Toshkent viloyatidagi koʻzboʻyamachiliklar
Koʻksaroy Quyi Chirchiq tumanidagi eng chekka hududlardan biri hisoblanadi.

Prezident topshirigʻiga asosan joylarda "Obod mahalla", "Obod koʻcha", "Obod xonadon" loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlar yuzasidan Toshkent viloyatiga press-tur uyushtirildi, unda asosiy ishlar bajarilmasdan faqat MFY binosi taʼmirlanib, shu sabab katta bayram tashkil etilgan.
Bu haqda "Markaziy studiya" koʻrsatuvida hikoya qilinadi.
Koʻksaroy Quyi Chirchiq tumanidagi eng chekka hududlardan biri hisoblanadi. Shu vaqtgacha bu qishloqda bironta ham ishlab chiqarish korxonasi boʻlmagan. Hududda 100 kishini ishga qabul qilgan toʻqimachilik korxonasi va MFY binosi ochildi.
Matbuot xodimlariga taqdim etilgan press-relizda aytilishicha, loy tuproqli koʻchalarning 2 kilometriga shagʻal yotqizilgan, 668 metr masofada piyodalar yoʻlagi qurilmoqda.
Ammo bu ishlardan hammaning ham koʻngli toʻlmayapti. Qishloqda yashovchi maktab oʻquvchilariga koʻra, ular oʻqishga kelib-ketishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Chunki yoʻllar toʻliq shagʻal yoki asfalt qilinmagan.
Bu boʻyicha MY5 telekanali muxbiri tuman hokimidan intervyu olmoqchi boʻldi, ammo amaldor buni rad etdi. Shundan soʻng Koʻksaroydagi haqiqiy ahvol bilan tanishildi. Mahallaning ichki koʻchalari abgor holatda ekani aniqlandi.
Mahalladagi bitta artezian qudugʻidan minglab aholi foydalanmoqda, vaholanki, dasturda hududni ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi ham bor. Koʻchalar kovlangan, ammo ish chala tashlab ketilgan.
Yuqorida aytilganidek, mahallada katta tantana tashkil etildi, sanʼatkorlar va harbiylar ham tadbirda qatnashdi. Lekin shuncha dabdabaga ketgan mablagʻga bitta ichki koʻcha taʼmirlanishi mumkin edi, degan fikrni oʻrtaga tashlaydi jurnalist.
