Jamiyatdagi eng katta dushman

Har bir odam oʻzini “bu narsa menga bogʻliqmas” yoki “mening ishimmas” kabi bahonalarni roʻkach qilsa, jamiyat apatiya holatiga tushadi.

Maqola
11-dekabr 2023 yil
Jamiyatdagi eng katta dushman

“Dunyo yashash uchun xavfli joy – yovuzlar emas, balki hech narsa qilmaydigan odamlar tufayli”, degan Albert Eynshteyn.

Loqaydlik bu faqat insonning oʻzigagina bogʻliq emas. Har bir odam oʻzini “bu narsa menga bogʻliqmas” yoki “mening ishimmas” kabi bahonalarni roʻkach qilsa, jamiyat apatiya holatiga tushadi. Ogohlikka chaqiruvchi voqea-hodisalar, muammolarni sanayverarkansiz, har kimning unga nisbatan bahonasi bor. Yer sayyorasida ichimlik suvi tugab bormoqda, jamiyatning aksariyat qismi befarq. Tabiatdagi daraxtlar kesilib ketyapti, havo ifloslanyapti, odamlar befarq. Xuddi choʻkayotgan odamga “siz choʻkyapsiz”, desa, “hech kim meni qutqarmayapti”, “suvdan chiqish mening ishim emas”, deyishdek bir gap.

Platina.uz yaqinda aholi oʻrtasida “Byudjet mablagʻlari qayerga sarflanayotganinga qiziqasizmi?” savoli bilan soʻrovnoma oʻtkazgandi. Odamlarning koʻpchiligi “siyosatga aralashmayman”, degan javobni, qolganlari esa “faqat oʻzimning hayotim qiziq”, kabi javoblarni berdi. “Maʼnaviyat uchun eng katta xavf – bu aksariyat odamlarimizda loqaydlik va beparvolik kuchayib borayotganida”, degan edi Shavkat Mirziyoyev. Prezidentning 2021 yildagi ushbu soʻzlari yildan-yilga dolzarblashmoqda. Nega odamlar loqaydlashyapti? Buni bir necha sabablar bilan izohlashadi.

1. Shaxsiy hayotdagi muammolar koʻpligi. Jamiyat xohlaysizmi-yoʻqmi, shaxsiy hayotingizga taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. “Sen siyosatga aralashmasang, siyosat senga aralashadi” degan gap bor. Har bir odam hayotida jamiyatning hech boʻlmaganda bir steorotipi bor. Shaxsiy hayotidagi yoʻq deganda bitta muammoga aynan mana shu streotiplar sabab. Odamlar oʻzlari shaxsiy muammolari ortidan psixologik apatiyaga tushib qoladi. Oʻzini-oʻzi oʻzgartirishi, depressiyani yengishi va undan ham yomoni depression yolgʻizlikni yoqtirib qolmasligi faqat mana shu chigalliklar bilan yashamasligi uchun ham avvalo oʻziga nisbatan loqaydlikni yoʻqotishi kerak.

Masalan, kitob oʻqimaslikka boʻlgan loqaydlikni, ijtimoiy tarmoqlarga qattiq oʻrganib qolish, juda koʻp vaqtni ijtimoiy tarmoqda besamar oʻtkazish loqaydligi, farzandlar tarbiyasiga boʻlgan loqaydlik, farzandlar taʼlimi boʻyicha loqaydlik, atrof-muhitga, tabiatga, atmosferaga boʻlgan loqaydlik, shu kabi bir qator loqaydliklarga eʼtibor qaratib, ularni yoʻqotsa, bu jamiyatga qoʻshilish, oʻzidagi va jamiyatdagi loqaydlikning bir qismini bartaraf etadi. Jamiyat aslida bu siz, siz jamiyatning bir qismisiz. Sizning har bir voqea-hodisalar va muammolarga boʻlgan munosabatingiz oʻzingiz va boshqalar hayotiga taʼsir oʻtkazadi.

2. Jamiyatda faol boʻlmoqchilik niyati bilan ijtimoiylashib ketish. Faqat ijtimoiylashib ketish ham boshqa muammolarni koʻrmay, payqamay qolishdir. “Ovroʻpa xalqi osmongʻa uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari. Ovroʻpaliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjalllari. Ovroʻpa shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jugʻrofiya va tabiat oʻqutish va oʻqutmaslik ixtiloflari davom etadi”, degandi Munavvarqori Abdurashidxonov 1923 yilda. Jamiyatda ishsizlik, ijtimoiy himoya, taʼlim tizimi, ekologik muammolar, byudjet mablagʻlari, shaxsiy rivojlanish, millat adabiyoti kabi bir qator muammolar tursa ham, bizga qaysidir aktirasining kalta koʻylagi, kimdir eridan ajrashgani, mahallamizdagi falonchining toʻyi qaysi toʻyxonada boʻlganiyu kimdir yaxshi sep qilmagani haqidagi mavzular qiziq. Mana shuning uchun ham jamiyatning kemtiklari koʻp, ammo yutuqlari kamayib ketmoqda.

3. Ommaviy ongsizlanish yoki ongsizlantirish. Koʻrganlaringiz, oʻqiganlaringiz sizni shakllantiradi. Tomoshabin saviyasi degan narsa bor. Jamiyatda ommaviylashayotgan, zamonaviy aytadigan boʻlsak, “trendlashayotgan” narsalar mana shu saviyaning darajasini koʻrsatadi. Ijtimoiy tarmoq, televideniyeda ommaviy tamosha qiladigan kontentlar qanchalik oʻzimizga va ongimizga eʼtiborliligimizni koʻrsatmayaptimi? Xoʻp, oʻzi yaxshi kontent, yaxshi kino yaratilmayapti ekan, nega baribir uni tomosha qilamiz? “Axlat” deb uloqtirib yubormaymiz. Ishtahamizga qarab hamma narsani ogʻzimizga tiqishmoqda. Har narsani yeyaverish ham yaxshimas. Aralashtirishning oqibatida miyamiz buzilgan oshqozonga oʻxshab qolishi mumkin.

4. Huquqlarini bilmaslik yoki ularga mensimaslik bilan qarash. Oʻz huquqlarini bilmaslik yoki ulardan foydalanmaslik saylov jarayonlarida koʻproq bilinadi. Bir hind filmida aytilganidek “5 soat ishlatiladigan hasharotlarga qarshi vositani yarim soat surishtirasiz. Hidi yomon emasmi? Hasharotni oʻldiradimi? Zarari yoʻqmi? Ammo 5 yil hokimiyatda siz uchun qaror qabul qiladiganlar bilan qiziqmaysiz”. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi shaxs huquqlarini himoya qiladi va kafolatlaydi. Oʻzingiz va boshqalarning huquqlarini bilishingiz va chuqur anglashingiz zarur. Kelajagingizga bogʻliq qarorlar qabul qilishda faol qatnashishingiz, oʻz pozitsiyangizni koʻrsatishingiz, uygʻoq boʻlishingiz muhim ahamiyatga ega. “Haq olinur, berilmas”, degan Behbudiy haq edi.

Bunday sabablarni yana qoʻshishingiz loqaydlikni oqlaydimi-yoʻqmi – buni oʻzingiz tahlil qilishingiz kerak. Siz faqat oʻz hayotinigiz emas, jamiyatni qurmoqdasiz. Siz uchun hayotni hech kim qurib bermaydi. Shaxsiy rivojlanishingizda oʻzingizni topishingiz kerak. Donishmandlarning fikricha: “Dushmanlardan qoʻrqma – nari borsa, ular seni oʻldirishi mumkin. Doʻstlardan qoʻrqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Loqayd odamlardan qoʻrq – ular seni oʻldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir boʻlaveradi”.

Fazilat Soib

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+