“Toshkent-Samarqand” pulli yoʻli loyihasi ishlab chiqildi
2020 yilda Toshkent va Fargʻona vodiysini bogʻlovchi pullik yoʻl qurilishi maʼlum qilingandi.

“Toshkent-Samarqand” pulli avtomobil yoʻlini qurish loyihasi ishlab chiqildi.
Yoʻlning umumiy uzunligi 305 kilometrni tashkil qilmoqda. Avtomobil yoʻli 6 tasmali “Avtomagistral” talablari asosida quriladi. Shuningdek, hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar qurish hamda intellektual transport tizimini oʻrnatish koʻzda tutilgan.
“Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yoʻli qurilishi natijasida harakat jadalligi taqsimlanishiga olib keladi. Yoʻl qoplamasining yuk koʻtarish qobiliyati xalqaro standartlar boʻyicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi hamda avtomobil yoʻlining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.
Uch yil avval, 2020 yilda Toshkent va Fargʻona vodiysini bogʻlovchi pullik yoʻl qurilishi maʼlum qilingandi. Ushbu loyihani 3 bosqichda (1. Qamchiq avtomobil tonneli, 2. Toshkent–Angren yoʻli, 3. Qoʻqon–Andijon yoʻli) amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu yoʻl 2025-2026 yillarda qurilishi moʻljallangandi.
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 9 dekabrdagi prezident qarori bilan, 2020-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlarida pullik avtomobil yoʻllarini tashkil etish loyihalari yuzasidan "Yoʻl xaritasi" tasdiqlangan.
Unga asosan, Qamchiq va Taxtiqoracha dovonlarida yangi pullik tonnellar, "Toshkent – Samarqand" va "Toshkent – Andijon" yoʻnalishlarida hamda Sirdaryo – Baxt shaharlarini aylanib oʻtuvchi pullik avtomobil yoʻllari qurilishi belgilangan.
Prezident videoselektor yigʻilishlaridan birida Shavkat Mirziyoyev ichki yoʻllar masalasiga alohida toʻxtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini aytgandi. Davlat rahbari 80 ming kilometr ichki yoʻllarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qoʻllanib kelinayotgan "foydalanuvchi toʻlaydi" tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlagandi.