Shavkat Mirziyoyev mahallalarni raqamlashtirishni topshirdi

“Mahalla yettiligi” raqamli tizimlardan foydalanishga oʻqitiladi. 

Jamiyat
20-dekabr 2023 yil
Shavkat Mirziyoyev mahallalarni raqamlashtirishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. 

"Raqamlashtirish, eng avvalo, mahalladan boshlanishi kerak", dedi davlatimiz rahbari yigʻilishda.

Hozir “mahalla beshligi” planshet va kompyuter bilan toʻliq taʼminlangan. Lekin mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli raqamli texnologiyalardan qanchalik foydalanayotgani savol ostida.

Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik boʻlimidan ishsizlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma olib kelishga majbur.

“Qachon mahallaga raqamlashtirish toʻliq kirib borsa, shundagina “Elektron hukumat” ishlab ketdi, deb ayta olamiz”,
 dedi Prezident.

Mutasaddilarga 1 martga qadar “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi”ni raqamli tizimlardan foydalanishga oʻqitish topshirildi.

Shuningdek, Prezident 2026 yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda oʻtkazilishini maʼlum qildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga “maktab – tuman – viloyat – respublika” bosqichida tanlovlar oʻtkazib, 5-8 sinf oʻquvchilari orasidan eng salohiyatli 100 nafarini tanlab olish topshirildi. 

IT yaxshi rivojlangan davlatlardan malakali ekspertlar jalb qilingan holda oʻquvchilar boʻlajak xalqaro olimpiadaga chuqur tayyorlanadi.

Bu yil IT sohasi eksporti Toshkent viloyatida – 100 mingdan 4,4 million dollarga, Samarqandda – 700 mingdan 3,2 millionga, Andijonda – 60 ming dollardan 2,8 million dollarga oshib, yuqori surʼatlarda oʻsdi. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlari eksportini yoʻlga qoʻyib, 1 million dollardan oshirdi.

Lekin, eksport Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryoda 500 ming dollarga ham yetmaydi.

Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar IT bilan mustaqil shugʻullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotayapti.

Masalan, fargʻonalik yosh dasturchi Brayl alifbosini tarjima qiladigan dastur yaratib, AQSh, Meksika va Braziliyaga 150 ming dollarga sotgan.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+