Besh hududdagi metan zapravkalari qaytadan ochiladi
Ob-havoning keskin sovishi sabab ushbu hududlarda zapravkalar yopilgandi.

“Hududgaztaʼminot” AJ xabariga koʻra, poytaxt, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi AGTKShlar faoliyatini tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Ayni vaqtda mazkur hududlardagi AGTKShlar faoliyatiga kiritilgan qoʻshimcha cheklovlar yumshatildi va ular mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ish faoliyatini davom ettiradi.
“Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan hozirgi vaqtda tabiiy gazni teng taqsimlash va isteʼmolchilarga bir maromda yetkazib berish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda. “Zangori yoqilgʻi” toʻliq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchilik kuzatilmayapti. Ammo ayrim joylarda isteʼmol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda va isteʼmolchilar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda, deyiladi xabarda.
2023 yilning 14 dekabr kuni gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji isteʼmolchilarga 110,8 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bundan tashqari suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga 2193 tonna yoqilgʻi yetkazilgan.
Hududlarda avariya holatlari kuzatilganda, mutaxassislar joyiga yuborilmoqda va ular muammolarni bartaraf etishmoqda.
14 dekabr kuni yuzaga kelgan avariyalar:
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Guliston va Oqoltin tumanlaridagi gaz quvurlarida avariya holati qayd etilgan. “Hududgaz Sirdaryo” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari barcha holatlarni bartaraf etishgan. Isteʼmolchilar uchun gaz taʼminoti qayta tiklangan.
Toshkent viloyati “Koʻkterak” MFYdagi gaz quvuriga yuk mashinasi tomonidan shikast yetkazilgan va natijada 280 isteʼmolchi vaqtincha gaz tarmogʻidan uzilgan. “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti mutaxassislari holatni bartaraf etishgan.
Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon tumanlaridagi gaz quvurlarida avariya holati kuzatildi. Mazkur holatlar “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari tomonidan tez fursatda bartaraf etilgan va isteʼmolchilar uchun gaz taʼminoti qayta tiklangan.
Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Lolazor” MFY hududidan oʻtgan oʻrta bosimli gaz quvurida gaz sizib chiqish holati qayd etilgan. “Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filiali xodimlari bu muammoni hal qilishgan.
Eslatib oʻtamiz, Fargʻona vodiysi, Toshkent va Samarqandda ob-havoning keskin sovishi oqibatida metan zapravkalar toʻliq yopilgandi. Boshqa hududlarda soat 6:00 dan 12:00 gacha ishlamoqda. Bunga aholi talabining oshishi sabab qilib keltirilgan.