Jadidlar haqida xalqaro anjuman boʻlib oʻtadi
Tadbir 11-12 dekabr kunlari tashkil etiladi.

Oʻzbekistonda jadidlar boʻyicha xalqaro anjuman oʻtkaziladi. Bu haqda Mass-media fondi xabar berdi.
Aytilishicha, shu yilning 11 – 12-dekabr kunlari “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusida Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ilmiy konferensiya boʻlib oʻtadi.
Konferensiyaning birinchi kunida — jadidchilik harakati gʻoyasi, maqsad va vazifalarini izchil oʻrganishda yangi insaydlar, harakatning maʼrifat va noshirlik sohasidagi hissasi, milliy davlatchilik shakllanishi boʻyicha ijtimoiy-siyosiy saʼy-harakatlari, shuningdek, jadidlarning ilmiy va madaniy merosi, ularning tadqiqotlari borasida fikr almashiladi.
Tadbirning ikkinchi kunida — oʻzbekistonlik hamda chet ellik taniqli olimlar, tarix sohasi vakillari bilan davra suhbati (panel session) oʻtkaziladi va u keng jamoatchilik uchun ham ochiq hisoblanadi.