OʻFA qator futbolchi va murabbiylarni jazoga tortdi

Jumladan, futbolchi Ignatiy Nesterov va “Navbahor lochinlari”klubi vitse-prezidenti jazolandi.

Sport
20-dekabr 2023 yil
OʻFA qator futbolchi va murabbiylarni jazoga tortdi

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi turlar doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi, futbolchilar va jamoalar jazolandi. 

Superliganing 26-turi doirasidagi “Navbahor lochinlari” — “Neftchi” uchrashuvining 78-daqiqasida “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchisi I.Nesterov uchrashuv toʻxtatilgan vaqtda texnik zonani tark etib, maydonga chiqqanligi hamda tartibsizlik vujudga keltirgani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Ignatiy Nesterovga (Navbahor lochinlari) nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

26-turi doirasidagi “Navbahor lochinlari” — “Neftchi” uchrashuvi davomida “Navbahor lochinlari” futbol klubi vitse-prezidenti O.Samatov texnik zona hamda maydonga chiqib, provakatsion harakatlar qilgani qayd etilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Otabek Samatovga (Navbahor lochinlari) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

26-tur doirasidagi OKMK — “Nasaf” uchrashuvining 83-daqiqasida OKMK futbol klubi futbolchisi S.Tursunov raqib oʻyinchisining yuz qismiga qoʻli bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Sanjar Tursunovga (OKMK) nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Superliganing 25-turi doirasidagi “Turon” — “Andijon” uchrashuvining 37-daqiqasida “Turon” futbol klubi futbolchisi A.Aysarov toʻp uchun kurashish vaqtida oyogʻining tag qismi bilan raqib oʻyinchisining oyoq qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Asilbek Aysarovga (Turon) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Superliganing 24-turi doirasidagi OKMK — “Turon” uchrashuvi yakunlangandan soʻng, “Turon” futbol klubi shifokori A.Sotiboldiyev bosh hakam sha’niga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka koʻrsatilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Adhamjon Sotiboldiyevga (Turon) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) intizom chorasi qoʻllanildi.

Superliganing 25-turi doirasidagi “Olimpik” — “Navbahor lochinlari” uchrashuvining 90+8-daqiqasida “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchisi L.Chermel toʻp uchun kurashish vaqtida qoʻlining tirsagi bilan raqib oʻyinchisining yuz qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Luka Chermelga (Navbahor lochinlari) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Superliganing 25-turi doirasidagi “Turon” — “Andijon” uchrashuvi yakunlangandan soʻng “Turon” futbol klubining bosh murabbiyi Yo.Nazarov oʻyindan keyingi matbuot anjumanida tasdiqlanmagan, notoʻgʻri maʼlumotlar bergani qayd etilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Yorqin Nazarovga (Turon) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“Superliga va Pro liga reglamenti”ning 10.18-bandida Superliga klubi musobaqada futbolchining funksional holatini masofadan turib manitoring qilish imkonini beruvchi moslamadan foydalanish hamda bu boradagi xisobotni OʻFA uchun taqdim etishi kerakligi belgilangan. Aniqlanishicha, 202 yilgi Superliga musobaqasida ishtirok etgan “Andijon”, “Navbahor Lochinlari”, “Bunyodkor”, “Metallurg”, “Buxoro”, “Neftchi” futbol klublari mazkur moslamani xarid qilgan boʻlsada, belgilangan hisobotni OʻFAga taqdim etmagan. Shuningdek, OKMK va “Nasaf” futbol klublari ushbu moslamani xarid qilmagan va belgilangan talabni umuman bajarmagan. OʻFA Intizom kodeksining 5.22-bandiga asosan reglament talablarini bajarmagani uchun mazkur futbol klublariga nisbatan jarima intizom chorasini qoʻllash belgilandi.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, “Andijon”, “Navbahor Lochinlari”, “Bunyodkor”, “Metallurg”, “Buxoro” va “Neftchi” OKMK va “Nasaf” futbol klublariga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+