Jahon va Osiyo taraqqiyot banklari Oʻzbekistonga katta miqdorda qarz beradi
Jahon banki Oʻzbekistonga 800 mln. dollar imtiyozli kreditlar shaklida yordam beradi.

Jahon banki Oʻzbekiston hukumatiga maxsus imtiyozli shartlar asosida $800 mln miqdorida kreditlar shaklida moliyaviy yordam beradi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda 700 kilometrlik qishloq yoʻllari infratuzilmasini yaxshilashga 240 mln dollarlik qarz beradi.
Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslar iqtisodiyotning bir qator muhim tarmoqlarida islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan, jumladan:
Energetika: energiya bozorining mustaqil regulyatorini yaratish va energiya tariflarini isloh qilish.
Temir yoʻl sohasi: yoʻlovchi va yuk tashish narxlarini shakllantirish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, raqobatni ragʻbatlantirish va sohaning institutsional tizimini takomillashtirish maqsadida temir yoʻl sohasini isloh qilish.
Kimyo sanoati: kimyo sanoatida institutsional islohotlar uchun zamin yaratish va yirik davlat kimyo korxonasi – “Fargʻonaazot” AJni xususiylashtirish. Ushbu chora-tadbirlardan maqsad sanoatni liberallashtirish, uni modernizatsiya qilishga xususiy sarmoyalarni jalb etish, kimyo sanoatida samaradorlik va raqobatni oshirishdan iborat.
Qishloq xoʻjaligi: ekinlarni diversifikatsiya qilish va hosildorlikni oshirish uchun ekinlarni taqsimlash tartibini liberallashtirish va fermerlarga iqlim oʻzgarishini yumshatishda yordam berish.
Davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish: Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalaridan kelib chiqadigan fiskal majburiyatlarni boshqarish va tartibga solish sohasida salohiyatini rivojlantirish.
Ijtimoiy himoya: aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish, shuningdek, sifatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligini tashkil etish.
Ayollarni taʼqib va zoʻravonlikdan himoya qilish: oiladagi (maishiy) zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish va ayollarni jismoniy, jinsiy, iqtisodiy va ruhiy zoʻravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
Yashil iqtisodiyotga oʻtish: milliy yashil taksonomiyani ishlab chiqish - yashil (yekologik toza) faoliyat va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga investitsiyalarni tasniflash tizimi. Ushbu tashabbusning maqsadi iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatish uchun zarur choralarni koʻrish, atmosferaga chiqindilarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish va "yashil" loyihalarga investitsiyalarni jalb qilishdir.
Osiyo taraqqiyot banki ajratadigan mablagʻlar esa hukumatning “Qishloq yoʻllari” dasturini boshlash uchun asosiy tashabbus hisoblanadi. Asosiy eʼtibor 12 ta viloyat va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mahalliy va xoʻjaliklararo qishloq yoʻllariga qaratiladi.
Natijada qishloq aholi punktlari va fermerlarga bozorlar, maktablar, sogʻliqni saqlash xizmatlari va tuman markazlariga har qanday ob-havo sharoitida borish imkoni yaratilishi qayd etilgan.