platina.uz
Jamiyat

Mashina va ekskavator vaʼda qilib katta pulga "tushirgan" shaxsga ish ochildi

Surxondaryoda huquq-tartibot idoralari vakillar ishtirokida qabul oʻtkazildi. 

Mashina va ekskavator vaʼda qilib katta pulga "tushirgan" shaxsga ish ochildi

Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi asosida Prezident Xalq qabulxonalari Termiz shahri, Denov va Sherobod tumanlarida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilgan ommaviy qabullarda viloyat prokuraturasi, sudlari, soliq, ichki ishlar, adliya va bojxona boshqarmalari masʼullari har bir masalani murojaatchilar ishtirokida sinchiklab koʻrib chiqdi. Qonuniy yechimi bor masalalar joyida hal qilib berildi.

Qabullar davomida kelib tushgan 385 ta masalaning 183 tasi ijobiy hal qilindi, 22 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan boʻlsa, 180 ta masala nazoratga olindi.

Viloyat prokuraturasiga murojaatlar asosida angorlik Sohiba Ergasheva singari 11 nafar ayolning 18 million soʻmdan ziyod aliment pullari undirib berildi.

Termiz shahri “Joʻyjangal” mahallasida yashovchi Shuhrat Joʻrayevning viloyat IIBga murojaati asosida undan “Spark”, “Neksiya-3” avtomashinalari va bitta ekskavator olib beraman deb jami 476 million soʻm olib, pullarini bermay yurgan bir shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Xuddi shunday sherobodlik Davlat Xoʻshboqov murojaati asosida uch-toʻrt yildan beri unga sotilgan chorvasi uchun jami 140,5 million soʻm mablagʻni bermay yurgan bir yoʻla uch shaxsga nisbatan ham firibgarlik holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Denovlik Zulfiya Tosheva murojaati asosida tumanning “Oloviddin” mahallasidagi, muzrabotlik Abdusalom Abdumoʻminov murojaatiga koʻra, “Muzrabot darvoza” mahallasidagi “Kamalak” bogʻchasi yonidagi yoʻllarga yoʻl belgilari oʻrnatilib, piyodalar oʻtish chiziqlari chizildi.

Fuqaroligi boʻlmagan 3 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 nafar murojaatchiga fuqarolik pasporti ID pasporti olib berildi.

Termiz shahridagi “Surxon Sifat Textile” korxonasi masʼullarining viloyat soliq boshqarmasiga qoʻshimcha qiymat soligʻi boʻyicha notoʻgʻri hisoblangan 3 mlrd 600 mln soʻm ortiqcha toʻlovni qaytarish masalasidagi murojaati joyida ijobiy hal qilindi.

Bundan tashqari, Prezident virtual qabulxonasi va viloyat sudlariga avvalgi murojaatlarga koʻra berilgan taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar bir qator ishlarni koʻrib chiqdi. Natijada, ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan 114 nafar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 4 nafar ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan mahkumlar umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyasiga oʻtkazildi, 5 nafar shaxsga oid ayblov xulosasi bilan boʻlgan jinoyat ishi yarashuv asosida koʻrilib, harakatdan tugatildi; 4 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi sudlar tomonidan ochiq sud majlisida koʻrilib, ularga qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid