platina.uz
Jamiyat

Buxoroning chekka mahallasidagi asosiy muammolar hal etildi

Viloyatning 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy ahvoli ogʻir mahallalari orasidan Peshkoʻ tumanining “Deycha” hududi ham tanlab olingandi.

Buxoroning chekka mahallasidagi asosiy muammolar hal etildi

Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakat boʻylab oʻtkazilayotgan “Konstitutsiya haftaligi” doirasida Buxoro viloyatida ham bir qator yangi obʼektlar foydalanishga topishirilmoqda.

Ana shunday manzillardan Shofirkon tumanining “Quyi Chuqurak” va Peshkoʻ tumanining “Deycha” mahallalarini keyingi uch oyda “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yakunlanib, yangi bino va inshootlarning ochilish marosimlari oʻtkazildi.

Shofirkonning “Quyi Chuqurak” MFY da 642 ta xonadon va 826 ta oila boʻlib, ularda yashovchi aholi soni 3 ming 800 nafardan ortiqroq. Dastur asosida mahallada yoʻllar ravon boʻldi, elektr taʼminoti, ichimlik suvi borasidagi muammolar oʻz yechimini topdi. Bir soʻz bilan aytganda, quyi chuqurakliklarning turmush farovonligi yaxshilandi.

Olis mahallaning infratuzilma inshootlari bilan birga 33-sonli umumiy oʻrtataʼlim maktabining sport maydoni zamonaviy koʻrinish kasb etdi. Shuningdek, sport maydonchasining shay qilingani mahalla ahlini behad shodlantirdi. Qoʻshimchasiga bolalar oʻyin maydonchalari foydalanishga topshirildi.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Quyi Chuqurak mahallasining oʻziga xos ochilish marosimi oʻtkazildi. Tantanada yigʻilganlar yangidan ishga tushirilgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi, “Uch avlod maskani”, shuningdek, oilaviy shifokorlik punkti, ayollar salomatlik markazi, yangi korxonalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Buxoro viloyatining 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy ahvoli ogʻir mahallalari orasidan Peshkoʻ tumanining “Deycha” hududi ham tanlab olingandi. Belgilangan vazifalar ijrosi uchun respublika, shuningdek, mahalliy byudjet hamda homiy tashkilotlar hisobidan yetarli darajada mablagʻ ajratildi. Yangilangan mahallaning oʻziga xos ochilish tadbirida Respublika hamda viloyat darajasidagi masʼullar, shuningdek, tashkilot, idora va korxonalar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari ishtirok etdilar. Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun” yugurish marafoni bilan boshlandi. Mahallaning kirish qismidan start olgan marafonda 300 nafardan ziyod yoshlar hamda mahalla ahliga harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari hamrohlik qildi.

Shu kuni “Deycha” mahalla fuqarolar yigʻinining koʻpdan kutilgan yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 500 million soʻmdan ortiqni tashkil qiluvchi mahalla binosida xodimlar uchun barcha shart-sharoit hozirlangan boʻlib, bu qulaylik ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, idoralararo maʼlumot almashish vazifalarini osonlashtiradi.

Shu oʻrinda maʼlumot uchun, Yangi hayot, Kodravon, Yangi yoʻl, Chorobod, Bolin, Deycha, Zarafshon kabi 7 ta qishloqdan tashkil topgan mahallada bugunga kelib 534 ta xonadon, 695 ta oila va ularda jami 2 ming 500 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid