platina.uz

AQSh va Isroil tuzgan vahshiy va maxfiy politsiya – SAVAK

Hokimiyatni qoʻldan berishiga sal qolgan shoh xalqni temir tirnoqlar orasida ushlab turadigan, muxolifatga qarshi shafqatsiz kurashadigan bir tizimga muhtoj edi. Shu bois shoh xorijiy elchilarning maslahati bilan SAVAKni tuzdi.

Jahon
10-dekabr 2023 yil
AQSh va Isroil tuzgan vahshiy va maxfiy politsiya – SAVAK

1979 yilda islom inqilobi yuz berdi. Erondagi monarxiyaning zulm va adolatsizligidan sabr kosasi toʻlgan xalq shoh Muhammad Rizo Pahlaviyni (1919 - 1980) taxtdan agʻdardi. Monarxiyaga barham berildi, mamlakatda monarxiyadan koʻra demokratiyaga yaqin boʻlgan respublikachilik tuzumi oʻrnatildi. Garchi respublika va prezidentlik tuzumi boʻlsa-da, mamlakat qonunlari islom (aniqrogʻi, shia) ahkomlari asosida shakllantirilishi eʼlon qilindi.

Eron Islom Respublikasining tashkil etilishi Gʻarbga yoqmagan va hozir ham yoqmaydi. Ular shohlik davridagi “erkin” tuzumni madh etishadi, koʻchada yarim-yalangʻoch yurgan xotin-qizlarning suratlarini namoyish qilib, shoh davri – hurriyat davri edi, deya daʼvo qilishadi.

Biroq shohlik davrida mamlakat fahsh va zulm, adolatsizlik va jinoyatchilik botqogʻiga botib ketganini, shoh va uning shotirlari xalqni talash hisobiga ayshu ishratga gʻarq boʻlib yashaganini esga olishni istashmaydi. Tehron shahri fohishaxonalar soni va tanosil kasalliklarining qayd etilishi boʻyicha uncha-buncha Yevropa shaharlarini ham ortda qoldirganini “unutishadi” (aynan shu jihatlari bois Tehronga “Sharq Pariji” deb nom berishgan edi bir paytlar). Eronliklar haqsizlik va adolatsizlikdan, repressiyalar, qonunsizlik, korrupsiya hamda poraxoʻr amaldorlardan jabr koʻrib, soʻz erkinligi kabi oddiy neʼmatlardan ham bebahra yashaganiga koʻz yumishadi. Bu kabi haqsizlik va fahshga toʻliq hayot eronlik yozuvchi Mushfiq Kozimiyning “Qoʻrqinchli Tehron” asarida mohirona tasvirlangan.

Narsiss podshoh

Eronning oxirgi shohi Muhammad Rizo Pahlaviy shohlik davrida oʻzini ahamoniylar shohi Kir Ikkinchiga qiyoslagan. Oʻz mafkurasi sifatida pahlaviylikni tanlagan, almisoqdan qolgan va hozir ham ayrim kambagʻal va mitti davlatlar xuddi yopishmagan yamoq yoki eshakka urilgan ot egari kabi koʻtarib yurgan mafkura – Adolf Hitlerni ilhomlantirgan “oriylik” tamaddunini tiriltirishga uringan.

Shoh islomiy aqidalardan imkon qadar (xalqqa yomon koʻrinmagan darajada) uzoqlashishga intilgan. Hatto Eron taqvimini ham hijriy yildan emas, ahamoniylar sulolasi davridan boshlashga farmon bergan. Lekin biroz oʻtib, xalq qabul qilmagani bois bu ahmoqona qarorini bekor qilishga majbur boʻlgan.

1967 yil 26 oktabr kuni shoh oʻziga oʻzi yangi unvon – “shahanshoh”, yaʼni shohlar shohi unvonini berdi. Undan avval esa oʻziga “Oriyamehr” (oriylar quyoshi), “Buzurg Arteshtaran” (Bosh qoʻmondon) unvonlarini bergan.

1979 yilda roʻy bergan islom inqilobi tufayli shoh agʻdarilgan va bir yil oʻtgach, Qohirada vafot etgan.

Muhammad Rizo Isroil davlatining ittifoqchisi boʻlgan. Falastin mojarosida ham Isroil tarafida turgan. Hatto uning oʻta shafqatsiz va zolim razvedkasi SAVAKni ham Isroil harbiy maslahatchilari tuzib bergan.

SAVAK – qisqartma soʻz boʻlib, fors tilida “Davlat axborot va xavfsizlik xizmati” (Sozmon-i Ittiloot va Amniyat-i Kivar) degan maʼnoni anglatadi.

Taxtda qolish evaziga xoinlik

Shoh Rizo Pahlaviy AQSh va Gʻarb qoʻgʻirchogʻi boʻlgan. Biroq 1951 yilda u tayinlagan bosh vazir Muhammad Musaddiq shoh emas, eron xalqi manfaati uchun faoliyat yurita boshlagan. Mamlakat neft konlarini natsionalizatsiya qilgan. Yaʼni Gʻarb kompaniyalaridan tortib olib, Eronga qaytargan.1952 yilda uning hukumati Buyuk Britaniya bilan diplomatik aloqalarni uzdi, barcha britaniyalik mutaxassis va maslahatchilarni mamlakatdan haydadi. Shoh bu bosh vazirni ishdan boʻshatishga uringan, ammo mamlakat boʻylab xalq noroziliklari ish tashlar boshlanib ketgani bois, yana joyiga qoʻyishga majbur boʻlgan.

1953 yilda xalqparvar bosh vazir shohdan mamlakatni tark etishni soʻragan. Shoh qochishga majbur boʻlgan. Bu davrda esa shoh zulmidan bezib ketgan eronliklar uning haykallarini agʻdarib tashlashga tushdi. Shoh shaxsiga sigʻinish barham topa boshladi. Monarxiya va yakkahokimlik davri ortda qolgandek tuyuldi.

Biroq Buyuk Britaniya Shoh joniga ora kirgan. Eron neft konlaridan kelayotgan daromaddan quruq qolganidan gʻazablangan inglizlar bosh vazirni agʻdarish uchun “Ayaks” operatsiyasini ishlab chiqishdi. 1953 yilda AQShning MRB direktori Musaddiqni agʻdarish uchun 1 million dollar ajratdi. AQSh hukumati MRBga shu maqsadda 19 million dollar berdi. Buyuk Britaniya va AQSh harbiylari oʻtkazgan “Ayaks” amaliyoti natijasida bosh vazir hukumati agʻdarildi. Eron taxti yana sotqin shohga qaytarib berildi. Shoh esa yana neft konlari va unga ishlov berish tizimini Buyuk Britaniya kompaniyalariga qaytardi. Taxtda qolish evaziga millat boyliklarini xorijliklarga sotdi.

Hokimiyatni qoʻldan berishiga sal qolgan shoh xalqni temir tirnoqlar orasida ushlab turadigan, muxolifatga qarshi shafqatsiz kurashadigan bir tizimga muhtoj edi. Shu bois shoh xorijiy elchilarning maslahati bilan SAVAKni tuzdi.

Maxfiy zulm organi

SAVAK rasman 1957 yil 20 martda tashkil etilgan. Biroq bu tuzilmaning oʻzagi amerikalik mutaxassislar boshchiligida bir necha yil avval shakllangan edi.

Temur Baxtiyor shoh maxfiy politsiyasining birinchi boshligʻi boʻldi. 1953 yil 19 avgustdagi davlat toʻntarishi paytida u Tehronda shohga qarshi namoyishchilarni otishda qatnashgan zirhli brigadaga qoʻmondonlik qilgan. Keyinchalik u Tudeh partiyasi aʼzolari va Muhammad Musaddiq hukumati vazirlariga qarshi repressiya kampaniyasini boshqargan. Uning shohga sodiqligini osongina tushuntirish mumkin – u shohning ikkinchi xotini Surayyo Isfandariyning amakisi boʻlgan (shoh 1951 yildan 1958 yilgacha u bilan qonuniy nikohda edi).

Rasmiy ravishda, odatda, davlat xavfsizlik idoralarida boʻlgani kabi, SAVAK Rizo Pahlaviy imzolagan qonunga muvofiq, jamiyat xavfsizligiga, Eron farovonligiga tahdid soluvchi kuchlarga qarshi kurash olib borishi kerak edi. Bu xizmat matbuot, kitoblar va filmlarni senzura qilish, hukmron rejimga sodiqlikda gumon qilinganlarni soʻroq etish va qiynoqqa solish, shohning siyosiy raqiblarini kuzatish bilan shugʻullangan.

SAVAK zobitlari AQSh, Buyuk Britaniya va Isroil razvedka xizmatlari tomonidan oʻqitilib, tayyorlandi. Shuningdek, ularga "toʻgʻri" qiynoqqa solish uslublari oʻrgatildi.

Yashirin politsiya boʻlimlarida va xodimlarining formalarida hech qanday taniqlilik belgilari boʻlmagan. Ular "kimga kerak boʻlsa, oʻzi biladi" toifasidagi politsiyachilar edi. SAVAK oʻz muassasalarini baland devorlar orqasida yashirin tosh uylar va villalarga joylashtirdi. Ularda hech qanday yozuv yoʻq yoki mavjud boʻlmagan idora va kompaniyalarning lavhalari qoʻyilgan. Bu devorlar ortida yuz berayotgan voqealar eronliklar orasida eng dahshatli mish-mishlarni keltirib chiqardi.

Zolim Shoh SAVAKni oʻz soqchisi sifatida koʻrar va unga byudjetning asosiy qismini ajratar edi. Faqatgina 1956-1962 yillarda xavfsizlik kuchlariga (armiya, politsiya, jandarmeriya hamda SAVAK) byudjetning 27 %, taʼlim va iqtisodiy taraqqiyot uchun mos ravishda 12 va 33 % ajratilgan 1972-1973 yillarda SAVAK byudjeti 255 mln. dollarga teng boʻlsa, 1974 yilda bu 310 mln. dollarga chiqqan. Barcha xaromxoʻr va zolim hukmdorlar kabi shoh ham oʻz taxti xavfsizligini mamlakat va xalq farovonligidan ustun koʻrgan.

1950-yillarning oxiridan boshlab "SAVAK" soʻzi eronliklar uchun davlat tomonidan amalga oshiriladigan mutlaq qonunsizlik sinonimiga aylandi. Hibsga olish uchun hech qanday maxfiy politsiya ruxsati talab qilinmas edi.

Odamlarni shunchaki koʻchadan yoki uydan oʻgʻirlab ketishar, keyin u haqda hech qanday maʼlumot topib boʻlmasdi. Oʻligidan va tirigidan xabar chiqmasdi. Eng yaxshi holatlarda, gʻoyib boʻlgan odam bir necha oydan keyin qiynoqlardan nogiron boʻlib, psixikasi ishdan chiqqan holda uyiga qaytib kelar edi.

SAVAK xodimlari hech qanday sudsiz qatllarni amalga oshirdi. Turli vaqtlarda xizmatda 5 dan 15 minggacha xodimlar ishlagan (baʼzi tadqiqotchilar bu koʻrsatkichni 60 mingga teng deyishadi). SAVAK uchun oʻnlab, yuz minglab maʼlumot beruvchi “quloq”lar ishlagan. Shoh hukumatiga nisbatan zarracha gumon qilgan odam SAVAK qoʻliga tushardi. Gumonlanuvchi qamoqxonaga joʻnatilgan va qiynoqqa solingan.

TIME jurnali 1979 yil fevral oyida shoh hokimiyatdan agʻdarilganda, SAVAKni "shohning minglab muxoliflarini qiynoqqa solgan va oʻldirgan, Eronning eng manfur va xavfli muassasasi" deb taʼriflagan edi.

Yana Isroil koʻmakka keldi

1972 yilda SAVAK tergov hibsxonasi SAVAK boʻlimlaridan biri – Sabotajga qarshi qoʻshma qoʻmita nazoratiga oʻtdi. Bu tuzilma maxfiy politsiyadagi eng yirtqich boʻlinma edi. U Isroil ichki xavfsizlik xizmati Shabak mutaxassislari tomonidan tayyorlangan eng professional tergovchilar va qiynovchilardan iborat edi.

Qamoqxona va tergov izolyatoridagi mahbuslarni elektr kabellari bilan kaltaklash, qoʻl yoki oyoqlariga osish, suvga choʻktirish, elektr toki bilan qiynash, suyaklarini sindirish kabi qiynoqlar kutib olardi. Mahbuslar ustiga qaynoq suv toʻkilgan, tishlari va tirnoqlari sugʻirilgan. Eng yomon qiynoqlardan biri – tirik odamning bosh suyagini arralash edi. Kameralarga maxsus quvurlar ulangan, ular orqali haddan tashqari sovuq yoki juda qaynoq havo yetkazib berilar va mahbuslarni qiynashda ishlatilar edi.

Tergov hibsxonasidagi soʻroq xonalarida hayvonot bogʻidagi qafaslardan ham kichkina temir qafaslar boʻlgan. Unga tergov qilinayotgan odamlar joylashtirilgan. Tergovchi istagan vaqtida qafasga elektr toki ular, istasa shunchaki qiynar, istasa kuydirib-qovurib oʻldirardi.

1972 yildan 1979 yilgacha birgina tergov hibsxonasidan 8,5 mingga yaqin odam oʻtgan, ular orasida Eronning hozirgi ruhiy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham boʻlgan.

Qamoqxonalarda erkaklardan tashqari ayollar va voyaga yetmaganlar ham qiynoqqa solingan. Ularning hammasi muxolif siyosiy guruhlar bilan aloqada boʻlmagan. Oʻz fikriga ega ziyoli qatlam vakillari ham hibsga olingan.

Shoh agʻdarilishi sabablaridan biri

Garchi SAVAK tashkiloti har qanday gʻalayonni bostiruvchi repressiv organ sifatida tuzilgan boʻlishiga qaramay, u shoh hokimiyati agʻdarilishining asosiy sabablaridan biriga aylandi.

Iqtisodiy vaziyatning muttasil yomonlashuvi, umumiy korrupsiya, siyosiy erkinliklarning yoʻqligi, yashirin qatl va qiynoqlar fonida umidsizlik gʻalayonlari boshlandi. Gʻalayonlar asta-sekin keng koʻlamli namoyishlarga aylanib bordi – SAVAK ham, armiya ham ularni toʻxtata olmadi.

1978 yil davomida mamlakatda Shohga qarshi bir necha norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Vaziyat qaltislashib borayotganini sezgan shoh 1979 yil 16 yanvarda xuddi choʻkayotgan kemani tark etgan kalamush kabi Tehrondan chet elga qochib ketdi. Himoya qiladigan boshqa odam qolmagani bois harbiylar ommaviy ravishda namoyishchilar tomoniga oʻta boshladi.

1 fevralda shoh davrida diskreditatsiya qilingan Oyatulloh Ruhulloh Musoviy Humayniy Eronga qaytib keldi va hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. Bu vaqtga kelib SAVAK oʻzini-oʻzi tarqatib yubordi, uning xodimlari chet elga xufyona qochishga harakat qilishdi. Kimdir bunga muvaffaq boʻldi ham. Masalan, tergov izolyatorining boshligʻi Parviz Sabeti AQShga qochib oʻtib, siyosiy boshpana olgan.

Yangi hukumat tarafdorlari ketma-ket 22 yil davomida SAVAKni boshqargan toʻrt generalni ham qoʻlga olishga muvaffaq boʻlishdi. Ularning barchasi "xalq sudidan" keyin otib tashlangan. Baʼzi maxfiy politsiya xodimlari qoʻlga olingan zahotiyoq quturgan it kabi oʻldirib tashlangan. Shoh hukumati har qancha oʻzini himoya qilmasin, xalq gʻazabidan qutula olmadi.

Tehron markazidagi SAVAKtergov izolyatori shoh hokimiyatdan agʻdarilganidan keyin ham faoliyatini davom ettirgan. Faqat bu gal unda shia rahbarlarining muxoliflari saqlangan. Bu vaqtincha qamoqxona faqat 2000 yilga kelib yopildi. 2017 yilda bu yerda Ibrat muzeyi ochildi. Bu SAVAK faoliyatiga bagʻishlangan mamlakatning asosiy muzeyidir. Bu muzeyda shoh hukumatining tergovchilari va ular qoʻllagan qiynoqlarga bagʻishlangan manekenlar va stendlar joylashtirilgan. Muzey Eron xalqi boshiga kulfat solgan qonunsizlik, adolatsiz, shafqatsizlik va zulmdan hikoya qiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+