“Qonundagi oʻgʻrilar”: xalq orasida ideallashib ketgan jinoyatchilar
Nega uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash avj olayotganiga qaramasdan, hamon “qonundagi oʻgʻri”lar mavjud va ayrimlari ochiqchasiga faoliyat yuritishsa-da, ularga hech kim tegmaydi?
“Qonundagi oʻgʻri” atamasi koʻpchilikka tanish boʻlsa-da, hamma ham uning maʼno-mohiyatini toʻla tushunib yetmasa kerak. Chunki bu tushuncha va u bilan bogʻliq maʼlumotlar hozirgi oʻzbek OAV uchun oʻziga xos tabu hisoblanadi. Uyushgan jinoyatchilik bor, ammo u haqda gapirish rasman taqiqlanmagan boʻlsa-da, istalmagan mavzu. Har holda OAV sifatida rasman roʻyxatdan oʻtgan tuzilmalar bu mavzuni aylanib oʻtishga harakat qilishadi.
Mustaqillikning ilk yillarida, Mixail Gorbachev boshlagan “oshkoralik, qayta qurish va hurfikrlilik” shamolining taʼsiri hali ketmagan davrda bu mavzu haqida ochiq maʼlumotlar berilgan. Biroq Oʻzbekistonning eski prezidenti oʻz hokimiyatini mustahkamlab olgach, bunga chek qoʻyildi.
Hatto eski prezidentning “ogʻzidan chiqib ketgan” mavzu va faktlar ham OAVda aks-sado bermas edi. Chunki prezidentdan pastda turgan, OAV nazoratini qoʻlga olgan korchalonlar bu jarayonni qattiq nazorat qilishgan.
Masalan, Oʻzbekistonda DAEWOO avtomobil zavodi qurilganida, mish-mishlarga koʻra, Andijondagi Stallone laqabli bir “obroʻli” jinoyatchi goʻyoki zavoddan oʻlpon talab qilgan. Oʻlponni mashinalar bilan toʻlashlari mumkinligini aytgan.
Bu eski prezidentning hamiyatiga qanchalik ogʻir tekkanini bilmaymiz. Biroq u ochiq, televideniye orqali namoyish etilgan yigʻilishlardan birida “Stallone degani chiqqan emish. Oyogʻidan osish kerak bundaylar”ni degan edi. Albatta, OAV erkin mamlakatda bu mavzu darrov aks-sado berib, tahlil qilinishi, bu bayonotning sabab-oqibatlari oʻrganilishi tabiiy. Ammo Oʻzbekistoning nazorat ostidagi OAVsi bunga eʼtibor bermaslikni maʼqul koʻrgan.
Shuningdek, Karimov Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan birga Samarqandda yangi ish boshlagan xususiy tadbirkorlar bilan suhbatlashgani borganida, bir tadbirkordan “Sizda qoʻriqchi bormi? Kim sizni qoʻriqlaydi unda? Samarqandda reketlar yoʻqmi?” deb soʻragani videokadrlarda muhrlangan. Eng qizigʻi, Karimov tadbirkorga yoki qoʻriqchi olishi, yoki tovar va biznesini sugʻurta qilishi lozimligini maslahat bergan. Demakki, oʻsha davrda Karimovning oʻzi ham tadbirkorni militsiya qoʻriqlay olishiga koʻzi yetmagan. Jinoyatchilarning tadbirkorlarga bemalol tajovuz qilishi mumkinligini shu tarzda eʼtirof etgan.
Stalin yaratgan “qonun oʻgʻri”lari
Uyushgan jinoyatchilik olamida eng yuqori “mast” (daraja) boʻlmish “qonundagi oʻgʻri” tushunchasi sobiq SSSR va undan keyingi postsovet davlatlarida yashovchilarga xos fenomen. Xorijda ayni shunday tushuncha va maqom yoʻq. Toʻgʻri, xorijda ham uyushgan jinoyatchilik va ularning rahbarlari mavjud. Bunday kriminal avtoritetlarni jinoiy boss (crime boss), don (don), guruh yetakchisi, choʻqintirgan ota (godfather), jinoiy yoki kriminal baron (narkobaron), mafiya bossi, paxan, oyabun yoki kumityo deb atashadi. Ammo ulardagi tartib va tushunchalar postsovet hududidagi analoglaridan tubdan farq qiladi.
Aslini olganda, uyushgan jinoyatchilikning qudratli kuchga aylanishi sobiq SSSR hududida 80-yillar oxirida boshlangan. 90-yillarda esa real tahdidga aylangan. Biroq bu jarayonning ildizlari 30-yillarga borib taqaladi.
Maʼlumki, qonxoʻr diktator Iosif Stalin boshlagan repressiya mamlakat qamoqxonalarini toʻldirib yubordi. Stalin haqida latifa aytdingmi – xalq xoinisan, 12 yilga Sibirga daraxt kesgani ketasan. Bilimli odammisan – demak josussan, 20 yilga qamalasan... Hatto buyuk olim va generallar ham birgina chaquv, hasad bois ushbu muzxonalarda oʻlib ketgan. Masalan, mashhur raketasoz ixtirochi olim Sergey Korolev 1938 yilda qamoqqa olingan. Tajribalardan birida quvur portlab ketgani bois, Korolevni Gʻarb davlatlari foydasiga josuslikda, ataylab sovet mulkiga zarar yetkazish va sovet ilm-fanining obroʻsini tushirishda ayblashgan. Uni otishga – oʻlim jazosiga hukm qilmoqchi boʻlishgan, biroq 10 yilga qamatib, Uzoq sharqqa joʻnatishgan. Qamoqda olim boshqa jinoyatchilar tomonidan oʻldirilishi yoki noinsoniy ogʻir mehnat hamda sovuqdan oʻlib ketishi mumkin edi. Lekin yana bir siyosiy mahbus – Moskva aviatsiya zavodining sobiq direktori Mixail Usachev baquvvat va oʻtkir odamligi bois, uni boshqalardan himoya qilib yurgan.
Mamlakatdagi qamoqxonalar toʻlib ketganidan, oʻta sovuq mintaqalarda oʻnlab yangi qamoqxonalar qurildi. NKVD (hozirgi IIV) qoshida butun bir boshqarma – Jazoni ijro etish – mehnat lagerlari bosh boshqarmasi (Glavnoye upravleniye ispravitelno-trudovыx lagerey – GULAG) tuzildi. KGBning rasmiy maʼlumotlariga qaraganda, birgina 1937-38 yillarda siyosiy ayblovlar bilan 1 million 344 ming 923 kishi qamoqqa hukm qilingan. Ularda 20-25 yillik muddatga ozodlikdan mahrum etilgan 10 milliondan ziyod odam jazoni oʻtagan. Ular aslida tekin qul boʻlishgan. Radiatsiya ufurib turgan uran va oltin konlari, zaharli gaz va neft qazib olish, mashaqqatli ishlarni bajarishgan. Belomor kanali, Baykal-Amur magistrali, millionlab gektar kesilgan oʻrmonlar ayni shu mahbuslar tekin mehnatining sharofatidandir.
Bu qamoqxona va lagerlarda, qolaversa, siyosiy mahbuslardan tashqari haqiqiy jinoyatchilar ham boʻlgan Albatta, millionlab mahbuslarni ushlab turish mushkul ish. Kunora isyon koʻtarilgan, mahbuslar ishga chiqishdan bosh tortishgan, lager mulkiga zarar yetkazishgan, “vertuxay”larga – qorovul va nozirlarga hujum qilish holatlari koʻpaygan.
Stalin rejimi 10 milliondan ziyod odamni boshqarib, boʻysundirib turish uchun samaraliroq chora izlagan. 10 million mahbus uchun 3 million qorovul qoʻyish samarasiz, unda mahbuslarning tekin qul boʻlish mohiyati yoʻqoladi.
Oʻsha paytlarda jiganlar (siyosiy mahbuslar – kommunist va jinoyat olamining raqiblari) hamda boshqa “professional” jinoyatchilar – “urka” (oʻgʻri va talonchi), “blatar” yoki “blatnoy” (jinoyatchi, jinoyat olami qonunlariga rioya etuvchi)lardan alohida bir “mast”, yaʼni maqom ajralib chiqdi.
Bu “mast”ga faqat doʻkon va uylarni tunovchi oʻgʻrilar, “maydonchi”lar (shahardagi markaziy maydonlar yoki odam koʻp toʻplanadigan joylarda qimorga oʻxshagan oʻyinlar oʻtkazib, odamlarning pulini aldab shiladiganlar), “medvejatnik”lar (seyfbuzar va qulfbuzarlar) kirgan. Boshqa mayda jinoyatchilarning obroʻsi bu doiraga kirish uchun munosib koʻrilmagan.
Qamoqxonadagi mahbuslarni nazoratda ushlab turish uchun eski, tarixiy, ammo samarali usul qoʻllanildi: “sopi oʻzidan chiqarildi”. Bu usulda dushmanning ichidan xayrixoh yoki sotqin topiladi va uning qoʻli bilan dushman tizim boshqariladi yoki mahv etiladi.
Georgiy Podlesskix va Andrey Tereshonokning “Qonundagi oʻgʻrilar: hokimiyatga iddao” (Vorы v zakone: brosok k vlaste. “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti, Moskva, 1994) kitobida yozilishicha, millionlab mahbuslar armiyasini boshqarish uchun ularning ichida hurmatga sazovor mahbuslar tanlab olingan va hamkorlikka majburlangan.
Bunday maxfiy yordamchilarga turli jinoiy guruhlarni birlashtirib, ularga rahbarlik qilish, hukumat topshiriqlarini bajartirish, siyosatdan uzoq tutish, kerak paytda kerakli muhim jinoyatchilarni tez aniqlab berish va qurbon qilish topshiriqlari berilgan. Evaziga esa ularga muntazam yordam, nisbatan yaxshi hayot sharoitlari taʼminlangan. Ular turli baraklarga bemalol borib, oʻz vazifalarini bajarishlari uchun erkinlik berilgan. Boshqa oddiy “quloqlar”, yaʼni maʼmuriyat bilan hamkorlik qiluvchi xufyona yordamchilar vositasida bunday tanlangan yetakchilarning obroʻsini koʻtaruvchi maxsus operativ tadbirlar uyushtirilgan, turli mish-mishlar tarqatilgan. Emishki, falon “vorzakon” hokimiyatdan ham qoʻrqmas ekan, falonchi komandirga falon deb qoʻrqmay javob qaytarib, sindiribdi va hokazo.
Bunday “vor v zakone”larning hokimiyat bilan yaqin munosabatlari qatʼiyan rad etilgan. Ular hokimiyatdan ham qoʻrqmaydigan, jinoyatchilarga yordam bera oladigan shaxslar, degan yasama va qalbaki obraz shakllantirilgan.
Natijada “qonundagi oʻgʻri” tushunchasi paydo boʻlgan. Garchi jinoyatchilarning oʻzlari bu qonuniy oʻgʻrini, qonun chiqaruvchi oʻgʻrini anglatadi deb izohlashsa-da, aslida uning boshqa turli talqinlari ham mavjud.
Qiyoslash uchun: jinoyatchilar jargonida “blat v gorode” (shahardagi jinoyatchi) – pora oluvchi amaldorni anglatadi.
“Qonundagi oʻgʻri”larning “qonun”lari
Qonundagi oʻgʻrilarga tegishli majburiyatlar, vakolatlar, qonunlar va tushunchalar (ponyatiya) ham bor. Masalan, ijtimoiy meʼyor va tartiblarga amal qilmaslik, jinoyatlarni tekshirish jarayonida guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida ishtirok etmaslik (faqat oʻzining jinoyati boʻyicha jarayonlar bundan mustasno), oʻgʻrilarning barcha qonunlariga amal qilish (hatto majburlangan va qiynoqqa solingan sharoitda ham), ijtimoiy foydali mehnat qilmaslik, davlat ishida ishlamaslik, jazoni ijro etish muassasalarida (JIEM) maʼmuriy-xoʻjalik lavozimlarida (brigadir, master va hokazo) ishlamaslik, ayollar bilan uzoq muddatli muloqot oʻrnatmaslik, oila qurmaslik, qarindosh-urugʻlar bilan doimiy muloqotni saqlamaslik, oʻgʻrilar jamiyatining barcha oliy toifali aʼzolarini hurmat qilish, JIEMda oʻgʻrilar tartib-qoidalarini oʻrnatish, mahbuslar oʻrtasidagi nizolarda qozilik qilib, adolatli hal etish, jinoyatchilik olamiga yoshlarni, yangi aʼzolarni muntazam chaqirish, boshqa elita oʻgʻrilarini “qonundagi oʻgʻri” deb eʼlon qilish (koronatsiya – toj kiydirish), siyosatdan batamom uzoq boʻlish, harbiy xizmat qilmaslik, hukumat bergan qurolni ushlamaslik, qimor oʻyinlarini yaxshi bilish va qarzlarini vaqtida toʻlash va hokazo.
Bunday qonunlarga amal qilmaslik tegishli jazoga olib keladi. Maxsus “sxodka” (majlislarda) uning maqomini tushirish va hatto tojini olib qoʻyishlari ham mumkin boʻlgan.
1940-yillarda bu anʼanalar oxir-oqibat ushbu jinoiy jamoaning tarixiy shaklda deyarli butunlay yoʻq qilinishiga olib keldi: ikkinchi jahon urushi davrida koʻplab "qonun oʻgʻrilari" hukumatning qizil armiya safiga qoʻshilish taklifiga rozi boʻlishdi. Ular Germaniya ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng, yana jazoni davom ettirishlari uchun lagerlarga qaytarildi. Bu yerda ular va jinoiy muhit anʼanalaridan chetga chiqmagan "oʻgʻrilar" oʻrtasida "sukalar urushi" boshlangan, buning natijasida ikkala tomon ham katta talofotlar koʻrgan.
Shuni taʼkidlash kerakki, oʻgʻrilarning tushunchalari boʻyicha eng ogʻir jinoyatlardan biri– haqorat qilish, ayniqsa, onadan soʻkish boʻlgan. Buning uchun “soʻrab” olingan. Agar “soʻrab” ololmasa, bunga roziligini bildirgan hisoblanib, obroʻsini yoʻqotgan.
Qizigʻi shundaki, huquqni muhofaza qilish idoralari “qonundagi oʻgʻrilar”dan kerak paytda foydalanib turishgan. Masalan, urush yillarida “qonundagi oʻgʻrilar” barcha jinoyatchilarga “harbiylarga tegmaslik, ularga va mulklariga tajovuz qilmaslik” haqida “progon” (malyava) joʻnatishgan. Shuningdek, siyosatdan uzoq turish kabi talablar ham aynan hukumat manfaati uchun oʻylab topilgan, deyishadi ayrim tahlilchilar.
30-yillar ortda qolib, ikkinchi jahon urushi tugagach, “qonundagi oʻgʻri”lar oʻz mavqeini ancha mustahkamlab oldi. “Obshak” – umumiy moliyaviy fond paydo boʻldi. Bu jamgʻarma pullari sanchast (shifoxona), qarser (jazo kameralari), “peredacha” (mahbuslarga tashqaridan kiritiladigan oziq-ovqat, tamaki, kiyim kechak va boshqalar) hamda tergov hibsxonalarida yotganlar uchun sarflangan. Barcha mahbuslar bu jamgʻarma uchun “oʻlpon” toʻlashgan. Ayrim mahbuslar “oʻlpon”ni tamaki, spirtli mahsulotlar va non bilan toʻlashgan. Barcha favqulodda vaziyatlar uchun “qonundagi oʻgʻri”lar “sxodka” yoki “sxodnyak” – oʻgʻrilar hokimiyatining eng yuqori organi oldida shaxsan javobgar boʻlishgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin davlat “qonundagi oʻgʻrilar”iga qarshi urush eʼlon qildi. Ular, oʻsha paytda, NKVDning operativ maʼlumotlariga koʻra, allaqachon bir necha ming kishini tashkil etardi. Jinoiy elitaga endi "uyushgan jinoyatchilik" deb nom berildi. “Qonun oʻgʻrisi” boʻlishning oʻziyoq endi jinoyat hisoblanardi. Aksariyat oʻgʻrilar “mehnat” va qon toʻkish evaziga topgan yuksak unvonlaridan voz kechishga majbur boʻldilar.
Sindirilgan oʻgʻrilar “otkaznik” yoki “suka”lar deb eʼlon qilindi. Ularning koʻpchiligiga nisbatan “sxodka” qaroriga koʻra, oʻlim hukmi chiqarildi. Natijada “qonundagi oʻgʻri”lar orasida ham nizolar kelib chiqib, ularning boʻlinib ketishiga olib keldi.
Ayniqsa, 1956 yilda oʻtkazilgan bir huquqiy tajriba diqqatga molik. SSSR IIV “qonundagi oʻgʻri”larni yigʻib, bitta lagerga qamadi. “6-sonli Solikam jazoni ijro etish-mehnat koloniyasi” (xalq tilida “Oqqush” deb atalgan) lageri 80-yillargacha ham mavjud edi. Bu yerda qonun oʻgʻrilari bir-birlarini tom maʼnoda gʻajiy boshladi.
Davlat qonunlari “qonundagi oʻgʻrilar”ga qarshi
Koʻpchilik davlat rahbarlari uyushgan jinoyatchilikning kuchayib, uning kursisiga hamla qilib qolishlaridan choʻchigan holda bu “ajdaho”ning boshini yanchish, uyushgan jinoyatchilikka butunlay barham berishga harakat qilishgan.
Biroq uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash har bir davlatda oʻziga xos tarzda kechgan. Toʻgʻri, mayda-chuyda oʻgʻri yoki qotillarni topish va jazolash qiyin emas. Biroq u qandaydir jinoyatchilik jamoasiga oid boʻlsa, ular bilan tanish boʻlsa, jazodan qutulib qolgan. Ayniqsa, korrupsiya rivojlangan davlatlarda amaldorlar ham uyushgan jinoyatchilik vakillarining hamtovogʻiga aylangan.
Turkmaniston
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, Turkmaniston prezidenti Saparmurat Niyozov 90-yillarda barcha jinoiy guruhlarning “katta”larini aldab chaqirtirib, bitta joyga toʻplab, hammasini otib tashlash haqida buyruq bergan ekan. Hozir ham uyushgan jinoiy guruhlarning ayrim vakillari ushlangani haqida xabarlar chiqib turadi.
Ukraina
Ukrainada, xususan, Qrim yarim orolida 1995 yilga kelib, jinoiy yetakchilarni shunchaki xufyona yoʻq qilish kampaniyasi boshlangan. Chunki rasmiy ravishda oʻtkazilishi kerak boʻlgan tergov va sud jarayonlari vositasida ularning aybini isbotlash qiyin. Qolaversa, ularning hukumat tepasidagi yaloqxoʻrlari oraga tushib, qutqarib qolishi mumkin.
Oʻrni kelganda aytish joiz, hozirgi paytda Rossiya-Ukraina urushi, Yevropa bilan vizasiz tashriflar oʻrnatilgani ukrainalik “qonun oʻgʻrilari”ning mavqeini mustahkamlagan. Qurol savdosi, odam savdosi va boshqa noqonuniy biznes koʻlami keskin oshgan. Ukrainaga yetkazib berilayotgan Gʻarb qurollarining “qora bozor”da paydo boʻlayotgani aynan shu guruhlar bilan bogʻliq, deyishadi.
Qirgʻiziston
Joriy yilning 4 oktabr kuni Kolya qirgʻiz laqabli “qonundagi oʻgʻri” Qamchibek Kolbayev Bishkekda maxsus kuchlar tomonidan otib oʻldirildi. Qirgʻiziston davlat xavfsizlik qoʻmitasining izoh berishicha, u huquqni muhofaza qilish kuchlariga faol qurolli qarshilik koʻrsatgan va uni oʻldirishga majbur boʻlishgan.
Gruziya
Gruziyada 2005 yil 20 dekabrda prezident Mixail Saakashvili tashabbusi bilan qabul qilingan “Uyushgan jinoyatchilik va reket toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, Gruziya Jinoyat kodeksining 223-1-moddasi “Oʻgʻrilar jamoasiga aʼzolik, “qonun oʻgʻrisi” tushunchalari bilan toʻldirildi. Unga koʻra, jinoiy uyushmaga aʼzolik jarima bilan yoki jarimasiz 5 yildan 8, biror shaxsning “qonundagi oʻgʻri” maqomida boʻlishi esa jarima bilan yoki jarimasiz 7 yildan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Shu bilan birga, oʻgʻrilar olami "oʻzi tomonidan oʻrnatilgan/eʼtirof etilgan qoidalarga muvofiq faoliyat yuritadigan va maqsadi qoʻrqitish, tahdid qilish, oʻgʻrilar oʻrtasida oʻzaro janjallashish, voyaga yetmaganlarni noqonuniy harakatlarga jalb qilishga qaratilgan jinoiy harakatlar yordamida yoki boshqalarni bunga undash orqali oʻz aʼzolari yoki boshqa shaxslarga foyda keltirish»dan iborat boʻlgan har qanday jamoa" deya taʼriflanadi. Oʻgʻrilar olamining aʼzosi "oʻgʻrilar olamini tan oladigan va oʻgʻrilar olami maqsadlariga erishish uchun faol harakat qiladigan har qanday odam" hisoblanadi.
Rossiya
2019 yil 1 aprelda Rossiya prezidenti V.Putin Rossiya Jinoyat kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini imzoladi, unga “Jinoiy iyerarxiyada yuqori mavqeni egallash” – 210.1-moddasi kiritilgan boʻlib, unda jazoni nazarda tutadi. 5 million rublgacha jarima solish bilan 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, jinoiy jamoa tuzish yoki unga rahbarlik qilish, jinoiy uyushmalar yigʻilishlarida qatnashish 20 yilgacha jazolanadi.
Ushbu modda boʻyicha birinchi boʻlib 2019 yilning may oyida Tomskda hibsga olingan "Kolya Tomskiy" nomi bilan tanilgan qonun oʻgʻrisi Nikolay Kuzmichev jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Boshqacha aytganda, Gruziya va Ukrainada endi "qonundagi oʻgʻriman", deb aytishning oʻziyoq jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Lekin jinoyat olamining "ponyatiya"lari boʻyicha, “qonundagi oʻgʻri” undan oʻgʻrimisan, deb soʻralsa, rad javobi berishi mumkin emas. U dangal "ha oʻgʻriman", deya javob berishi lozim.
Rossiyada esa IIVning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻlinmalari ayni shu imkoniyatdan unumli foydalanishadi. “Qonundagi oʻgʻri"dan kimligini soʻrash kifoya. Kimligini oʻzi aytishga majbur.
Nechta “vorzakon” bor?
Koʻpchilik tahlilchilarning yozishicha, hozir ham butun postsovet respublikalaridagi “qonun oʻgʻrilari”ning rahbarlari asosan Rossiyada joylashgan. Biroq hozirgi paytda Rossiyada mavjud "qonun oʻgʻri"larining aniq sonini aytish qiyin. Oʻgʻrilar klani oʻz sirlarini qanday himoya qilishni biladi va ular haqidagi maʼlumotlar faqat operativ tarzda, agentlar va texnik vositalar yordamida olinadi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2007 yil noyabr holatiga koʻra, 184 kishi "qonundagi oʻgʻri" maqomiga ega boʻlgan. MDH davlatlarida mavjudlari bilan birga mingdan ortiq boʻlishi mumkin. Baʼzi ekspertlar 1500 raqamini keltirishadi. Operativ hujjatlarda esa 400-600 oʻgʻri haqida batafsil maʼlumotlar: ismlar, laqablar (“klichka”, "klikuxa", "pogonyalo"), tarjimai hollar, jinoiy reyting, hozirgi yashash joyi haqida maʼlumotlar yigʻilgan va muntazam yangilanib turiladi.
“Qonundagi oʻgʻri”larning aniq sonini aytishga toʻsiq boʻlgan omillardan biri – “qonundagi oʻgʻri” atamasi hamda qonunlarning oʻzi ham oʻzgarib ketgan. Zamonaviy “qonundagi oʻgʻrilar” amalda avvalgi oʻgʻrilarning qoidalariga amal qilmaydi: oilaga va oʻz uyiga ega boʻlmaslik, boylik va hashamatli narsalarga ega boʻlmaslik kabi talablar buzilib ketganiga ancha yillar boʻldi. Avvalgi “haqiqiy qonun oʻgʻri”laridan juda kam narsa qolgan.
Bugungi “oʻgʻri”lar
Bugungi kunda koʻpchilik, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligi vakillari ham qonun oʻgʻrilarining jinoyat olamidagi kuch va taʼsirini yoʻqotgan degan fikrda. Bu bahsli masala. Chunki MDHdagi qamoqxona va zonalar jinoyat olami uchun kadrlar ombori va millionlab odamlar oʻtadigan ulkan qozon kabi qaynaydi. Va ularning deyarli barchasi (“qizil zona”– maʼmuriyat qoidalari amal qiladigan hamda “yashil zona” – shariat qoidalari amal qiladigan qamoqxonalar bundan mustasno) qonun oʻgʻrilarining norasmiy hokimiyati ostida. Oʻgʻrilar qamoqxonalar va zonalarda hamon katta kuch va taʼsirga ega, ular yangi shotir va muxlislarni yollashlari, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oladigan aloqa tarmoqlarini yaratishlari mumkin. “Qonundagi oʻgʻrilar”ning dafn marosimini kuzatsangiz, naqadar koʻp odam vidolashuv uchun kelganini koʻrib, bunga amin boʻlasiz. Bunday dafn marosimlarida aktyorlar, jurnalistlar, bankirlar, siyosatchilar yigʻiladi. Hatto Yevropa, AQSh, Isroildan koʻplab delegatsiyalar keladi...
“Qonun oʻgʻrilari” va ularning “qonun”larining mohiyati oʻzgarib ketgan boʻlsa-da, asl maqsad oʻzgarishsiz qolmoqda. Anʼanaviy ravishda qonun oʻgʻrilari tomonidan boshqariladigan va jinoiy hamjamiyatni oziqlantiradigan taʼsir doiralari hamon oʻsha-oʻsha: qimor oʻyinlari, fohishabozlik, giyohvand moddalar savdosi, avtoservis, mehmonxona va restoran biznesi, import va eksport shular jumlasidan. Ayrim “obshak”larda yigʻilgan mablagʻ hajmi esa uncha-buncha yirik bank sarmoyasidan kattaroq.
Yuqorida aytilganidek, “qonundagi oʻgʻri” tushunchasi va mohiyati oʻzgarib ketmoqda. Barcha jonli tizimlar kabi jinoyat olami ham yashab qolish uchun atrofdagi oʻzgarishlarga moslashadi. Bugunga kelib ularning aksariyati “tadbirkor”ga aylangan va nisbatan ochiq faoliyat yuritadi.
Avvalgi “vorzakon”larning oʻz biznesi boʻlmagan. Hatto maoshli oddiy ishda mehnat qilish ham “zapadlo” – nomaqbul hisoblangan. “Qonundagi oʻgʻri”ni hech narsa bogʻlab turmagan. U istalgan paytda bemalol qamoqxona yoki lagerga joʻnab keta olgan. Panjara ortida uning asl hayoti boshlangan. Mahbuslarga “oʻgʻrilar”ning “qonun” va “ponyatka”larini singdirgan. Mahbuslarni nazorat qilib, ular oʻrtasidagi nizolarda qozilik qilgan.
Aslini olganda, “oʻgʻri” kim oʻzi? U “brodyaga” – daydi. Uning uyi – qamoqxona. Ozodlikda biroz yuradi va yana oʻz “uyi”ga - qamoqqa qaytadi. Oʻgʻrilarning oʻzi aytganidek, ular “dvijuxa” – harakatni taʼminlab turishi kifoya. Bu maskan esa, oʻgʻrilarning oʻzi aytganidek, “komu tyurma, a komu dom rodnoy” – kim uchundir qamoqxona, kim uchundir qadrdon uy. Oʻgʻri boshqa mahbuslarga (“opushenniy” va “obijenniy”lar bundan mustasno) yordam berishi, panjara ortida tartib oʻrnatishi va “bespredel”ga – “oʻgʻrilar qonun”lari qoʻpol buzilishiga yoʻl qoʻymasligi zarur boʻlgan.
Hozirda “qonundagi oʻgʻri”lar zamonga va qonunlarga moslashishga majbur. Toʻgʻri, ular orasida ham qamoqda oʻtirmagan holda pulga yoki tanish-bilishlar yordamida “toj kiydirilgan”– “qonundagi oʻgʻri” deb tan olinganlar ham bor. Biroq ularni “apelsin” deb atashadi va sir fosh boʻlsa, jazo choralari koʻriladi.
Hozirgi “qonundagi oʻgʻri”lar oʻzini “oʻgʻri” deb tan olmasligi yoki javobdan qochishi ham mumkin, deyishmoqda.
Gap shundaki, 2019 yilda Rossiya Jinoyat kodeksida 210.1-modda paydo boʻlganidan soʻng buni tan olish avtomatik jinoiy javobgarlikni anglatadigan boʻlib qoldi. Shu yili Moskva viloyatilik “qonundagi oʻgʻri” Oleg Muxametshin (laqabi – Muxa Lyuberetskiy)ni videokamera roʻparasida soʻroq qilishganida “oʻgʻrimisan” degan savolga “siz uchun oʻgʻri emasman, boshqalar esa kimligimni shundoq ham bilishadi” deya javob bergan. Avvalgi tartib boʻyicha, “sxodka” oʻz statusidan ommaviy ravishda bosh tortgan «qonundagi oʻgʻri»larga nisbatan jazo choralari qoʻllashi kerak edi. Biroq jinoyat olami unga hech qanday sanksiya qoʻllamadi. Demak, oʻgʻrilar olami politsiyaga shu tarzda javob berishga, “yoʻq” deyish qonunga zid kelmasligiga oʻzaro kelishib olishgan.
“Qonundagi oʻgʻri”lar kerakmi?
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nega uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash avj olayotganiga qaramasdan, hamon «qonundagi oʻgʻri»lar mavjud va ularning ayrimlari ochiqchasiga faoliyat yuritishsa-da, ularga hech kim tegmaydi?
Bu savolga javob berish uchun ayrim effektlar taʼsiridagi ssenariylarni modellashtirib koʻrsak.
1. “Status-kvo” effekti. Aytaylik, biror davlat tepasidagi shaxslar xorij bilan import-eksport aloqalarini kuchaytirmoqchi. Bu ishni qoʻlga olgan “avtoritet”larni olib tashlab, oʻz vakillari orqali qonuniy faoliyatga oʻtmoqchi boʻldi, deylik. Lekin boshqa davlatlardagi “kriminal avtoritet”lar mazkur yangi odamlarni tan olmaydi. Ular bilan munosabatga kirishmaydi. Shu tariqa shakllanib kelgan munosabat va tarmoqlarni norasmiy ravishda tan olish va ularning qoidalariga mos ravishda “oʻynash”ga majbur boʻlinadi.
2. “Sizdan ugina, bizdan bugina” effekti. Aytaylik, bir kambagʻal davlat sport yoki xalqaro tadbirlar, biror tabiiy falokatning oqibatlarini bartaraf etish uchun ortiqcha pul topishi lozim. Qonuniy yoʻllar bilan katta pul topish yoki tadbirkorlarni bunga majburlash mushkul. Yana oʻsha «qonundagi oʻgʻri»larga murojaat etishga majbur boʻlishadi. Evaziga ularning ayrim ishlariga koʻz yumish va kerak joyda hatto yordam berishga majbur boʻlishadi.
3. “Boshqariladigan xaos” effekti. Aytaylik, jinoyat olamining barcha “katta”lari yoʻq qilinib, faoliyati toʻxtatildi. Ammo, xuddi ajdahoning bitta boshi kesilsa, yana uchta mayda boshcha paydo boʻlganidek, mayda jinoiy guruhchalar koʻpayib ketadi. Ularni kuzatish va faoliyatidan xabardor boʻlib turish qiyinlashadi. Shu bois, ularni norasmiy ravishda uyushtirish – boshini qovushtirish, mingta odamdan emas, bitta «qonundagi oʻgʻri»dan "soʻrab olish" – tegishli idoralar uchun katta imkoniyatlar beradi. Evaziga esa “six ham kuymaydi, kabob ham”. (“Uyushmagan yoshlar” atamasining maʼnosi shu yerdan anglashilsa kerak). Katta akulalarga tegmasangiz, ular vaqti-vaqti bilan mayda baliqchalarni oʻzlari berib turishadi. Jinoyatlarni aniqlash va ochish statistikasi yaxshilanadi.
4. “Yumshoq kuch” effekti. Ayrim davlatlar mamlakat ichida oʻziga maʼqul kelmaydigan harakatlarni yoki xorijdagi baʼzi nozik masalalarni hal qilishda, zarur siyosatchilarga taʼsir qilishda «qonundagi oʻgʻri»larga murojaat qilishadi yoki ularning vositachiligidan foydalanishadi. Masalan, baʼzi sport musobaqalarida birinchi oʻrin olish yoki biror davlatni qandaydir musobaqa oʻtkazish joyi sifatida tanlashlari uchun «qonundagi oʻgʻri»lar sportchilar bilan bab-baravar “kurash” olib borishadi. Yoki qandaydir foydali siyosiy-iqtisodiy kelishuvlarga erishishda norasmiy “avtoritet”lar oʻz tanishlari va imkoniyatlaridan foydalanib, ijobiy natijaga katta hissa qoʻshishi mumkin.
Nega aynan Asadbekka havas qilishadi?
2021 yil iyul oyi oxirida Rostov-Dondagi xalqaro aeroportda ikki nafar oʻzbekistonlik qoʻlga olinadi. Ularning koʻylaklarida AUYe ("Arestantskoye ugolovnoye yedinstvo" – “Mahbuslarning jinoiy birdamligi” xalqaro harakatining belgisi) tushirilgan boʻlgan. Bu harakat Rossiyada taqiqlangan. Garchi yigitlarning bundan xabari boʻlmasa-da, yoshlar orasida yana jinoyat olami “romantikasi” avj ola boshlaganini tan olish kerak.
90-yillarda "jinoyatchilik romantika"siga havas kuchli boʻlgan. Koʻpchilik yoshlar bandit va oʻgʻri boʻlishni, hamma undan qoʻrqishi va tekin pul topishni istashgan. Biroq hozir bunday emas. Havas qiladigan oʻsmirlar ham hali qamoq nimaligini tushunishmaydi. Bunday romantiklar koʻp emas, bir soatgina qamoqda boʻlishsa, AUYeni uzoqdan aylanib oʻtadigan boʻlishadi.
“Shaytanat” asari bilan mashhur boʻlgan marhum yozuvchi Tohir Malik bir narsadan afsuslangan. Uning aytishicha, oʻquvchilarning aksariyati bu asar mohiyatini, yozuvchi qanday mujda yoʻllayotganini notoʻgʻri tushungan. “Shaytanat” – jinoyatchilik olamini olqishlaydigan emas, uning chirkin jihatlari koʻrsatilgan asar aslida. Biroq xalq uyushgan jinoyatchilik olamining “katta”si Asadbek obraziga muxlislik qildi, havas qildi, uni ijobiy qahramon sifatida qabul qildi.
Mario Pyuzoning “Choʻqintirgan ota” asari va unga asoslanib suratga olingan shu nomli filmdagi Don Korleone obrazi xususida ham ayni holatni kuzatamiz.
Xalq orasidagi ayrim odamlar “koʻcha bollari”dan zarar koʻrsa ham, ularni hurmat qiladi. Chunki qul oʻzidagi zanjirdan ozod boʻlishni emas, quldor boʻlib, boshqa qullarni ezib ishlatishni orzu qiladi. Shu bois, jinoyatchilarga hurmatni odamlardagi ichki qoʻrquv bilan baholash kerak. Davlat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar kuchsizlansa, operativ vaziyatda (kuch va vositalar nisbatida) jinoyatchilarning “toshi ogʻir” kelsa, yoki huquq himoyachilari hamda davlat amaldorlari jinoyatchilar bilan qarindoshlik va biznes rishtalarini bogʻlab, chatishib ketsa, tabiiyki, xalq jinoyatchilardan qoʻrqa boshlaydi. Ularning ustidan shikoyat qilish va qarshi kurashishga emas, kelishishga harakat qiladi.
Oʻzbekiston
Hozir Oʻzbekistonda “qonundagi oʻgʻrilar”ga qarshi reydlar boshlandi. Toshkent shahar IIBB xabariga koʻra, poytaxt hududida jinoyatlarning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida kriminogen vaziyatni yaxshilash boʻyicha tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, “Sayidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan 1987 yilda tugʻilgan Saidaliyev Saidaziz sport bilan shugʻullangan jismonan baquvvat boʻlgan bir nechta shaxslarni oʻz atrofiga jalb qilib bir nechta jinoyatlarni sodir etgan. U va sheriklari qamoqqa olingan.