Olis mahallada 4 milliard soʻmga maktab va shifoxona qurildi
“Duoba” mahallasi Surxondaryo markazidan qariyb 180 kilometr olisda joylashgan.
Prezident topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida mamlakatimizning eng olis va chekka hududlarining 70 ta mahallasida “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlarni amalga oshirildi. Jumladan, jami 4 milliard soʻmga maktab va shifoxona qurildi.
Ana shunday manzillardan biri Surxondaryo viloyatining olis, togʻli manzili Boysun tumanidagi “Duoba” mahallasida yangidan qad rostlagan maktab, poliklinika va mahalla idorasi binolari Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shu manzillarda qurilish-taʼmirlash ishlari oʻz yakuniga yetkazildi va foydalanishga topshirildi.
“Duoba” mahallasi voha markazidan qariyb 180 kilometr olisda joylashgan. Hududda 2,1 milliard soʻm mablagʻ evaziga 180 oʻrinli maktab, qiymati 1,9 milliard soʻmlik 50 qatnovga moʻljallangan shifokorlik punkti barpo etildi. Shuningdek, mahallaning ogʻir ahvoldagi eski binosi 500 mln soʻmga tubdan qayta taʼmirlanib, bir yoʻla moʻʼjazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik oʻquv markazi ham tashkil etildi.
Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yoʻl tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin boʻlgan oʻnqir-choʻnqir togʻ yoʻli tekislanib, 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yoʻllar betonlandi. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. “Qayroq” va “Gumatak” qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi qurildi. Sport maydonchasi, “Pastki Duoba” qishlogʻida esa 1 milliard soʻmga 80 oʻrinli maktab filiali barpo etildi. Turli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qad rostladi. Yangidan bunyod etilgan shifokorlik punktiga esa zamonaviy tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.
Tadbir asnosida mahallada amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh fidoyi insonlarga ehtirom koʻrsatildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ishtirok etdi.