XX asrni ixtiro qilgan kashfiyotchi – Nikola Tesla

Mashhur ixtirochi hayotida xonavayron boʻlib, kuniga 2 dollar evaziga ariq qazishga ham majbur boʻlgan. 

Maqola
6-dekabr 2023 yil
XX asrni ixtiro qilgan kashfiyotchi – Nikola Tesla

Tesla soʻzini eshitganda Ilon Mask kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mashhur elektr avtomobillari koʻz oldimizga keladi. Biroq bu brendga nom bergan shaxs ham mashhurlikda undan qolishmaydi.

Nikola Tesla (1856-1943) – serbiyalik taniqli ixtirochi, fizik, muhandis, yuzdan ortiq ixtirolar muallifi boʻlib, ularning aksariyati insoniyat hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi.

Agar Tesla ixtirolari boʻlmaganda ehtimol oʻzgaruvchan tok va uni uzatadigan elektr tarmoqlarini koʻrmasmidik. Bu elektrdan quvvat olib ishlaydigan barcha qurilmalar, hatto kompyuter ham ixtiro qilinmas edi.

Nikola Tesla oʻzgaruvchan tokda ishlaydigan qurilmalarni yaratish, shuningdek, efirning mavjudligi gʻoyasini izchil himoya qilishi tufayli boʻlgan. Aytgancha, magnit induksiya zichligini oʻlchash birligi ham ixtirochining nomi bilan (Tesla (Tl) ataladi.

Ibtido

Nikola Tesla 1856 yil 10 iyulda Xorvatiyaning Smilyan qishlogʻida (oʻsha paytda Avstriya-Vengriya hududi) tugʻilgan. Uning ota-onasi Milutin va Jorjina ilm-fandan uzoq insonlar boʻlishgan – otasi nasroniy ruhoniysi, onasi esa savodsiz uy bekasi edi.

Nikolaning otasiga yangi diniy daraja berilgach, besh farzanddan iborat katta oila Gospich shahriga koʻchib oʻtdi. Bu yerda yosh Nikola dastlab boshlangʻich maktabning uchta sinfini tugatdi va 1870 yilda haqiqiy gimnaziya sertifikatini oldi.

Nikola Karlovats shahrida joylashgan Oliy real maktabga (hozirgi Grats texnika universiteti)ga oʻqishga kirdi. Bu yerda Nikola Tesla elektrotexnika sohasi bilan qiziqib qoldi. U tez orada oʻzgarmas tok bilan ishlovchi texnik qurilmalar mukammal emasligini tushunib yetdi. Natijada professor J.Peshldan “gap eshitib” oldi. Professor butun kurs oldida elektr motorlarida oʻzgaruvchan tokdan foydalanish mumkin emasligi haqida namoyishkorona maʼruza qildi.

Mustaqil hayotning boshlanishi

Nikola Tesla otasining oʻlimidan soʻng Gospichdagi gimnaziyada dars bera boshladi, lekin bu ish unga unchalik yoqmadi. Teslani doim pul yetishmasligi qiynar edi. U amakilari Pavel va Petarning koʻmagi bilan Pragaga koʻchib oʻtdi va mahalliy universitetning falsafa fakultetiga oʻqishga kirdi. Ammo bu yerda ham surunkali pul yetishmovchiligi bois, birinchi semestrdan keyin Nikola Budapeshtdagi telegraf kompaniyasiga elektrotexnika muhandisi boʻlib ishga kirdi.

U kompaniyada telefon kommunikatsiyalarini yotqizish va telefon stansiyalarini qurish bilan shugʻullangan. 1882 yilda Tesla aylanuvchi magnit maydondan elektr motorida foydalanish imkoniyatini anglab yetdi, biroq telegraf kompaniyasidagi ish uning rejalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qildi. Bu esa intiluvchan olimni Tomas Edisonning “Kontinental” kompaniyasiga ishga oʻtishga majbur qildi.

Ayni paytning oʻzida u Parij va Strasburgda ham ishladi. Strasburgda mahalliy temir yoʻl stansiyasi uchun elektr stansiyasini qurishda ishtirok etdi. Aynan Strasburgda Tesla sinxronlashmagan elektr motor modelini ishlab chiqdi va uni shahar hokimiyati binosida sinab koʻrdi. Tesla elektr stansiyasidagi ishlarni tugatgandan soʻng, oʻziga tegishli 25000 AQSh dollari miqdoridagi bonusni kutgan holda Parijga qaytib keldi, lekin tez orada puldan umidini uzib, butunlay ishdan ketdi.

Edison bilan kelisha olmagan xodim

Nihoyat Teslaning “Kontinental” kompaniyasidagi hamkasblaridan biri C.Belchor uni AQShga borishga koʻndirdi va hatto Tomas Edisonga tavsiyanoma ham yozib berdi. 1884 yil iyun oyida olim Nyu-Yorkka keldi va Edison Machine Works kompaniyasiga elektr jihozlarini taʼmirlash boʻyicha muhandis sifatida ishga kirdi, shu bilan birga ixtirochilik faoliyatini davom ettirdi.

Nikola Tesla va Tomas Edison.

Teslaning katta ilmiy ishtiyoqi haqida bilgan va lekin uning gʻoyalariga haqiqatan ham ishonmagan Edison oʻz hamkasbiga oʻzgarmas elektr tokida ishlovchi mashinalarini takomillashtirish vazifasini topshirdi. Buning uchun oʻsha paytda aqlga sigʻmas mablagʻ – 50 ming dollar vaʼda qildi. Nikola bu ishga ishtiyoq bilan kirishdi va juda qisqa vaqt ichida mashinani optimallashtirishning 24 ta variantini hamda yangi regulyator va kalitni taqdim etdi. Tomas barcha ishlanmalarni maʼqulladi, lekin Teslaning ingliz tilini yomon bilishini va amerikacha hazilni tushunmasligini aytib, pulni bermadi. Bundan qattiq xafa boʻlgan ixtirochi kompaniyadan ketishga qaror qildi.

Orzular ushalmadi

Edisonni tark etgach, Tesla endi oʻz qarindoshlarining himoyasiga umid qilolmasligini yaxshi tushundi, lekin bu vaqtga kelib u yanada qimmatli narsaga – ilmiy doiralarda obroʻ va oʻz gʻoyalari toʻgʻriligiga ishonchga erishdi. 1885 yilning bahorida patent huquqi boʻyicha mashhur advokat L.Surrell bilan birgalikda bir xil yorugʻlik chiqaradigan yoy chiroqqa oid birinchi patent arizasini topshirdi. Shundan soʻng, birin-ketin qimmatli ixtirolar dunyo yuzini koʻra boshladi.

Keyinchalik u Nyu-Jersidagi ishbilarmonlar bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi, ular olimning loyihalarini moliyalashtirishga rozi boʻlishdi va unga pul berishdi. Ushbu mablagʻlar evaziga Tesla kompaniya tashkil etdi. Endi hayot yaxshilanayotganday tuyuldi. Biroq tadbirkorlar sodda Teslani aldab, unga bir qism aksiyalarni bergan holda kompaniyani tortib olishdi. Nikola xonavayron boʻldi va kuniga 2 dollar evaziga ariq qazish bilan shugʻullana boshladi.

Yorugʻ kunlar kelganida

Teslaning sabr-toqati taqdir tomonidan mukofotlandi va 1887 yilda Nikola hamkasblari yordamida «Tesla Electric Light & Manufacturing company»ni tashkil qildi. Bu kompaniya tezda Edison imperiyasining jiddiy raqobatchisiga aylandi. Matbuot bu qarama-qarshilikni "toklar urushi" deb atadi va "jang maydonida" Tesla koʻpincha gʻolib boʻldi.

Oʻzgarmas tok tarafdori boʻlgan olim, “kashfiyotlar qiroli” Tomas Edison oʻz davrida yirik fizik sifatida Teslani “sharmanda” qilishga, uning gʻoyalarini obroʻsizlantirishga koʻp bor uringan. Edison “oʻzgarmas tok – boʻlmagʻur narsa, uning kelajagi yoʻq”, deya koʻp bor taʼkidlagan. Hatto oʻzgaruvchan tokning xavfli ekanini isbotlash uchun hammaning koʻzi oʻngida bir itni oʻzgaruvchan tok urdirib oʻldirib, tom maʼnoda “qovurib” tashlagan.

Biroq Tesla oʻzgaruvchan tokning samaraliroq ekanini isbotlash urinishlarini toʻxtatmadi. U oʻzgaruvchan tok olish arzonga tushishini isbotladi. Nihoyat 1888 yilda Tesla Amerika elektrotexnika muhandislari institutida oʻzgaruvchan tok generatori haqida maʼruza oʻqidi va millioner Jorj Vestinxaus darhol bu ixtironi sotib olish uchun 1 million dollar taklif qildi. Natijada, u koʻp fazali tokni uzatish va tarqatish texnologiyalari uchun bir necha patentlarni qoʻlga kiritdi va bu gʻoyalarni Niagara sharsharasida gidroelektrostansiya qurish uchun ishlatdi.

 Niagara sharsharasi yaqinida oʻrnatilgan Tesla yodgorligi.

Tesla Edisonga kelajak haqidagi soʻzlariga javoban jurnalistlarga bergan intervyusida shunday degan edi: “Men endi hozirgi zamon uchun emas, kelajak uchun mehnat qilyapman. Kelajak menga tegishli”.

Tesla to 1895 yilgacha oʻz laboratoriyasida magnit maydonlari va yuqori chastotalar nazariyasi boʻyicha faol ishladi. Natijada, koʻplab patentlar, jumladan, yuqori va oʻta yuqori chastotali elektr generatorlari, toʻlqinli radio uzatgich hamda rezonans transformatorlari kabi ixtirolari uchun patent oldi.

Biroq Tesla ilmiy dunyoni hayratga qoldirishdan toʻxtamas edi. 1892 yilda u Buyuk Britaniya qirollik akademiyasida nutq soʻzlab, qoʻlida yonib turgan elektr chirogʻi bilan yigʻilganlarni hayratda qoldirdi. Eng qizigʻi, bu chiroqlar tokka ulanmagan edi. Bu ixtirosi uchun Teslani Maykl Faradeyning faxrli kursisiga oʻtqazishdi. Radiotoʻlqinlar nazariyasi ustida ishlayotgan Tesla "teleavtomatik" – masofadan boshqariladigan oʻziyurar qurilmani oʻylab topdi.

Tesla qoʻlida yonayotgan chirogʻi bilan.

1895 yil may oyida Tesla laboratoriyasida yongʻin sodir boʻlib, allaqachon yaratilgan ishlanmalar va soʻnggi loyihalar, shu jumladan, masofadan xabar uzatish usuli va mexanik otsillyator yonib ketdi. Keyinchalik bu yongʻin roʻy berishida raqobatchilarning, hatto Tomas Edisonning ham qoʻli borligi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Biroq gigantlar oʻrtasidagi kurash 2007 yilda – Nyu York shahar elektr tarmoqlari butunlay oʻzgaruvchan tokka oʻtganida Nikola Teslaning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Maʼlumotlarni masofadan uzatish

Tesla fenomenal xotiraga ega olim edi. U oʻz yozuvlarini tikladi va tadqiqotlarini davom ettirdi. Bu orada “Niagara sharsharalari” kompaniyasi yangi laboratoriya yaratish uchun unga 100 ming dollar berdi. Natija uzoq kuttirmadi – 1896 yilda olim 48 km.dan ortiq masofaga simlar yordamisiz signal uzatishga muvaffaq boʻldi.

1899 yilda elektr kompaniyasining taklifiga binoan Tesla Kolorado Springsda chaqmoqlarni oʻrganish boʻyicha laboratoriya yaratdi. Bu yerda oʻtkazilgan tajribalar yordamida Yer sayyorasida quvvat manbalari koʻpligiga va barqaror elektromagniti mavjudligini isbotlashga erishdi.

Keyinchalik ixtirochi Nyu-Yorkka qaytib keldi va maʼlumotlar va elektr quvvatini sayyoramizning istalgan nuqtasiga masofadan uzatish uchun stansiya qurishga qaror qildi. Buning uchun u Long-Aylendda kichik bir yer uchastkasini sotib oldi, meʼmor V.Groy esa yogʻoch minora loyihasini yaratdi.

Nihoyat 1902 yilda 47 metr balandlikdagi Vardenkliff deb nomlangan mazkur inshoot qurib bitkazildi. Ammo uning umri qisqa boʻldi. Chunki ushbu loyihani moliyalashtirib turgan tadbirkor D.Morgan pul berishni toʻxtatdi.

“Uzoq masofaga havodan elektr uzatish” minorasi.

Biroq olim bu bilan toʻxtab qolmadi va keyingi yillarda ham koʻplab tajribalar oʻtkazib, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishda davom etdi. Minora 1901 yildan 1917 yilgacha mavjud boʻlgan.

Teslaning "maxfiy" ixtirolari

Biroq Teslani mashhur qilgan faqat shu minora emasdi – u boshqa ixtirolar ustida ham ishlashni toʻxtatmadi. XX asr boshlarida Nikola elektr hisoblagich va chastota oʻlchagichni yaratdi, bugʻ turbinalarini takomillashtirdi. Lokomotiv, samolyot, avtomobil va stanokni ishlab chiqishga rahbarlik qildi.

Ayrim fikrlarga koʻra, Tesla AQShda Edison qoʻli ostida ishlaganida, Edison uning koʻplab gʻoyalarini oʻzlashtirib, oʻz nomidan eʼlon qilgan emish. Biroq Teslaning oʻzi bu haqda hech narsa demagan. “Mening gʻoyalarimni oʻgʻirlashganidan xavotir olmayman. Ularning oʻz gʻoyalari yoʻqligi koʻproq meni bezovta qiladi”, degan edi Nikola Tesla oʻz intervyularidan birida.

Nikola Teslaning "parvoz apparati"

Tesla davriga kelib, samolyot va vertolyotlar konsepsiyasi mavjud edi. Ilk prototiplar ham qoʻllab koʻrilgan edi. Biroq Teslaning fikricha, kelajakda uchish apparatlari mutlaqo boshqacha qiyofada boʻladi. “Bular mutlaqo yangi tamoyillar boʻyicha – gaz ballonlari, qanotlari va parraklarsiz samolyotlar boʻladi. Ular ob-havo, havo “chuqur”lari va havo oqimidan qatʼi nazar, istalgan yoʻnalishda juda yuqori tezlikda harakat qilishadi”, degan edi Nikola Tesla.

Tesla tasavvuridagi kelajak parvoz apparati. 

Tanganing ikkinchi tomoni

Afsuski, buyuk olim laboratoriyasida katta vayronkorlik kuchiga ega qurollar yaratilgani haqida ham taxminlar mavjud. Tesla oʻlimidan sal avval 10 ming samolyotni yoʻq qila oladigan aql bovar qilmaydigan energiyani masofadan uzatishga qodir "oʻlim nuri"ni yaratgani haqida maʼlum qildi.

1931 yilda esa u tajriba oʻtkazilgan bir hafta davomida qayta quvvatlanmasdan harakatlanadigan, oʻzgaruvchan tok dvigateliga ega elektr avtomobilini ommaga namoyish etdi. Teslaning soʻzlariga koʻra, mashina 150 km/soatgacha tezlikka erishishi mumkin boʻlgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Teslaning nur qurollari haqidagi gʻoyasi yana qayta koʻrib chiqila boshladi. Uning loyihalarining nusxalari Ohayo shtatidagi Patterson harbiy havo kuchlari bazasiga joʻnatildi. Ishga "Nik loyiha”si degan maxfiy nom berildi. Biroq tajribalar nima bilan tugagani hamon sirligicha qolmoqda.

1952 yilda Tesladan meros qolgan daftarlar va chizmalar uning jiyani Savaga berildi, endi kommunistlar qoʻliga oʻtgan Belgrad shahriga olib ketildi va muzeyga qoʻyildi. Gʻarb jurnalistlariga bu muzeyga kirish ruxsat berilmadi. Biroq sovet olimlari bu daftar va chizmalardan nusxalar olishdi. Taʼkidlash kerak, Xrushchevning 1960 yilda “SSSR yana fantastik qurollarni yaratishga qodir” deya bayonot bergani, sovetlarning Tesladan meros qolgan qandaydir ishlanmalardan foydalanishga uringaniga ishora boʻlishi mumkin.

AQShda esa Teslaning “Nur quroli” gʻoyasi ustida ilmiy tadqiqotlar davom ettirildi. 1958 yilda "Sise" yoki “Koʻrinmas arra” deb nomlangan dastur ishga tushirildi. 10 yillik tadqiqotlar uchun jami 20 million dollar sarf etildi. Biroq tadqiqotlar kutilgan samara bermadi. Aftidan loyiha ustida ishlayotgan olimlar Teslaning koʻzqarashi haqida zarur tasavvurga ega boʻlishmagan.

Intiho

Oʻlimidan sal oldin Nikola Teslani mashina urib yubordi va qovurgʻalari sindi. Asorat tufayli oʻpkada zotiljam boshlandi. U mehmonxonada yolgʻiz yashagan, hech kimga oldiga kirishiga ruxsat bermagan. Shu tariqa olim 1943 yil 8 yanvarga oʻtar kechasi yurak yetishmovchiligidan – trombozdan vafot etgan. Teslaning jasadini 2 kun oʻtgach topishgan.

1943 yil 10 yanvarda Nyu-York meri ajoyib olim sharafiga maqtov maʼruzasini va 12 yanvarda uning jasadi yoqilgach, xoki 2000 kishi ishtirokida, orkestr ijro etgan Ave Mariya kuyi ostida tantanali dafn etildi.

Biroq butun hayotini tabiat sirlarini ochishga bagʻishlagan, oʻzidan koʻplab sirli loyihalar qoldirgan olimning oʻlimi ham sir-sinoatlarga boy. Masalan, nega uning jasadi kuydirilgan? Chunki olim bunday vasiyat qilmagan yoki uning qarindoshlari ham bunday qarorga kelmagan. 

Yana bir sirli jihati shuki, Teslaning jasadi mehmonxonadan olib ketilganidan keyin AQSh Federal qidruv byurosi xodimlari uning barcha yozuvlarini olib ketishgan.

Teslaning ilmiy merosi

Tesladan olimlar tan olgan va hozir ham insoniyatga xizmat qilayotgan koʻplab ixtirolar qoldi. Ulardan ayrimlari quyidagilardir:

  • yuqori chastotada ishlovchi elektromexanik generator hamda yuqori chastotali elektrotransformatorni yaratdi;
  • elektr xavfsizligi qoidalarini ishlab chiqdi (Tesla elektr bilan ishlash davomida ularni oʻzida sinab koʻrgan);
  • uning yuqori chastotali tok bilan oʻtkazgan tajribalari elektroterapeya va tibbiy tadqiqotlar uchun asos boʻldi;
  • aylanadigan magnit maydoni hodisani ilmiy jihatdan tasvirlab berdi;
  • koʻp fazali elektr mashinalariga patentlar oldi, ular keyinchalik gidroelektrostansiyalari yaratish uchun xizmat qildi;
  • dastlabki toʻlqinda ishlovchi radio yaratdi;
  • radioaloqa tamoyillarini chuqur oʻrgandi;
  • «Tesli gʻaltagi » – chaqmoqlar generatorini yaratdi;
  • “simsiz quvvatlash” tamoyillarini ishlab chiqdi (faqat 2010 yillarga kelib u kundalik hayotimizga koʻchdi);
  • elektr avtomobillari va akkmulyatorlari gʻoyalarini takomillashtirdi;
  • suvosti kemalarini radiotoʻlqin yordamida aniqlash tamoyillarini ishlab chiqdi (bu gʻoyalar asosida keyinchalik radiolokatsiya tizimlari yaratildi).

Koʻpgina isteʼdodli odamlar singari Nikola Tesla ham “gʻalati” xulq-atvori – yovvoyiligi va biroz qoʻpolligi bilan tanilgan edi. Ammo u metafizikani va tabiat qonunlarini aql bovar qilmaydigan darajada tushuna olardi. Buning natijasi oʻlaroq u butun insoniyat taraqqiyotini tezlashtirgan yorqin kashfiyotlar qildi.

Nikola Tesla oʻlimidan bir necha kun avval.

Teslaning raqibi Tomas Edison minglab ixtirolari bilan tarixda qolgan. Elektr chirogʻi, kinoproyektor apparati, tovush yozish qurilmasi – fonograf, elektr tokini uzatish tarmoqlari Edison sharofati bilan insoniyat yutuqlariga aylandi. Hatto Edison ham 1920 yillarda “Boʻldi, biz inson uchun kerakli hamma narsani ixtiro qilib boʻldik. Bundan keyin yirik kashfiyotlar boʻlmaydi”, deb aytgan ekan. Biroq Edisondan keyin insoniyatning eng buyuk ixtirolari – kompyuter, axborot texnologiyalari, sunʼiy aql, robotlar va boshqa koʻplab yirik va oʻta muhim ixtirolar yuzaga chiqdi.

Biroq Tesla hech qachon bunday fikrda boʻlmagan. Quyidagi jumlalar ham Teslaga tegishli: “Inson mavjudligining buyuk sirlari hali ochilmagan; hatto oʻlim ham intiho boʻlmasligi mumkin”.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+