platina.uz
Jamiyat

Fargʻonada bir oilaning toʻrt aʼzosi vafot etdi

Fuqarolarning oʻlimi is gazidan oʻtkir zaharlanish oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan. 

Fargʻonada bir oilaning toʻrt aʼzosi vafot etdi

Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida er-xotin va ularning ikki qizi is gazidan zaharlanib vafot etdi.

Holat 15 dekabr kuni soat 13:00 larda Oʻzbekiston tumani, “Obod” MFYda sodir boʻlgan. Er-xotin M.M. va J.N. hamda ularning voyaga yetmagan ikki qizi yashash xonadoni yotoqxonasida is gazidan zaharlanib, vafot etgan.

Koʻzdan kechirish davomida marhumlar istiqomat qilgan xonadonning yotoqxona va yuvinish xonalari qoʻlbola usulda temirdan yasalgan isitish pechiga tabiiy gaz tarmogʻi tortilib, isitib kelingani, yashash xonasi eshik va deraza romlari alyuminiy profildan ishlangani maʼlum boʻldi.

Yongʻinga qarshi kurash jamiyati tuman hududiy boʻlimi texnik xavfsizligi muhandisining xulosasiga koʻra, koʻzdan kechirishda mazkur qoʻlbola isitish pechlarida tabiiy gaz yoqilgan holatda boʻlgani, uning dudburoni nostandart holatda tashqariga chiqarilgani va natijada gaz toʻliq yonmasdan, is gazi nazoratsiz tarqalishiga sababchi boʻlgani koʻrsatilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasiga koʻra, fuqarolarning oʻlimi is gazidan oʻtkir zaharlanish oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan. Tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, oktabr oyida Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanida ham uch kishi is gazi sabab vafot etgandi.

2022 yilda is gazi tufayli jabrlangan va vafot etganlar soni qariyb 200 nafar boʻlgan. 2022 yilda 90 dan ortiq is gazi bilan zaharlanish holati qayd etilgan.

Maʼlum qilinishicha, 2022 yil boshidan buyon Oʻzbekistonda 90 dan ortiq is gazidan zaharlanish holati qayd etilgan. Oqibatida 50 nafar fuqaro jabrlangan. 146 nafar odam vafot etgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid