platina.uz
Madaniyat

Siyosatchiga aylangan shou-biznes vakillari

Siyosiy maydonda ham oʻz pozitsiyasiga ega mashhur shou-biznes vakillari haqida eshitganmisiz? Platina.uz shunday siyosatchilarning bir nechtasini jamladi.

Siyosiy maydonda ham oʻz pozitsiyasiga ega mashhur shou-biznes vakillari haqida eshitganmisiz? Yuqori lavozim egalarining aksariyati avval umuman boshqa kasb bilan shugʻullangan boʻladi. Aytaylik, prezidentlar, deputat, vazirlar avval shou-biznesda faoliyatini shakllantirgan. Ular bir necha film va seriallarda rol ijro etgan, ayrimlari esa film ham suratga olgan. Platina.uz shunday siyosatchilarning bir nechtasini jamladi.

1. Vladimir Zelenskiy – Ukraina prezidenti

Maʼlumotlarga koʻra, Zelenskiyning siyosatda tajribasi yetarli emas. U shou-biznesda karerasini rivojlantirgan. Talabalik yillaridayoq bir necha qiziqarli shou-dasturlar – KVNda chiqishlar qilgan. U bir necha guruhlardan soʻng oʻz jamoasi aʼzolari bilan “Kechki kvartal” televizion loyihasida ishtirok etgan. Shuningdek, “Jang klubi”, “Janob Kuk”, “Yil qoʻshigʻi”, “Kulgi ligasi” va boshqa dasturlarda boshlovchilik ham qilgan. Bundan tashqari, u bir qator film va musiqiy filmlarning ssenariy muallifi, aktyori va prodyuseri hisoblanadi. Ularning eng mashhurlari – “Sovchilar”, “Katta shahardagi muhabbat”, “8 ta birinchi uchrashuv”, “8 ta yangi uchrashuv”, “Men, sen va u” va “Xalq xizmatchisi” filmlaridir. Aktyorning prezident boʻlishi yangilik emas, undan avval ham bir necha aktyorlar saylovlarda gʻolib chiqqan.

2. Ozodbek Nazarbekov Oʻzbekiston madaniyat vaziri

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti, ayni paytda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2002 yildan shou-biznesdagi faoliyatini boshlagan. U "Oʻzbeknavo" estrada birlashmasida yakkaxon xonanda, Qurolli Kuchlar ashula-raqs ansambli xonandasi sifatida faoliyat yuritgan. Marhum xonanda Muhriddin Xoliqovning taniqli shogirdlaridan biri. Shuningdek, u "Katta hovli" nomli filmda aktyor sifatida ham rol ijro etgan. Siyosatdagi faoliyati 2018 yildan boshlangan. Dastlab, madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari sifatida ishlagan. Soʻng 2020 yil 22 yanvardan madaniyat vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

3. Donald Tramp – AQShning sobiq prezidenti

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp professional aktyor boʻlmagan, ammo film va teleseriallarda epizodik rollarni ijro etgan. “Arvohlar bunday qilmaydi”, “Uyda yolgʻiz-2”, “Vaqt sayohati”, “Eddi”, “Kompanyon”, “Studiya 54”, “Noqulay sayyora” va boshqa bir qancha filmlarda koʻrinish bergan. 1988 yildan buyon Tramp har bir saylovda AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻygan. 2016 yilgi saylovlarda gʻolib chiqqan. U 69 yoshida ish boshlagan Ronald Reyganning rekordini yangilab, AQShning birinchi saylangan eng keksa prezidentiga aylangan

4. Shoxrux reper deputat

Shou-biznes olamiga kirganidan qoʻshiq kuylashga xobbi sifatida qaraydigan Shoxrux reper 2019 yildan siyosatdagi faoliyatini boshladi. Shoxrux Shodmonov hayot faqat qoʻshiqlardan iborat emasligini va u yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshmoqchi ekanini bildirib, deputatlikka nomzodini qoʻygan va 2019 yilning dekabr oyidan deputat sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Xonanda bugun siyosiy faoliyati bilan bir qatorda ijodini ham davom ettirmoqda. Xususan, uni Instagram ijtimoiy tarmogʻida 2,3 milliondan ortiq muxlislar kuzatib boradi.

5. Hema Malini – parlament aʼzosi (Hindiston)

"Zita va Gita"dagi ijrosi orqali mashhur boʻlgan aktrisa Hema Malini davlat siyosatida ham oʻz oʻrniga ega. Aktrisa siyosiy maydonga 2003 yilda hukmron Bharatiya Janata partiyasi(BJP)ning aʼzosi sifatida kirib keldi. U asosan hajviy va dramatik rollarda suratga tushgan. “Qasos va qonun” "Zita va Gita", “Vir va Zara”, “Ganga”, "Bogʻbon" filmlaridagi rollari shular jumlasidandir.

6. Arnold Shvarsenegger – Kaliforniya shtatining 38-gubernatori

Hollivudning mashhur aktyori Arnold Shvarsenegger siyosat olamida ham oʻz oʻrniga ega. Uning kinodagi ilk aktyorlik ishi “Gerkules Nyu-Yorkda” filmi boʻlgan. Keyinchalik "Terminator" filmlari unga sezilarli darajada muvaffaqiyat olib keldi. 2003 yilda uzoq kutilgan "Terminator 3: Mashinalar isyoni" filmidan soʻng 56 yoshli Arnold kino sanoatini tark etdi. Oʻsha yili u Kaliforniya gubernatorligiga saylovda gʻalaba qozondi va siyosatdagi faoliyati boshlandi. U gubernatorlik paytida AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻymoqchi boʻldi. Ammo AQShdan tashqarida tugʻilgani uchun bu nasib qilmadi.

7. Ronald Reygan – AQShning 40-prezidenti

AQShning 40-prezidenti boʻlishdan avval Ronald Reygan radioeshittirishlar kompaniyasida sport sharhlovchisi sifatida ish boshlagan. Keyinroq boʻlgʻusi prezident Uorner Brazers kinokompaniyasi bilan yetti yillik shartnoma tuzib, Hollivud kino olamiga kirib keldi. U 50 dan ortiq kinolarda suratga tushdi. U aktyor oʻlaroq ilk rolini 1937 yilda suratga olingan "Samodagi muhabbat" filmida jonlantirdi. 1939 yil oxiriga kelib, 19 ta filmda suratga tushdi. 1941 yili eksponentlar ovoziga koʻra, Reygan Hollivuddagi yosh avlodning beshinchi eng mashhur yulduzi, deb topildi. Uning siyosatdagi faoliyati 1947 yilda AQSh kino aktyorlari gildiyasining prezidentligiga saylanganidan keyin boshlandi. Kaliforniya gubernatori etib saylangach, 1968 yildagi prezidentlik saylovlarida qatnashishga ahd qildi. Saylovlarda Rokfeller, Niksondan keyin uchinchi oʻrindagi eng koʻp saylovchilarga ega nomzod sifatida eʼtirof etildi. Shundan keyin yana bir necha bor nomzodini qoʻyib, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo taslim boʻlmagan Reygan 1980 yilga kelib, yana AQSh prezidentligiga oʻz nomzodini koʻrsatdi. Raqib Jimmi Karter edi. Ronald Reygan 44 shtatda eng koʻp ovoz olib, AQShning eng yoshi ulugʻ prezidenti boʻldi.

8. Jozef Estrada Filippinning 13-prezidenti

Erap taxallusi bilan ijod qilgan Jozef Estrada siyosatga qadam qoʻyishidan avval kino aktyori boʻlgan. Yigirma yoshida u drama aktyori sifatida karerasini boshlagan, odatda yomon odam/antagonist rolini oʻynagan. Estrada kino aktyori sifatida mashhurlikka erishdi va oʻttiz yil davomida aktyor sifatida yuzdan ortiq filmlarda bosh rolni oʻynadi. U aktyor sifatidagi mashhurligidan siyosatda yutuqlarga erishish uchun foydalangan. U siyosatda Filippinning 9-vitse-prezidenti, Filippinning 13-prezidenti va mamlakat poytaxti Manila shahrining 26-meri boʻlgan.

9. Melina Merkuri Yunoniston madaniyat vaziri

Yunonistonlik Melina Merkuri madaniyat vaziri boʻlishdan avval aktrisa, qoʻshiqchi sifatida faoliyat yuritgan. U bir necha avlodlar davomida taniqli boʻlgan siyosiy oiladan chiqqan. Merkuri aktrisalik faoliyatini Gretsiya Milliy teatridan boshlab, 1945-yilda Yevgeniy Onilning “Motam elektrga aylanadi” spektaklida Elektr rolini oʻynadi. Keyinroq Merkuri Uilyam Shekspirning Makbet va Jan Anuilning L’Alouyette filmlarida rol oʻynagan. U 1960 yildagi filmi uchun " Oskar" mukofotiga nomzod boʻlgan. Siyosatchi sifatida PASOK va Gretsiya parlamentining aʼzosi edi. 1981 yil oktabr oyida Merkuri birinchi ayol madaniyat va sport vaziri boʻldi. U Gretsiyada eng uzoq umr koʻrgan madaniyat vaziri edi.

10. Piter Robert Garret vazir (Avstraliya)

Piter siyosatdagi faoliyatini boshlashdan avval Midnight Oil rok guruhining solisti boʻlgan. Ijrochi sifatida u oʻzining ajoyib kal boshi, ekssentrik raqs uslubi va "sahnada hayratlanarli ishtiroki" bilan mashhur. U 2004 yilgi saylovda Avstraliya tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmasi prezidenti boʻlib saylangan. Keyinchalik atrof-muhit, meros va sanʼat vaziri etib tayinlandi. 2010 yilgi saylovdan soʻng maktab taʼlimi, erta bolalik va yoshlar boʻyicha vazir etib tayinlandi. 2013 yildagi rahbariyatning isteʼfosidan soʻng Garret vazirlikdan isteʼfoga chiqdi va 2013 yilgi saylovlarda siyosatdan ketishini eʼlon qildi.

Odinaxon Dehqonova tayyorladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid