platina.uz
Jamiyat

Vazifasini bajarmayotgan avtobus bekatlari

Qishning birinchi qori nafaqat energetikamizdagi kamchiliklarni, balki avtobus bekatlaridagi sharoitlar ham yetarli emasligini koʻrsatdi.

Vazifasini bajarmayotgan avtobus bekatlari

Toshkentda yashovchilarning aksariyat qismi jamoat transportlaridan foydalanadi. Soʻnggi yillarda avtobus bekatlari “smart” tizimga oʻtkazilishi boʻyicha loyihalar eʼlon qilinmoqda. Ammo zamonaviy “aqlli” loyihalarni boshlamasdan avval bekatlardagi qulayliklarni toʻgʻrilash kerakdir. Qishning birinchi qori nafaqat energetikamizdagi kamchiliklarni, balki avtobus bekatlaridagi sharoitlar ham yetarli emasligini koʻrsatdi.

1. Ayrim avtobus bekatlarida qatnovlar roʻyxati, yaʼni qaysi avtbuslar toʻxtashi haqidagi qogʻoz yopishtirilmagan. Hatto bekat nomi ham tushirilmagan. Bekat nomi va qatnov roʻyxatining oʻrniga qaysidir bank yoki oʻtkazma va toʻlov ilovalarining reklamalarini topasiz.

2. Vazirlar Mahkamasining 482-son qaroriga koʻra, hokimliklar va yoʻl organlari qurilish normalari va qoidalariga muvofiq shaharlarda va aholi punktlarida sutkaning qorongʻi vaqtida avtobus bekatlari hamda ularning atrofi yoritilishini tashkil etishni taʼminlashi kerak. Ammo markazdan uzoqroq boʻlgan bekatlarda qaror ijrosini kuzatmaymiz.

3. Eng asosiysi, sovuq kunlarda jamoat transportidan foydalanadiganlar uchun issiq joy topolmaysiz. Masalan, odamlar gavjum boʻladigan Oloy bozori, Bodomzor metro bekati, Yunusobod hokimiyati bekati va hatto avtobuslar stansiyasi Toshkent MUM kabi avtobus bekatlarining atrofi oʻralmagan. Qaysidir bekatlar atrofi oʻralgan boʻlsa-da, bekatning katta qismini xususiy savdo shoxobchasi egallagan.

Prezident PQ-111-sonli qarorida: “Bekatlar hududida aholining imkoniyati cheklangan guruhlarining toʻsiqsiz harakatlanish muhiti, avtomobil yoʻli qatnovi qismi bilan chegarasida “taktil” plitalar oʻrnatish yoʻli bilan ularning xavfsizligi taʼminlanadi, zamonaviy dizayndagi va qulay boʻlgan oʻrindiqlar oʻrnatiladi, aholining internet tarmogʻidan (Wi-Fi) foydalanish, bekatlarda elektron tablo oʻrnatish orqali avtobuslar qatnov jadvali va kelish vaqtini kuzatib borish, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun manbalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi”, deb belgilangan.

Qaror ijrosi boʻyicha tahlil qiladigan boʻlsak, imkoniyati cheklanganlarning avtobusga chiqishlari uchun bekatlarda yetarli sharoit yaratilmagan. Zamonaviy dizayndagi qulay oʻrindiqlar, bekatlarda esa oʻrindiqlar asosan temirdan qishda muzlab qoladi. Oʻrindiqlarni qulay deyish esa biroz mushkul. Aksariyat bekatlarda hamon SSSR davridagi bekatlardan foydalaniladi. Boshqa sharoitlar asta-sekinlik bilan amalga oshirilar. Ammo 20 daraja sovuqda aholi issiq joyda oʻtirishga haqli. Koʻrgan boʻlsangiz, oʻlchami taxminan 5/3 keladigan bekatda yogʻingarchilik paytlari odamlar sigʻmaydi ham.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid