Modi va Erdoʻgʻondan Malayziya podshohigacha: Mirziyoyev Dubayda uchrashuvlar oʻtkazdi
Shavkat Mirziyoyev bir qator siyosiy liderlar va kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dubay shahrida bir qator siyosiy liderlar va kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Ular orasida Narendra Modi, Rajab Erdoʻgʻon kabi siyosatchilar ham bor.
Dastlab prezident 1 dekabr kuni Dubay shahrida oʻtayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasida Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.
Oʻzaro savdo hajmi oshmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari hamda ziyorat turizmi sohasida dasturlar amalga oshirilmoqda.
Sheriklik kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan boyitish maqsadida kelgusi yilda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi hamda qoʻshma biznes forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Turkiya rahbari bilan uchrashuvda keng koʻlamli strategik sheriklikni yanada kengaytirish va qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston bilan Moʻgʻuliston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yil sentabr oyida Samarqandda oʻtgan uchrashuv kelishuvlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzaro savdodagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi. Chorvachilik, oziq-ovqat, charm, agrar, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Avtomobil va havo kommunikatsiyalari, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda shartnoma-huquqiy asoslarni takomillashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvda esa ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Kommunikatsion texnologiyalar, farmatsevtika, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash, anʼanaviy tibbiyot va yoga sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish va qoʻshma dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo bilan ham uchrashdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Barcha darajalardagi oʻzaro muloqotlarning bugungi holati va ikki tomonlama savdodagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida 2 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari investitsiya vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda “TAQA” kompaniyasi rahbari Jasim Husayn Tabet va “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy ham qatnashdi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Energetika sektoridagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Tashrif doirasida bu yoʻnalishda “Masdar” kompaniyasi bilan Strategik sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari “Masdar” bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahiyga koʻp qirrali Oʻzbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.
Bundan tashqari Mirziyoyev 2 dekabr kuni “Tadweer” kompaniyasi bosh ijrochi va boshqaruvchi direktori Ali al-Daheriy va “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi Seyfi Gasemini qabul qildi.
Amirliklar kompaniyasining Oʻzbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, bunda ilgʻor texnologik yechimlarni joriy qilish rejalari koʻrib chiqildi.