Saylovlar boʻyicha yangi tizim tasdiqlandi

Shavkat Mirziyoyev bu boʻyicha tegishli qonunni imzoladi. 

Siyosat
19-dekabr 2023 yil
Saylovlar boʻyicha yangi tizim tasdiqlandi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikada majoritar saylov tizimidan majoritar-proporsional saylov tizimiga oʻtishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.

Qonun seshanba kuni mamlakat parlament nashrlarida eʼlon qilingan va shu tariqa kuchga kirgan.

Qonun parlamentning Qonunchilik (quyi) palatasi tomonidan 31 oktabrda qabul qilingan va 24 noyabrda respublika Senati tomonidan maʼqullangan.

Jumladan, Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra:

- Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;

- Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;

- Partiya roʻyxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin, ushbu roʻyxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;

- Partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning aʼzolari yoki partiyasiz boʻlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning aʼzolari ushbu roʻyxatga kiritilishi mumkin emas; 

- deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi;

- ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, shuningdek partiya roʻyxati asosida siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi lozim.

Shuningdek, yagona saylov okrugi boʻyicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik oʻrinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan koʻproq foizini toʻplagan siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlanadi.

Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan koʻproq foizini faqat bitta siyosiy partiya toʻplagan boʻlsa, unda deputatlik oʻrinlari saylovda saylovchilarning eng koʻp ovozini toʻplagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi. 

Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi.

Partiya roʻyxati boʻyicha saylangan deputatlar oʻrtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan partiya roʻyxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra,  Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraksiya tuzish huquqiga ega (ilgari kamida 9 nafar edi). 

Oʻzbekistonda shu paytgacha majoritar saylov tizimi qoʻllanilgan boʻlib, unda oʻz saylov okrugida koʻpchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan hisoblanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+