Turkiy davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Toshkentda yigʻildi
Mehmonlar dastlab Bojxona qoʻmitasining zamonaviy Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasi bilan tanishdilar.

Toshkentda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari yigʻilishi oʻtkazildi.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda tashkilotga aʼzo Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston hamda kuzatuvchi davlat – Vengriya bojxona xizmati rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati ishtirok etdi. Shuningdek, Gruziya bojxona xizmati rahbari faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Mehmonlar dastlab Bojxona qoʻmitasining zamonaviy Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasi bilan tanishib, mamlakatimizda bojxona sohani raqamlashtirish yoʻnalishida erishilgan eng ilgʻor yutuqlarni eʼtirof etishdi.
Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining 9-yigʻilishida asosiy eʼtibor tashkilotning 2022 yildagi Samarqand sammitida imzolangan Turkiy davlatlar oʻrtasida Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini joriy etish toʻgʻrisida Bitimni hayotga tadbiq etishga qaratildi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti hududida yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bunda TIR Konvensiyasining elektron tartiboti – eTIR xalqaro tizimini tashkilot hududida toʻliq qamrab olish muhim. Bu esa eng avvalo tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro tovar aylamanmasi hajmini oshirish, ushbu jarayonda sarflanadigan vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu xalqaro tizimga Ozarbayjon, Oʻzbekiston va Gruziya qoʻshilgan boʻlib, 2022 yil dekabr oyida dunyoda ilk bor Ozarbayjon va Oʻzbekiston birinchi eTIR tashuvini amalga oshirgan.
Yigʻilishda Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov eTIR tashuvlari boʻyicha mintaqaviy oʻzaro hamkorlikka xizmat qiluvchi Ekspertlar ishchi guruhini tashkil etish taklifini ilgari surdi.