platina.uz
Jahon

Zelenskiyning obroʻsi tusha boshladi

2 oy oldin roʻy bergan bir global muammo nafaqat Zelenskiyning obroʻsi, balki AQShning hozirgi maʼmuriyati, xususan, prezident Jo Baydenning ham obroʻsiga, Ukrainaga yordam ajratish rejalariga soya solib qoʻydi.

Zelenskiyning obroʻsi tusha boshladi

Har bir jarayonning koʻtarilishi, choʻqqisi va pasayishi boʻladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ham obroʻ-hurmati choʻqqisiga chiqa olganini tan olish kerak. Aktyor va biznesmenlikdan butun dunyo hurmat va havas qiladigan prezidentga aylanishning oʻzi qiyin.

Bu yerda asosiy omil urush ekanini ham tan olish adolatdan boʻladi. Umuman, urush – har qanday davlat rahbarini sinovdan oʻtkazadigan, uning kuchli va kuchsiz taraflarini yalangʻochlaydigan omildir. Aniq va kuchli tahdid qarshisida qolgan yetakchining oʻzini qanday tutishi uning keyingi maʼnaviy qiyofasini shakllantiradi.

Masalan, Afgʻonistonning xalqaro hamjamiyat tan olgan, hozircha oxirgi saylangan sobiq legitim prezidenti Ashraf Gʻani 2021 yilda Tolibon guruhining muvaffaqiyatli hujumidan soʻng shoshilinch ravishda mamlakatni tark etdi va BAAdan panoh topdi.

Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi matbuot kotibi Nikita Ishchenko bu borada shunday degan edi:

“Rejimning qulashiga kelsak, bu Gʻanining Afgʻonistondan qochib ketgani bilan ifodalanadi: toʻrtta mashina pul bilan toʻldirilgan edi, qolgan pulni vertolyotga joylashga harakat qilishdi, lekin hammasi sigʻmadi. Pulning bir qismi asfaltda qolib ketdi”.

Albatta, davlat rahbarining urush chogʻida mamlakatni tark etishi armiya va xalqning ruhini tushirib yuboradi. Shu bois Tolibon poytaxtni ham osongina egalladi. Ayrim askarlar qochib ketishdi, ayrimlari Tolibonga qoʻshildi.

Zelenskiy esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida oʻzini haqiqiy yetakchi kabi tutdi. Dengizchilarda bir yozilmagan qonun bor: kema choʻka boshlasa, kapitan hammadan oxiri kemani tark etadi. Zelenskiy Yevromaydon namoyishlari tufayli qoʻrqib, oilasi va pullarini vertolyotga solib, Rossiyaga qochib ketgan sobiq prezident Viktor Yanukovichga oʻxshab ish tutmadi. Hatto AQSh razvedkasi ham “Kiyev 3 kunda qulaydi” deya prognoz berganida, AQSh va Zelenskiyni evakuatsiya qilish va boshpana berishni taklif qilganida rozi boʻlmadi. “Menga taksi emas, qurol-yarogʻ kerak” deya javob berdi.

Zelenskiyning obroʻsini koʻtargan yana bir jihat – Rossiya yetakchsi Putin butun dunyoni qoʻrqitib, “kim Ukrainaga yordamlashsa, shafqatsiz javob beraman” deya dagʻda qilgani bois yordamga choʻchib qolgan Gʻarbni qurol-yarogʻ va moddiy koʻmaklashishga koʻndira oldi. Toʻgʻrirogʻi, Ukrainaning yengilishi Putinning ishtahasini ochib yuborishi va Yevropa uchun ulkan tahdidga aylanishiga ularni ishontira oldi.

Qolaversa, Zelenskiyning Rossiyadek qudratli davlat tajovuziga tik boqa olgani, mamlakatni tark etmagani nafaqat ukrain harbiylarini, balki ukrain xalqini dushmanga qarshi kurashga ruhlantirib yubordi. Zero, aqlli va tadbirkor yetakchi boʻlmasa, odamlar yigʻindisi shunchaki olomonga aylanadi, qochishdan va dushmanga qulluq qilishdan boshqasiga yaramaydi.

Albatta, bu oʻrinda Rossiya armiyasining misi chiqib qolgani, Kiyevning keskin qarshiligiga javob qaytara olmasdan chekingani ham Gʻarbni ruhlantirib yubordi. Rossiya armiyasining oʻzi maqtangani va boshqalar ishongani kabi dunyodagi ikkinchi qudratli armiya emasligi fosh boʻlgani Yevropaning Ukrainaga qoʻrqmasdan yordam qoʻlini choʻzishiga undadi. Biroq Zelenskiyning boʻzchining mokisi kabi davlatma-davlat qatnagani, davlat rahbarlari bilan tinimsiz muloqot qilgani ham oʻz samarasini berdi.

Qolaversa, Zelenskiy PR borasida Putinni dogʻda qoldirdi. Putin kabi tashqi dunyo bilan rasmiy bayonotlar va xodimlari orqali muloqot qilmadi. Putin kabi odamlardan 50 metr uzoqda turib gaplashmadi. Protokolga koʻra, xorijiy davlat rahbarlariga murojaat qilmadi. Zelenskiy bevosita shu davlatlarning xalqiga murojaat qildi. Ularni ishontira oldi, fikrini Ukraina foydasiga oʻzgartira oldi. Zelenskiyning shaxsan oʻzi muntazam videochiqishlar qilib turdi. Natijada xalq orasida tugʻilgan ijtimoiy fikr ularning hukumatlariga ham taʼsir qildi. Xalq talabidan keyin, davlat rahbarlarining ularga quloq solish, oʻz siyosiy ritorika va rejalarini Ukraina foydasiga oʻzgartirishdan boshqa ilojlari qolmadi.

Shu sababdan Zelenskiy nafaqat oʻz xalqi, balki dunyo hamjamiyatining hurmatini qozondi. Aksariyat taraqqiyparvar dunyo uning haq ekanini tushunib yetdi.

Biroq soʻnggi paytlarda Zelenskiyning obroʻsi tushib ketayotgani koʻrinib qolmoqda. Buning sabablari sanoqli boʻlsa-da, mavjud.

Avvalo, sodda aytganda, Zelenskiy, toʻgʻrirogʻi, Ukraina armiyasi qarshi hujumdan koʻzlagan maqsadlariga erishmadi. Milliardlab dollar miqdoridagi tekin qurol-yarogʻ oʻzini oqlamagandek tuyulmoqda. Oʻtgan muddat ichida ukrainlar rus qoʻshinlarini hech boʻlmaganda bir necha kilometr uzoqqa uloqtirib tashlashi, aksariyat bosib olingan yerlarni qaytarishi va tashabbusni oʻz qoʻliga olishi kutilgan edi. Biroq bunday boʻlmadi. Har ikki tomondan minglab “tirik kuch” qurbon boʻldi, yuzlab harbiy texnika yoʻq qilindi. Natija esa maqtanarli emas.

Buni izohlagan Zelenskiy hukumati “ayb”ni Gʻarbga agʻdarmoqda. Kiyevning aytishicha, Gʻarb qurol bilan taʼminlashda sustkashlik qildi. Zarur oʻq-dori va yangi texnikalarni taqdim etish loyihalari Gʻarb davlatlari parlamentlari tomonidan juda sekinlik bilan tasdiqlandi. Hatto Gʻarb hukumatlari ichida ham bu yordamni berishdan norozi siyosiy kuchlar shakllana boshladi. Natijada urush chogʻida qurol bilan taʼminlashda halokatli pauzalar kuzatildi. Hujum taktikasi va rejalari mavjud imkoniyatlar bilan mos kelmadi. Bu pauzadan rus armiyasi muvaffaqiyatli foydalandi. Askarlar va harbiy texnika zaxiralarini tiklab olishga erishdi. Rossiyaga qoʻyilgan barcha sanksiyalar ham bunga katta toʻsiq boʻla olmadi. Rossiya sanksiyalarni aylanib oʻtishda oʻz imkoniyati doirasidagi barcha imkoniyatlardan foydalandi va bu jarayon hamon davom etyapti.

Ikkinchi tarafdan, Zelenskiy hukumati, xususan, armiya qoʻmondonligi ichida Zelenskiyning yetakchilik qobiliyatiga shubha kuchaya boshladi. Aytish mumkinki, Ukraina siyosiy va harbiy elitasi oʻrtasida jarlik paydo boʻldi. Buni Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni, general Valeriy Zalujniyning The Economist jurnaliga bergan intervyusida ham koʻrish mumkin.

Generalning aytishicha, qarshi hujum, vaqt oʻtishi bilan pozitsion urushga aylanib qoldi. Bu esa yana Rossiya qoʻshinlarining foydasiga boʻlmoqda. Vaqt Rossiya armiyasi foydasiga oʻynamoqda. Rus qoʻshinlari hujumga emas, oʻzlari bosib olgan hududlardagi pozitsiyalarini mustahkamlashga asosiy eʼtibor qaratdi. Lekin bunday vaziyat Ukrainaning yordam olish borasidagi rejalarini puchga chiqarishi mumkin.

Uchinchidan, Ukrainaning asosiy moliyaviy va texnikaviy donorlari boʻlgan Gʻarb davlatlarida ham, garchi ularning oʻzlari buni rad etishsa-da, “yordamda charchash” belgilari koʻrinib qolmoqda. Zero, hech qaysi davlatning byudjeti cheksiz va tubsiz emas. Qolaversa, parlament va xalq ham natijasiz va foydasiz urush uchun yillar davomida oʻz soliqlari va mamlakat boyliklari “isrof” qilinmasligini talab etishga haqli. Buni Gʻarb davlatlari yetakchilarining ritorikasida payqash mumkin. Jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden yaqinda Ukrainaga mavjud muvaffaqiyatlarni saqlab qolish uchun mudofaa urushiga oʻtishni va qurol-yarogʻlarni oʻz hududida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni maslahat berdi.

Undan oldinroq esa, AQSh kongressi Ukrainaga ajratilishi kerak boʻlgan 10 milliardlik yordamni rad etdi. Bu albatta AQShning Ukrainaga yordam berishdan charchaganini anglatmaydi. Shunchaki Bayden – demokratlar vakili, yordam loyihasiga esa respublikachilar qarshi chiqishdi. Bu ham yetmagandek, garchi Vashington hukumati talab qilayotgan boʻlsa-da, kongressmenlar taklif etgan 2024 yilga moʻljallangan AQSh byudjetida Ukrainaga yordam haqida hech narsa deyilmagan.

Bundan tashqari Gʻarb davlatlari, xususan, AQSh, Ukrainaga Rossiya bilan sulh tuzishni maslahat beryapti. Hatto Yevropa Ittifoqi va NATO ham Ukrainani hozirgi hududi boʻyicha aʼzo qilishga roziligini aytgan. Yaʼni donor mamlakatlar urushni toʻxtatish, Rossiya bosib olgan hududlar masalasini muzlatib qoʻyishni shaʼma qilmoqda. Biroq Zelenskiy oʻz strategik rejasida sobit – “Ukraina oʻz yerlaridan va aholisidan voz kechib tinchlik oʻrnatmaydi”, deyapti. U butun Ukrainani rus bosqinchilaridan ozod qilishga vaʼda bergan va bu reja amalga oshmasligi uning prezident sifatidagi barcha mehnati, obroʻsi va hatto legitimliligini ham chippakka chiqarishi mumkin.

Qolaversa, 13 dekabr kuni Oq uyda Zelenskiy bilan tashkil etilgan uchrashuvdan keyin, matbuot anjumanida Baydenga “qachon Ukrainaga tinchlik muzokaralari oʻtkazish vaqti keldi, deb aytasizlar?”, deya savol berilganida u aniq javob aytmadi. Bayden Ukraina maʼlum yutuqlarga erishganini eʼtirof etdi. Uning aytishicha, ukrain qoʻshinlari Rossiya 2022 yil fevralda bostirib kirganidan beri bosib olgan hududlarning 50 foizini qaytarib olishga, butun dunyoni don bilan taʼmilash uchun Qora dengizdan yoʻl ochish maqsadida Rossiya dengiz flotiga kuchli qarshi zarba berishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, Baydenning maʼlum qilishicha, Ukraina uchun moʻljallangan harbiy yordamning 90 foizi AQShda – Ukrainani qurol-yarogʻ bilan taʼminlash uchun, AQSh zaxiralarini toʻldirish va harbiy sanoat ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash kabi masalalar uchun sarflanadi.

Toʻrtinchidan, 2 oy oldin roʻy bergan bir global muammo nafaqat Zelenskiyning obroʻsi, balki AQShning hozirgi maʼmuriyati, xususan, prezident Jo Baydenning ham obroʻsiga, Ukrainaga yordam ajratish rejalariga soya solib qoʻydi. Bu – Isroil-Falastin mojarosining keskinlashgani bilan bogʻliq. Isroilning “erkalik va injiqliklari” bois, yahudiylar davlatiga yordam berish ustuvor vazifaga aylandi. Bitta otga esa 2 ta arava qoʻshib boʻlmaydi. Hattoki AQShdek qudratli va boy davlatning byudjetiga ham Ukraina va Isroilni yelkasiga ortmoqlab olish ogʻirlik qiladi. Buning ustiga Isroilning shafqatsizlarcha, barcha insoniylik va xalqaro qonun hamda kelishuvlarga, BMTning oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi qator rezolyutsiyalariga tupurgan holda, Gʻazo sektoridagi aholini qirgʻinbarot qilayotgani dunyo hamjamiyatidagi ijtimoiy fikr va simpatiyani Falastin tomonga burib yubordi. Hatto AQShdagi yahudiylar ham oʻt ochishni va Isroilga qurol-yarogʻ bermaslikni talab qilmoqda. Soʻrovlarning koʻrsatishicha, Baydenning obroʻsi tushib ketyapti. Hatto yaqinda oʻtkaziladigan prezident saylovlarida u ikkinchi marta nomzodini qoʻysa, magʻlub boʻlish ehtimoli mavjud. Albatta, Gʻarb davlatlari, xususan, AQShdagi yahudiy lobbisining qudrati bois, AQSh Isroilga siyosiy, moliyaviy va harbiy-texnikaviy yordamini toʻxtatmaydi. Ammo bu qatʼiyat Ukrainaga yordamni savol ostiga qoʻyishi mumkin.

Bundan tashqari, Isroil-Falastin mojarosi boshlanganida, Zelenskiy Isroil tarafida ekanini maʼlum qildi. Begunoh tinch falastinliklarning isroil bombalari ostida halok boʻlayotganiga koʻz yumdi. Bu esa sayyoramizning musulmonlari, hatto musulmon emas insonlar orasida ham Zelenskiyga xayrixohlik kayfiyatini yoʻqqa chiqarmoqda. Bu ketishda Zelenskiyning Yaqin Sharq va umuman musulmon davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar natijasida erishgan diplomatik muvaffaqiyatlari ham havoga uchish ehtimoli bor.

Bu orada esa Rossiya prezidenti Putinda gʻalabaga ishonch paydo boʻldi. Ukrainaga bostirib kirganidan beri “xalq” bilan bevosita muloqot qilmagan Putin kuni kecha bunday anʼanani qayta tikladi. Uning, Moskva taʼbiri bilan aytganda, “maxsus harbiy operatsiya”ni toʻxtatish niyati yoʻqligi, “qachonki maqsadlarimizga yetsakkina, tinchlik boʻladi” deyishga jurʼat qilgani ham Ukraina taqdiri borasida tushkun prognozlar yasashga turtkidir. Taʼkidlash kerak, Isroil-Falastin mojarosidan avval Putin ritorikasi koʻproq yalinish va yigʻloqilikka moyil edi. U har bir nutqida muzokaralar stoliga oʻtishni taklif qilar, “faqat bosib olgan yerlarimga tegmasanglar va sanksiyalarni bekor qilsanglar bas”, degan maʼnoda gapirar edi. Hatto istilo avvalida aytilgan – “Ukrainani toʻliq denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish” maqsadlari ham “esdan chiqqandi”. Biroq Rossiya prezidentining bevosita muloqot chogʻidagi kayfiyati va soʻzlari yana 2022 yil fevral oyidagi vaziyatni eslatmoqda. Bu ham yetmagandek, Rossiyaning oʻz satellit-davlatlarini hamkorlik qilishga koʻndira olgani (balki majburlagani) ham xalqaro sanksiyalar kuchini yoʻqqa chiqarmoqda. Rossiyaning hali-beri tinkasi qurib, urushdan voz kechadiganga oʻxshmaydi. Bu kabi signallar Ukraina-Rossiya mojarosining keyingi yilga ham oʻtishini anglatadi.

Isroil-Falastin mojarosi nafaqat dunyo afkor ommasini Ukraina masalasidan chalgʻitmoqda, balki Ukrainaga yordam berish muammosini ikkinchi darajaga tushirib, Zelenskiyning ham obroʻsiga putur yetkazishga bilvosita sabab boʻlib qolmoqda. Bu mojaro Ukraina va uning rahbariga emas, Rossiya va Putinga obroʻ keltirishi mumkin imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Masalan, Rossiya Xitoy bilan birga Falastin muammosini hal etishda vositachilik qilishi mumkinligini aytdi. Hatto oxirgi bevosita muloqotida ham Putin Falastinda Rossiya hospitali ochish taklifini bergani, biroq bosh vazir Netanyahu “bu xavfsiz emas” deya uning taklifini rad etgani eʼtiborga molik. Bunday qadamlar, garchi soʻzda boʻlsa ham, maʼlum bir aholi qatlamlari ongida Putinga foydali oʻzgarishlar yasashi mumkin.

Xullas, Zelenskiy oldida urushdan-da mushkulroq muammo paydo boʻldi. Gʻarbni Ukrainaga yordam berishdan toʻxtamaslikka koʻndirish va qarshi hujumlarda kichik gʻalabalarga erishish talab etiladi. Lekin vaqt ham, kirib kelgan qish ham Ukraina armiyasi, oqibatda esa Zelenskiyning zarariga ishlashi aniq. Agar Ukraina prezidenti shu muammolardan muvaffaqiyat bilan chiqa olsa, uning avvalgi obroʻsi 2 baravar kuchayib qaytishi mumkin. Aks holda barchasi abas ketadi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid