Istanbulning anʼanaviy koʻcha taomlari haqida bilasizmi?
Turk oshxonasi, Mishlen yulduzli restoranlardan tortib, mintaqaviy taomlarigacha xalqaro miqyosda diqqatga sazovordir.

Turk oshxonasi, Mishlen yulduzli restoranlardan tortib, mintaqaviy taomlarigacha xalqaro miqyosda diqqatga sazovordir. Boy tarixi va zamonaviy koʻngilochar markazlari bilan mashhur boʻlgan Istanbul sayohati davomida shaharni toʻliq his etish uchun turli anʼanaviy lazzatlardan bahramand boʻlish lozim. Jumladan, Istanbulning koʻcha taomlari madaniyati oʻrganilishi kerak boʻlgan alohida mavzudir. Har bir mintaqaning oʻziga xos taʼmga ega koʻcha taomlari mavjud. Quyida ular haqida batafsil tanishib chiqamiz.
Nonushtadan kechki ovqatgacha...
Dunyoga mashhur turk nonushtasining asosiy qismi boʻlgan «simit» Istanbulning eng mashhur va keng tarqalgan koʻcha taomidir. Klassik simit diametri taxminan 15 sm boʻlgan, kunjut urugʻlari bilan qoplangan, tashqi qismi qarsildoq, ichki qismi mayin, oson chaynaladigan halqa shaklidagi nondir. Paromlardagi kichik doʻkonlarda va koʻcha sotuvchilarining antiqa aravachalarida sotiladigan ushbu Istanbul koʻcha taomi ochlikni qondirish uchun yetarli darajada toʻyimlidir. Simit, ayniqsa, ertalab bir stakan issiq turk choyi va turk pishlogʻi bilan mazali nonushtani tashkil qiladi. Ushbu uchlik tushdan soʻng choy oʻrniga ayron ichimligi bilan ham yoqimli tamaddi oʻrnini bosadi.
«Doner» mamlakat chegaralaridan tashqarida ham mashhur taomdir. «Doner» soʻzi «aylan» degan maʼnoni anglatib, ziravorlangan, ingichka qilib kesilgan mol goʻshti, qoʻzichoq yoki tovuqni vertikal temir six yordamida grilda pishirish uslubini anglatadi. Taomning hashamatli tortigʻida guruch toʻshagida goʻsht boʻlaklari boʻlishi mumkin boʻlsada, Istanbulda koʻcha turi odatda yupqa yassi nonga oʻralgan yoki salat, pomidor va ehtimol sous bilan non ichiga toʻldirilgan holda keladi.
«Kokorech» Turkiyaning sevimli yengil koʻcha taomi boʻlib, u toʻyimli non orasiga toʻldirilgan qoʻy yoki qoʻzichoq ichaklaridan iborat. Pishgan goʻsht halqa shaklida kesiladi, undan soʻng esa, yirik boʻlaklarga boʻlib mijozlarga tortiq etiladi. Turk milliy taomlarining eng oʻziga xoslaridan biri boʻlgan «Kokorech» mamlakatda, ayniqsa, kechki ovqat sifatida sevib tanavvul qilinadi. «Kokorech» yaxshi tozalangan qoʻy ichaklarini olovda qizdirib, qalampirmunchoq, chili qalampiri, jambil va tuz kabi turli ziravorlar bilan aralashtirib tayyorlanadi. Koʻpincha yupqa non orasiga oʻrab, sendvich koʻrinishida isteʼmol qilinadi.
Toʻldirilgan midiya (chigʻanoq) koʻcha taomi
Toʻldirilgan midiya Turkiyaning dengiz boʻyidagi har bir shahrida, ayniqsa, Istanbul xiyobonlari boʻylab joylashgan doʻkonlarda mavjud boʻlgan mazali va mashhur taomdir. Midiya qobigʻi guruch, tuz, chigʻanoqning ichki suyuqligi hamda ziravorlardan tashkil topgan masalliqlar bilan toʻldiriladi va ustiga limon siqilgan holda tortiq etiladi. Midiya sotuvchilarni butun Istanbul boʻylab, ayniqsa Taksim, Beshiktosh va Kadkoʻy tumanlarida oson uchratish mumkin. Kartoshka chipslari kabi, faqat bittasini isteʼmol qilish deyarli imkonsiz.
Shuningdek, ushbu roʻyxatga choʻgʻda pishgan makkajoʻxori va mazali kashtan yongʻoqlari, dengiz boʻyidagi qayiqlarda pishiriladigan issiqqina “baliqli non” hamda qoʻrda pishgan katta kartoshka orasiga pishloq va boshqa turli lazzatlar solib tayyorlanadigan «kumpir» koʻcha taomlarini ham kiritishimiz mumkin.