Sifatsiz suv quvurlarini yotqizgan jinoiy guruh fosh etildi
Ular oldindan jinoiy til biriktirib, soxta hujjatlar tuzishgan.
“Suv taʼminoti va oqova suv obʼektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” UK Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi texnik nazoratchisi A.Azimov, pudratchi tashkilot “10-sonli Qurilish montaj boshqarmasi” MChJ ish yurituvchisi B.Izbosarov, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot “Issiqlik manbai” DUK Navoiy viloyat boshqarmasi Uchquduq filiali boshligʻi Sh.Yunusov, “Oʻzbekkommunalloyihaqurilish” Navoiy viloyat filiali boshligʻi J.Rustamov va boshqa bir guruh shaxslar fosh etildi.
Platina.uz saytida sud ajrimi keltirilgan hujjat nusxasi bor.
Maʼlum boʻlishicha, ular oldindan jinoiy til biriktirib, soxta hujjatlar tuzish, qurilish-montaj ishlarini loyihasiz amalga oshirish yoʻli bilan juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilishgan.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun byudjetdan 484 mln. soʻm ajratilganiga qaramasdan, “Mingbuloq” OFYdan Uchquduq shahriga boruvchi 7.2 km. ichimlik suvi tarmogʻini rekonstruksiya qilish uchun ish varagʻidagi yozuvlar hamda imzolari bir-biridan farqlanuvchi 3 xil koʻrinishdagi loyihada suv quvurining ulanish va boshlanish nuqtalari koʻrsatilmaganligidan foydalanib, oʻzboshimchalik bilan loyihaga oʻzgartirishlar kiritishgan.
Soʻng soxta hujjatlar asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirib, loyihadan chetga chiqib, hisob-fakturalarga ortiqcha kiritilgan 1,2 mlrd. soʻmlik 490 m., 530 mm. diametrli quvur oʻrniga diametri kichik (D-426 mm.) 3,7 mlrd. soʻmlik 1452 m., izolyatsiyasiz 2,4 mlrd. soʻmlik 968 m., jami 7 mlrd. 430 mln. 700 ming soʻmlik 2910 metr sifat sertifikatlari boʻlmagan, standart talablariga javob bermaydigan quvurlarni yotqizishgan.