Qishga yetarlicha tayyorgarlik koʻrilganmi?
Hozir energetika sohasi 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilgan.

Qor yogʻib, sovuq kunlar tushishi bilan energetika tizimi asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Jamoatchilikning savoli bitta: qishga yetarlicha tayyorgarlik koʻrilganmi?
Bunga javoban quyidagi raqamlarni keltirish mumkin: respublika boʻyicha jami 100 ta yuqori kuchlanishli podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.
675 megavattga teng yangi quvvatlar ishga tushirildi, yil oxirigacha yana 1997 megavattli 8 ta yirik elektr stansiyasi ish boshlaydi.
Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash maqsadida qoʻshimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.
Hozir energetika sohasi 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilgan. Masʼul tashkilotlar barcha muammoni oʻsha zahoti yechish uchun shay holatga keltirilgan. Qariyb 7 ming 200 nafar xodimni oʻzida jamlagan 1 ming 691 ta brigada tunu kun ishlamoqda.
Qishning birinchi sovugʻi tushgandan soʻng, eʼtirozlar ham koʻpaydi, chunki tizimga yuklamalar oshib ketdi. Masʼul xodimlar 24 soat, tunu kun xalqimizga xizmat qilishmoqda, minglab insonlar qahraton sovuqda, avariya boʻlgan yoki muammo chiqqan joyda ishlayapti. Barcha harakatlar aholining muammosini tezda hal qilish uchun yoʻnaltirildi.