Tolibon qurgan kanaldan suv sizib chiqyapti
Qoʻshtepa kanalidan suv sizib chiqqani va katta maydonda toʻplangani tasvirlari tarqaldi.

Amudaryoni katta hajmdagi suvini Afgʻoniston hududiga olib kirib ketishi koʻzda tutilgan Qoʻshtepa kanalidan suv sizib chiqqani va katta maydonda toʻplangani tasvirlarini tarqalmoqda.
Sunʼiy yoʻldosh suratlariga koʻra kanaldagi suvlar choʻl maydoni boʻylab oqib ketgan.
Meteorolog Erkin Abdulahatovga koʻra, mazkur vaziyat shu kunlarda emas, noyabr oyi boshlarida yuz bergan. Yuqori ehtimol bilan kanal oʻng qirgʻoq dambasi kanal ichidagi suv bosimni koʻtara olmay, yorilib (oʻpirilib) tushgan. Natijada kanal suvi sizib, qumlikda yirik suv obʼektini hosil qilgan.
"Qiziq tomoni, hali-xanuz bu kabi sizib chiqishni toʻxtatish bilan bogʻliq chora-tadbirlar Tolibon hukumati tomonidan bajarilmaganga oʻxshaydi. Har holda yuqorida turli muddatlar uchun keltirilgan sunʼiy yoʻldosh tasvirlari bu fikrlarni tasdiqlaydi" deya yozadi mutaxassis.
Tolibon hukumati mazkur tasvirlar yoki hodisa yuzasidan rasmiy izoh berganicha yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 684 million dollarga tushadigan bu kanal qurilishi 2022 yil mart oyida boshlangan. Uning uzunligi 285 kilometr, kengligi – 100 metr, chuqurligi – 8,5 metr boʻladi. Kanal Amudaryo oqim yoʻnalishining chap tomonidan, Balx viloyatining Kaldar tumanida ulanadi va Afgʻonistonning uchta viloyati — Balx, Juzjon va Faryobdagi 550 ming gektar yerni suv bilan taʼminlashi moʻljallanmoqda.
Qoʻshtepa kanali toʻla ishga tushgach, Amudaryo suvi deyarli yarmiga kamayishi mumkin.
Shuningdek, suv masalasida Oʻzbekiston va Tolibon oʻrtasida nizo chiqishi ehtimoli haqida ham suhbat taqdim etilgandi.