Faqat bir tomonlama ishlayotgan kredit-modul tizimi
Oliygohlar faqat oʻziga manfaatli qismini ishga tushirib, tizimning talabalar ham erkin foydalanadigan tomonini unutishgan chogʻi.

Rivojlanayotgan davrda hamma faoliyat turlari va har bir tizim raqamlashtirilmoqda. Shu qatorda talabalarning mustaqil yuksalishi, baholashning osonlashishi va shaffoflashishi uchun xalqaro baholash tizimi kredit modul tizimi respulika oliy taʼlim tizimiga joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonlarini tashkil etish bilan bogʻliq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan.
Unga koʻra, taʼlim sifatini oshirish va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida raqobatni shakllantirish maqsadida oliy taʼlim muassasasi kengashi qaroriga asosan, talabalarga fan doirasida professor-oʻqituvchilarni tanlash imkoniyati beriladi. Bunda talabalar taʼlimni boshqarish axborot tizimi portali orqali oʻquv semestri boshida 1 hafta muddat davomida oʻzi tanlagan professor-oʻqituvchining mashgʻulotida qatnashish uchun onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtadi.
Xalqaro talabalar bemalol foydalanadigan bu tizimda talabalarimizni ham “eshik qisgan”. Yaʼni oliygohlar faqat oʻziga manfaatli qismini ishga tushirib, tizimning talabalar ham erkin foydalanadigan tomonini unutishgan chogʻi. Talabalar fan doirasida oʻzi uchun xohlagan oʻqituvchini tanlash huquqi aslida ishlamaydi.
“Men oʻqigan qishloq maktabida qiziq bir qoida bor edi. Chet tili oʻqituvchisi yoʻq boʻlsa, oʻrniga ashula darsi oʻtilardi, fizika muallimi kelmay qolsa, koʻpincha shu tarzda “oʻqitilardi”. Bilmadim, yo oʻqituvchilar yetishmasmidi, yo ashula muallimimiz shunaqa zoʻrmidi… Endi eslasam, ashula darsini “Yallama yorimdan”dan boshqasini bilmaydigan bir amaki oʻtar ekan”, degandi marhum yozuvchi Sharof Boshbekov. Bizning talabalar ham mutaxassis xodim tanlolmay, “Yallama yor”chilarga aylanmoqda. Na oʻqituvchi bergan darslarini u tayyorlagan taqdimotu mavzuga oid kitoblarni platformadan topoladi, na butun dunyo talabalari kabi fan mutaxasssisini bilimi va koʻnikmasiga qarab tanlay oladi. Mana shu tizim orqali talabadan pulni olayotgan OTMlar qachon talaba haq-huquqlarini ham oʻylaydi?
Maʼlumot uchun: kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:
- oʻquv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
- bitta fan, kurs (kredit)ning qiymatini aniqlash;
- talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
- talabalarga oʻzlarining oʻquv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
- taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning ulushini oshirish;
- taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qoʻyilgan talabdan kelib chiqib oʻzgartirish mumkinligi
Kredit modul tizimi tarixi
Kredit ilk marotaba XVIII va XIX asrlarda AQSh universitetlarida joriy etilgan boʻlib, oʻquv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan.
1869 yilda Harvard universiteti prezidenti, Amerika taʼlimining taniqli arbobi Charlz Uilyam Eliot “kredit soati” tushunchasini isteʼmolga kiritadi. Shunday qilib, 1870-1880 yillarda kredit soatlari bilan oʻlchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan oʻqish va oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish talabalarga oʻquv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.
Kredit toʻplash oʻlchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Ayni chogʻda baholash tizimi va taʼlim texnologiyalarining takomillashishiga ham olib keldi.
Bolonya deklaratsiyasida koʻzda tutilganidek, kredit-modul tizimi aynan mustaqil taʼlimga urgʻu qaratgani holda, asosan, ikkita funksiyani bajarishga xizmat qiladi:
- talabalar va oʻqituvchilarning mobilligini, yaʼni bir oliy taʼlim muassasasidan boshqa OTMga toʻsiqlarsiz, erkin ravishda oʻtishini (oʻqishni yoki ishni koʻchirish)ni taʼminlaydi;
- talabaning tanlagan taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi boʻyicha barcha oʻquv va ilmiy faoliyati uchun akademik yuklama – kredit aniq hisoblab boriladi. Kredit yigʻindisi talabaning tanlagan dasturi boʻyicha nimani qancha oʻzlashtirganini namoyon etadi.
Fazilat Soib