oʻzbekistondan Rossiyaga kirib kelayotgan yosh fuqarolar uchun migratsiya jarayonlarini soddalashtirish masalasini qonunchilik darajasida koʻrib chiqish ham soʻralgan.
Biroq Rossiya davlat dumasi deputati Mixail Delyagin bu taklifga keskin javob bergan edi. U iltimosga qarshi ekanini bildirib, bu talab noqonuniy ekanini bildirgan.
Rossiyalik deputat “Oʻzbekiston va Tojikiston hukumati aslida Rossiyaga kirib kelgan migrantlarini yigʻishtirib qaytarib olib ketishlari lozimligini” taʼkidlagan.
Rossiyalik deputatga javoban «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis quyi palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov «Rossiyada oʻzbeklar va oʻzbek tiliga munosabat Delyagincha boʻlsa, Oʻzbekistonda rus tiliga munosabat mutanosib boʻlishi kerak», deb yozgan oʻz Telegram-kanalida. Boʻldi, shu bilan “yopiqlik qozon yopiqligicha” qolgan edi.
Bu voqealardan keyingi jarayonlar har doimgidek boʻldi: Rossiya mehnat migrantlarini tekshirish va deportatsiya qilish boʻyicha reydlarni koʻpaytirdi, Oʻzbekistonda esa rus tili va Rossiya mavqesi yanada koʻtarildi.
Undan avvalroq esa Putin baland minbarda ayta olmaydigan yoki aytishni oʻziga munosib koʻrmaydigan gaplarni baralla aytish vazifasini bajaruvchi Jirinovskiy degan shaxs hali tiriklik paytida Oʻzbekiston “tomorqa”siga bunday “tosh”larni koʻp otib turardi.
Albatta, oʻzbeklarda ham gʻurur va nomus bor, bunga darhol va “munosib” javob berishgan: Jirinovskiy Buxoroga kelganida, xushomad qilib, uning yelkasiga zarbof toʻp yopishgan, oyogʻi tagiga qoʻy soʻyishgan. Keyin esa Toshkentni bosib olishda ishtirok etgan, minglab ota-bobolarimizni vahshiylarcha oʻldirgan rus armiyasi bosqinchilariga atab qurilgan yodgorlikni “yaltillatib” taʼmirlab, tiklab qoʻyishgan!
Lekin millatchi rus amaldori Zaxar Prilepinning bu haqorati Jirinovskiydan ham oʻtib tushdi. Har holda Jirinovskiy bechora Oʻzbekistonni bosib olish kerak, deya ochiq gapirmas edi.
Yana bir rus amaldori Zaxar Prilepinning navbatdagi “akillashi” nimani anlatadi? Bundan qanday xulosalar qilish mumkin?
Bu shuni anglatadiki, Putin Jirinovskiy oʻrniga yana bir“akillovchi” voizini tarbiya qilmoqda. Bundan buyon oʻzi aytishga istihola qiladigan munozarali gaplarni shu “iti”ga ayttirib turadi.
Ikkinchidan, bunday keskin bayonot Putinning Ukrainani batamom bosib olishga boʻlgan ishonchi (ayniqsa, Isroil-Falastin mojarosi yana oʻt olganidan keyin) mustahkamlanganidan darak beradi. Demak, Putin Ukrainani bosib olganidan keyin albatta Markaziy Osiyoni ham bosib olishga harakat qiladi.
Yana bir mulohaza. Nega Prilepin aynan shu paytda, qish paytida “akillab” qoldi? Avvalo Moskvada mehnat muhojirlari oʻrtasida janjal-toʻpolonlar koʻpaydi. Ikkinchidan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi natijasida qoʻyilgan xalqaro sanksiyalarni aylanib oʻtishga yetarlicha yordam bera olmayotgan koʻrinyapmiz ularga. Demak, Putin bizdan yana kattaroq narsa soʻramoqchi. Odatda Putin shunday katta “iltimoslardan” oldin 2 ta ogʻriqli “jarohat”imiz – migrantlar va energetik qaramligimizni bir bosib, ogʻritib olishni yaxshi koʻradi.
Qolaversa, oʻtgan yilgi anomal sovuq mojarosini esga olaylik. Ayrim taxminlarga koʻra, Oʻzbekiston prezidenti va hukumatiga qarshi baʼzi “uchinchi kuchlar” va ularning shotirlari ataylab Oʻzbekistonda energetik inqirozni va xalq noroziligini vujudga keltirgan. Keyin esa sanksiyalarni aylanib oʻtgan holda rus gazini goʻyoki oʻzbek gazi deb rasmiylashtirgan holda Xitoyga, yoʻgʻ-yey, Oʻzbekistonga eksport qilishga “yordam berishimiz”ni soʻragan. Garchi oqil insonlar bu maxinatsiyaga qarshi chiqishgan boʻlsa-da, energetik inqirozdan soʻng bu qarshiliklarning ovozi oʻchdi.
Bu yil ham, garchi rus gazini (rus gazi ekani aniqmi?) olishni boshlagan boʻlsak-da, qish kelishi bilan yana oʻsha eski “mashmasha”lar boshlandi: gaz oqimi past, energetik inqiroz, metan “zapravkalari” yopilgan... Demak, Putin va uning shotirlari yana bir baloni boshlamoqchi boʻlyapti. Demak, yana biror kattaroq “iltimos” bor.
Albatta, bosqinchi kayfiyatdagi ushbu rus amaldorining bu hujumi oxirgisi emas, bu hali boshlanishi. Hali bundan battar haqorat va iddaolarni eshitishga tayyor turishimiz lozim. Zero, kimdir senga tosh otsa-yu, sen “ispasiba, birat” deb, tirjaygancha qoʻlingni koʻksingga qoʻyib tursang, yana qanday javob kutishing mumkin?
Har holda ayrim xususiy telekanallarimiz ruscha klip va qoʻshiqlarni koʻpaytirgani, koʻngilochar dastur boshlovchilarining ruscha qoʻshiqlarni joʻr boʻlib, mehr bilan kuylashayotgani rus amaldorlarining “akillashlariga” birinchi "javobimiz". Qolaversa, rossiyaparast va putinparastlar zoʻr berib Prilepinning bu daʼvosini xaspoʻshlashga urinishi, “u qoʻshib olamiz” dedi, vahima qilmanglar” degan bayonotlar bilan chiqishi kutilmoqda. Lekin bu xuddi axlatga atir sepib, “jirkanmang” degandek gap aslida.
Bizning ikkinchi javobimiz esa, Zaxar Prilepinni Oʻzbekistonga mehmonga chaqirib, unga ham zarbof chopon yopish, keyin esa oʻzbek xalqi toʻlayotgan soliqlar, yerosti va yerusti milliy boyliklarimiz hisobidan uni boʻkib qolgancha yeb-ichirish boʻlsa kerak. Oyogʻi ostiga ham qoʻy emas, buqa soʻyamiz. Shu tariqa “buyuk imperiya”ga va Oq poshshoga oʻz sadoqatimiz va itoatimizini izhor qilamiz.
Marhum shoir Abdulla Oripovning quyidagi toʻrtligi ayni mavzuga juda mos tushib turibdi:
Deydilar it hurur – oʻtadi karvon,
Ranju balolardan yonmasin joning.
Lekin alam qilar bir umr giryon,
Itlar orasidan oʻtsa karvoning.
Abulfayz Sayidasqarov