Vengriya Ukrainaga 50 milliard yevro berilishiga qarshi chiqdi
YeI yetakchilari kelasi yil boshida bu masalaga yana qaytadi.

Vengriya Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida iqtisodiy yordam ajratish haqidagi qarorni tasdiqlamadi. Natijada qaror oʻtmadi.
"Tungi smena natijalari: Ukraina uchun qoʻshimcha pulga veto qoʻyildi", deya yozdi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban X tarmogʻida.
Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaga yordam koʻrsatishni ittifoq byudjet rejasiga kiritish boʻyicha kelisha olmaganini tasdiqladi.
Mishelning soʻzlariga koʻra, bir davlat bunga qarshi chiqqan. U davlat nomini aytmadi, lekin bu Vengriya ekanligini hamma biladi.
Mishelning soʻzlariga koʻra, YeI yetakchilari kelasi yil boshida bu masalaga qaytadi.
“Men tafsilotlarga toʻxtalishni istamayman, chunki men hamkasblarim bilan kelasi yilning boshida boʻlib oʻtadigan sammitga tayyorgarlik koʻrmoqchiman”, — deydi u.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSh Senati ham Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida yordam ajratish masalasida kelisha olmagandi.