Baydenga nisbatan impichment boʻyicha tergov maʼqullandi
Tashabbusni toʻqqiz nafar respublikachi aʼzosi qoʻllab-quvvatladi, toʻrt nafar demokrat qarshi chiqdi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasining reglamentlar qoʻmitasi prezident Jo Baydenga nisbatan impichment boʻyicha tergov oʻtkazishni maʼqulladi. Jarayon qoʻmitaning Youtubedagi kanalida translyatsiya qilindi.
Tashabbusni qoʻmitaning toʻqqiz nafar respublikachi aʼzosi qoʻllab-quvvatladi, toʻrt nafar demokrat bunga qarshi chiqdi.
Hujjat Vakillar palatasining Nazorat va hisobdorlik, daromadlar va xarajatlar hamda sud-huquq qoʻmitalari “Vakillik palatasida Baydenga impichment eʼlon qilish uchun yetarli asoslar mavjudligini tekshirish doirasidagi jarayonlarni davom ettirishga” taklif qiladi.
Respublikachilar nazorati ostidagi palata 13 dekabr kuni rezolyutsiyaga umumiy ovoz berishni rejalashtirgan.
May oyi boshida bir guruh respublikachi kongressmenlar Bosh prokuror Merrik Garlend va FQB direktori Kristofer Reyga ochiq xat yoʻllagandi. Unda parlament aʼzolari Baydenning Barak Obama rahbarligida (2009–2017) vitse-prezident boʻlib ishlagan davrida korrupsion sxemalarda ishtirok etishi mumkinligi haqida maʼlumot olganliklarini bildirishgan. Respublikachilarning fikricha, Baydenlar oilasi xorijlik tadbirkorlardan kamida 20 million dollar olgan.
New York Post gazetasi Amerika prezidenti Xanter Bayden oʻgʻlining noutbukidan olingan elektron xatlarga tayanib, amaldagi davlat rahbari kichik Baydenga Ukrainada biznes yuritishda yordam berganini yozgandi.
Sentabr oyida Vakillar palatasi sobiq spikeri Kevin Makkarti prezidentga impichment eʼlon qilinishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan rasmiy tergov oʻtkazishni buyurgan. Uning soʻzlariga koʻra, Respublikachilar tergovi Bayden amerikaliklarga oila aʼzolarining biznesi haqida bilmasligi haqida yolgʻon gapirganini koʻrsatdi. Washington Post gazetasining yozishicha, Makkarti oʻrniga spiker sifatida kelgan Mayk Jonson impichment jarayonini boshlash uchun yetarli asos koʻrmayapti.